Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, ziyoratchilar Toshkent, Namangan, Fargʻona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri uchib boradi.

Hojilarni Madinaga yetkazish Saudiya Arabistonining FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi, ularni Oʻzbekistonga qaytarish esa Uzbekistan Airways zimmasiga yuklatilgan.

Ayni paytda haj tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda. Jumladan, ziyoratchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, meningitga qarshi emlandi, haj vizalari va barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Shuningdek, har bir guruhga rahbarlar biriktirilib, safar oldi mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.

Ziyoratchilar uchun maxsus toʻplamlar ham tayyorlangan boʻlib, ularga qoʻllanma, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta va quvvatlagich taqdim etilmoqda.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistonida boʻlib turgan ishchi guruhlar mehmonxonalar hamda Mino va Arofot hududlarida hojilar uchun munosib sharoitlarni yaratish ustida ish olib bormoqda.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Haj amallari boʻyicha tushuntirishlar va tavsiyalarni oʻzining rasmiy axborot manbalari orqali eʼlon qilib bormoqda.