200 ga yaqin tadbirkor davlat ro'yxatidan qayta o'tkazildi

    Biznes 11 May 2020 998

    Karantin holati biroz erkinlashayotgani tufayli mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlariga asta-sekin “qon yugirmoqda”.

    Davlat xizmatlari agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, oxirgi ikki-uch kunda 200 ga yaqin tadbirkor qayta davlat ro'yxatidan o'tib, o'z faoliyatini boshladi.

    Viloyatda 154 mingga yaqin tadbirkor davlat ro'yxatidan o'tgan bo'lib, ularning aksariyati karantin sababli faoliyatini vaqtinchalik to'xtatishga qaror qilgandi. YAna ayrimlari masofadan turib ishlashga o'tgandi.

    Bugungi kunda viloyatdagi ko'plab korxonalar faoliyati tiklanmoqda.

    Olmaliq shahridagi sobiq “CHevar tekstil`” korxonasi o'rnida ish boshlagan “Elegant garment textile” mas'uliyati cheklangan jamiyati ham faoliyat ko'rsata boshladi. Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan korxonada hozir 400 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Joriy yil sentyabr` oyida esa ish o'rinlari sonini 1 ming 200 taga etkazish ko'zda tutilyapti.

    Quyichirchiq tumanida faoliyatini boshlagan “Umid biziness gardens” mas'uliyati cheklangan jamiyati bog'dorchilikka ixtisoslashgan. 30 million so'm boshlang'ich ustav fondiga ega bo'lgan ushbu korxona yaqinda Davlat xizmatlari markazining viloyat boshqarmasida davlat ro'yxatidan o'tib yuridik maqomga ega bo'ldi. Natijada 6 ta yangi ish o'rni yaratildi. Bu erda kelgusida meva-sabzavotlarni qayta ishlash va qadoqlash, eksport qilish rejalashtirilgan.

    Ohangaron shahrida yaqinda “Flour-International” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Korxonada non va makaron mahsulotlari ishlab chiqarish mo'ljallangan bo'lib, tez orada ohangaronlik 100 nafar yosh doimiy ish joyiga ega bo'ladi.

    — Radioelektr jihozlari, maishiy texnika, ofis mashinalari va hisoblash texnikalarini ta'mirlash bilan shug'ullanamiz, — deydi bo'kalik tadbirkor Hojiakabar Botirov. — Karantin sabab faoliyatimizni vaqtincha to'xtatib turishga ariza bergan edik. Vaziyat barqarorlashayotgani bois Davlat xizmatlari markazi orqali o'z faoliyatimizni qayta tikladik.

    Davlat xizmatlari agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi mutaxassislari ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning birinchi choragida fuqarolarga 200 mingdan ortiq davlat xizmati ko'rsatilgan. SHundan ham ko'rish mumkinki, aholining davlat xizmatlariga bo'lgan ehtiyoji ortib bormoqda.

    — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yo'nalishi moslashuvchan bo'lib, faoliyatini tez o'zgartirishi mumkin, — deydi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari Bekzod Qobulov. — Toshkent viloyatida tadbirkorlik sohasida xo'jalik yurituvchi mavjud 40 407 ta sub'ektning aksariyati karatin tufayli ishlamayotgandi. Ammo bugungi kunda ularning ko'pchiligi faoliyatini tikladi va ish yuritayotganlari soni 28 809 taga etdi. Ular sanoat, qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona xo'jaligi, logistika, axborot va aloqa, ijtimoiy xizmatlar kabi sohalarda faoliyat ko'rsatmoqda.

    Tadbirkorlik sub'ektlarining asta-sekin o'z faoliyatini tiklayotgani yurtimizda ishbilarmonlik muhiti tobora jonlayotganidan darakdir.

    Abror UMARQULOV,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri