14 yil avval bashorat qilingan ofat: milliardlab odamlar kasallik yuqtiradi, 165 million atrofida oʻlim qayd etiladi...

    Salomatlik 13 Iyul 2020 5070

    Hali 2006-yildayoq bugungi koronavirus pandemiyasining sodir boʻlishi haqida ogohlantirgan amerikalik epidemiolog olim Larri Brilliant hozirgi kasallik xuruji u kuzatgan epidemiyalar orasida eng xatarlisi ekanligini aytmoqda.

    “Biz kasallikni yengishimiz mumkin, biroq buning uchun koʻp ishlarni qilishimiz lozim. Bu bizni sinovdan oʻtkazadigan oʻta murakkab davr boʻladi”, deydi u.

    Oʻtgan asrning oxirlarida chechak kasalligini yengib chiqishda boshchilik qilgan bu shifokor kelajakda yana nimalar boʻlishi haqidagi oʻz fikrlarini bildirdi.

    Larri Brilliantning aytishicha, unda bashoratgoʻylik qilish daʼvosi yoʻq. Ammo u bundan 14 yil avval TED (noyob gʻoyalar konferensiyasi) majlisida soʻzga chiqib, boʻlgʻusi pandemiyaning qay shaklda boʻlishi toʻgʻrisida maʼruza qilgan va uning fikrlarini koʻpchilik “ortiqcha vahima”, deya baholagan edi. U oʻshanda quyidagilarni aytgandi:

    «Milliardlab odamlar kasallik yuqtiradi, 165 million atrofidagi odam oʻladi, 1-3 trillion dollar zarar oqibatida iqtisodiy inqiroz va tanazzul yuzaga keladi. Bu esa halok boʻlgan millionlab odamlarning fojiasiga qaraganda ogʻirroq boʻladi. Chunki shunchalik koʻp odam ham ishidan, ham davolanishdan mahrum boʻladiki, buning oqibatlarini tasavvur qilish qiyin».

    Mana, bugun oʻsha xayolga sigʻdirib boʻlmaydigan voqea yuz berdi. Shu bois “Pandemiyani toʻxtatamiz!” tashkiloti kengashi raisi Brilliant bu boradagi oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashmoqchi.

    Insoniyat hali yuz millionlab oʻlimlarni boshdan kechirmagan boʻlsada, yangi koronavirus allaqachon dunyoning oyogʻini osmondan qilishga ulgurdi. Bunda Brilliant: «Ana, men aytmabmidim?!» deya oʻzini koʻrsatish fikridan yiroq. Biroq shunisi aniqki, nafaqat minbar va matbuot orqali, balki bugungi kunda uyda majburan oʻtirganlar oʻrtasida yana-da ommalashib borayotgan “Maraz” («Zarajeniye») filmining bosh texnik konsultanti sifatida ham u yaqinlashib kelayotgan ana shu balo-qazo haqida odamlarni ogohlantirgan edi. Chechak kasalligini yoʻqotishda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotiga yaqindan yordam bergan 75 yoshli bu shifokor bir vaqtlar gripp, qoqshol va yuqumli kasalliklar oqibatida koʻr boʻlib qolishga ham qarshi kurashgandi.

    Biz u bilan Donald Trampning kasallik haqidagi: “Tashvishlanishga hojat yoʻq”, degan fikridan qaytib, pandemiya xurujini tiyish haqida koʻrsatma bergan kunlar, yaʼni 17-mart kuni telefon orqali bogʻlandik.

    Suhbatni boshlaganimizda, Brilliant yuqori martabali hukumat mulozimi bilan telefon orqali suhbatlashdi. U kishi Brilliantdan: “Bizga bu kasallik qanday yopishib qoldi”, deya soʻrabdi.

    – Men esa bu kasallikdan qanday qutulish yoʻlini soʻraydi, deb kutgan edim, - deydi shifokor (suhbat tahrirlangan va qisqartirilgan shaklda berilmoqda).

    – 2006-yilda TED anjumanidagi maʼruzangiz paytida men zalda oʻtirgan edim. Siz oʻshanda masʼullardan: “Menga pandemiyani toʻxtatishga yordam beringlar”, deb soʻragandingiz. Shu iltimosingiz bajarildimi?

