Erondagi yirik xalqaro ko‘rgazmada turizm salohiyatimiz namoyish etildi

    Turizm 14 Fevral 2024 1621

    Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 17-Tehron xalqaro turizm va tegishli sanoat ko‘rgazmasining (TITE-2024) ochilish marosimida qatnashdi.

    Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida YuNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili nutq so‘zladi. U 2023-yil 16-20-oktyabr kunlari go‘zal Samarqand shahrida o‘tkazilgan tashkilot Bosh assambleyasining 25-sessiyasi yuqori darajada o‘tganini, ushbu sessiya doirasida Eronning Kandovan shahri turizm qishloqlari ro‘yxatidan joy olganini ta’kidladi.

    Turizm qo‘mitasi va mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Tehron xalqaro ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston milliy stendi tashkil etildi.

    Milliy pavilonda mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva singari qadimiy shaharlarimizdagi tarixiy yodgorliklar va sayyohlarga yaratib berilgan qulay shart-sharoitlar namoyish etilyapti.

    Mehmonlarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda sayyohlar oqimining tobora ko‘payib borayotgani, O‘zbekistonning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib to‘rt faslni qamrab olgan turizm yo‘nalishlari, yangi qurilayotgan mehmonxona va boshqa infratuzilma ob’ektlari haqida ham batafsil ma’lumotlar taqdim qilinyapti, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

    «TITE-2024» ko‘rgazmasi 15-fevralgacha davom etadi.