    – Yoʻq. Lekin men oʻshanda aytgan tizimlar keyinchalik yaratildi va hozirda foydalanilmoqda. Bunda shunisi ajoyibki, biz shu bahonada “Maraz” filmini suratga olgandik.

    – Endi hammamiz uni qiziqib tomosha qilyapmiz.

    – Koʻpchilik “Maraz”ni bashorat film, deya atashmoqda. Buning sababi shundaki, biz uni ilmiy dalillar asosida suratga olganmiz. Soʻnggi 10-15 yil ichida butun epidemiologik hamjamiyat aholini bunday pandemiyaning sodir boʻlishiga shubha yoʻqligi haqida ogohlantirib keldi. Savol faqat uning qachon boshlanishida edi. Odamlarni bunga ishontirish juda qiyin boʻldi. Masalan, prezident Tramp AQSH milliy xavfsizlik kengashidagi admiral Simerni ishdan boʻshatdi. Holbuki, u pandemiyadan himoya qilish uchun masʼul boʻlgan yuqori darajadagi yagona odam edi. U bilan birga uning qoʻl ostidagi barcha xodimlar va aloqador shaxslar ham ketishdi. Keyin Tramp boshqa mamlakatlardagi avvaldan ogohlantirish tizimini moliyalashtirishni toʻxtatdi.

    – Sizni bu mutlaqo yangi virus boʻlishi mumkinligi haqida taʼkidlaganingizni eshitdim.

    – Toʻgʻri, biroq - bu ixtiro qilingan virus, degani emas. Chunki u adabiy yoki huquqiy toʻqima hikoya emas.

    – Afsus.

    – Haqiqatan ham bu yangi virus. Shuning uchun hali dunyodagi biror kishida unga qarshi immunitet shakllangan emas. Bu esa ushbu kasallik dunyodagi 7,8 milliard odamga yuqishi mumkinligini anglatadi.

    – U yangi boʻlganligi uchun ham kishida bir qancha savollar paydo boʻladi. Aytaylik, ushbu virus bilan ogʻrigan bemorda keyinchalik unga nisbatan immunitet paydo boʻladimi?

    – Virus yangi boʻlsa ham, bunga toʻsiq boʻladigan biror omilni koʻrmayapman. Baʼzi kishilarda kasallik qaytalanayotgani haqidagi gaplarga kelsak, bu qayta ogʻrish emas, balki tekshiruvlar noaniqligi, deb oʻylayman. Million, milliard odamlar ogʻrib oʻtganlaridan soʻng virus yana yuqishi mumkinmi, degan savolga ijobiy javob berish mumkin. Ammo oʻshanda bu holat sogʻliqni saqlash va epidemiologiya uchun bugungidek katta muammo kasb etmaydi.

    – Siz kuzatgan kasalliklar xuruji orasida bu eng yomonimi?

    – Bu – mening hayotimda kuzatganim oʻta xavfli pandemiya.

    – Hozir odamlardan uyda oʻtirish, bir-biriga yaqinlashmaslik, bir joyga toʻplanmaslikni talab qilishmoqda. Bu ortiqcha ehtiyotkorlik emasmi?

    – Mening oʻzim ham Kaliforniyaning Marin okrugida karantinda oʻtiribman. Biz epidemiyaning dastlabki oʻn ikki haftasida prezidentdan nuqul ijobiy tavsiyalar eshitdik. Bu qattol virusni avval feyk, yaʼni demokratlarning toʻqigan yolgʻoni, deya taqdim qilishdi. Baʼzi fuqarolarimiz haliyam bu gaplarga ishonib yurishibdi. Men sogʻliqni saqlash vakili sifatida saylab qoʻyilgan amaldorning bunday masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyganini birinchi marta koʻrib turibman. Bu borada uning keyingi koʻrsatmalarini toʻgʻri, deb hisoblayman. Haqiqatan ham oʻquv muassasalarini yopish, har xil tadbirlarni toʻxtatish kerak. Bu choralar bizni toʻliq muhofaza qila oladimi? Dunyoni tamoman xavfsiz qila oladimi? Albatta, yoʻq. Biz bu bilan kasallik yuqish surʼatlarini sekinlashtirib, vaqtdan yutishimiz mumkin, xolos.

    – Zarbasini yumshatish maʼnosidami...

    – Uni sekinlashtirib yoki vaqtni choʻzib, bemorlar sonini albatta, kamaytira olmaymiz. Ammo kelajakda kasallanajak odamlarga vaksina yaratish uchun vaqtdan yutamiz. Bu uchun bir-bir yarim yillar zarur boʻladi. Epidemiologlarning bu maqsadga erishuvlariga ishonaman.

    – Bu nimani anglatadi?

    – Birinchidan, ogʻrib oʻtgan kishilarda kasallikka nisbatan immunitet paydo boʻladi. Ikkinchidan, u paytga qadar vaksina yaratiladi. Bularning uygʻunlashuvi 70-80 foiz aholida “jamoaviy immunitet” paydo qiladi. Men COVID-19 ni nafaqat davolaydigan, balki uning oldini oladigan preparat yaratilishidan umid qilayapman. Hozircha mening gaplarim asoslanmagandek tuyulishi mumkin. Shu bois koʻpchilik bunga ishonmaydi. Mana, deylik SPID kasalligini davolab boʻlmaydi deb, bemorga oʻlim hukmi oʻqilar edi. Keyinchalik shu narsa maʼlum boʻldiki, antivirus preparatlarning baʼzilari ushbu kasallikning oldini olish xususiyatiga ega ekan.

    – Shunday qilib, qachon uydan chiqib, ishga qaytishimiz mumkin boʻladi?

    – Quyidagi uch ishni amalga oshirmasdan turib, biz odatiy dunyomizga qayta olmaymiz. Birinchidan, kasallik koʻlami haqida toʻla maʼlumotga ega boʻlmogʻimiz lozim. Ikkinchidan, uni davolash uchun vaksina yoki preparat yaratishimiz kerak. Uchinchidan, eng muhimi: koronavirus bilan ogʻriganlarning barchasida immunitet hosil boʻlganligiga, ulardan qayta kasallik tarqalmasligiga qatʼiy ishonch hosil qilmogʻimiz darkor. Bu haqda ularga sogʻliqlari haqida guvohnoma beriladimi yoki muhr bilan tasdiqlangan maʼlumotnomami, nima boʻlganda ham, oʻqituvchilar, vrachlar, hamshiralar, politsiyachilar, oʻt oʻchiruvchilar va boshqalarning sogʻlom ekanliklariga toʻliq ishonch hosil qilishimiz kerak boʻladi. Ana shundagina bolalarimizni maktabga yuborishimiz mumkin. Yuqoridagi uch shart bajarilgan holdagina biz oʻzimizni tamoman bexavotir seza olamiz.

    – Ushbu vaziyatning biror-bir yaxshilik tomoni ham bormi?

    – Men olim boʻlishim bilan birga xudojoʻy odamman va kasallikni oʻrganish davomida biz ilohiy bir kuchning ezgu madadiga umid qilib ishlaymiz. Mana, qarang, garchand koʻchalarimiz huvillab qolgan boʻlsada, kishilarimizning ijtimoiy hamkorligi kutganimdan ham koʻra ziyoda. Men yoshlarning keksalarga gʻamxoʻrliklari ortganini koʻrayapman, kasalxonalardagi shifokorlarimizning har qachongidan ham fidoyiliklariga guvoh boʻlmoqdaman. Ular hech narsadan qoʻrqmasdan, maraz virusga qarshi kurashmoqda. Men hech qachon bu miqyosdagi volontyorlik (hojatbarorlik)ni kuzatmagan edim. Ammo ularni bugungi yuzaga kelgan ogʻir vaziyat shunga majbur qilyapti, degan fikrdan ham yiroqman. Nima boʻlganda ham bugungi murakkab davr hammamizni sinovdan oʻtkazmoqda. Biz ushbu muammoni bartaraf etsak, xuddi Ikkinchi jahon urushi mamlakatimizdagi siyosiy farqlarni bir chekkaga surib, hammamizni birlashtirganini yodimizga soladi, deb oʻylayman. Bu virus teng huquqlikni daʼvo qilmoqda. U barchani kimligidan qatʼi nazar, ajratmasdan oʻz komiga olmoqda. Shu bois bizlar ham oramizdagi farqlarni bir chekkaga surib qoʻyib, oʻzimizni yana-da tuzatib, bir-birimizni teng koʻrishimiz sari eng oqilona yoʻlga tushib olishimiz lozim.

    Stiven LEVI suhbatlashdi.

    Rus tilidan Xudoyberdi KOMILOV tarjimasi.