Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan o'zbekistonlik tadqiqotchi olimlarning bilim va ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan bepul “English for Science” akademik ingliz tili dasturining ikkinchi mavsumi ochilishi munosabati bilan press-konferentsiya o'tkazildi.

Matbuot anjumanida Ilmiy-texnik axborot markazi direktori o'rinbosari Farrux Aminov, iqtisodchi-olim, eng ko'p iqtibos keltiriladigan ilmiy maqolalar mualliflaridan biri Rauf Salaxojaev, Ilmiy-texnik axborot markazining ilmiy nashrlar va jurnallarni qo'llab-quvvatlash bo'limi etakchi mutaxassisi Nurullaxon Nazrullaev ishtirok etdi.

– Kurslarda olingan bilimlarni amalda qo'llash tinglovchilarning o'ziga ham bog'liq, – dedi Rauf Saloxojaev. – Men ingliz tilida maqola yozmoqchi bo'lgan tadqiqotchilarga nufuzli xalqaro ilmiy jurnallardagi o'z sohalariga doir maqolalarni ko'proq o'qishni, ularni kuzatishni va tegishli xulosalar chiqarishni maslahat beraman.

Ushbu loyiha vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi, FANUR Education o'quv markazi hamda Britaniya kengashining yurtimizdagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Mazkur dasturning birinchi mavsumi 2020 yili 13 oktyabrda boshlanib, 24 nafar tinglovchi test va suhbat ko'rinishida saralab olingandi. Uch oylik kurslarda ishtirok etgan tinglovchilar hozir xalqaro konferentsiyalarda faol qatnashmoqda. Scopus ma'lumotlar bazasida maqolalarini chop etishga muvaffaq bo'lyapti.

– O'quv kurslarini o'tish metodlari asosida maxsus o'qitish dasturi ishlab chiqildi, – dedi Nurullaxon Narzullaev. – Dasturning o'ziga xosligi shundaki, u qolipga tushirilgan eski o'qitish usullaridan butunlay farq qiladi. Biz dasturni aynan Evropa va AQSH standartiga xos bo'lgan ARA (American Psychological Association) va CMC (Chicago Manual Style) asosida tuzishga harakat qildik. ARA uslubi, AQSH psixologiya assotsiatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, ijtimoiy fanlar akademik ish yuritishning keng tarqalgan shakli hisoblanadi. Ushbu uslub maqolani shakllantirish bo'yicha ko'rsatmalar, shuningdek, iqtiboslar, izohlar, jadvallar, maqola shriftini va tuzilishini loyihalash bo'yicha ko'rsatmalarni o'z ichiga oladi. Dastur ilmiy maqola yozish, uning strukturasi, qanday terminologiya (terminlar asosida) bo'lishi haqidagi yo'nalishlarni qamrab oladi.

Loyihaning ikkinchi mavsumi uchun Toshkent shahridagi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlaridan 1167 ta murojaat kelib tushdi. Tanlov jarayoni uch bosqichdan iborat bo'lib, 636 nafar nomzod onlayn so'rovnoma natijasida tavsiya etildi. Ikkinchi bosqich telefon orqali ingliz tilida suhbat bo'lib,  240 nafar nomzod keyingi bosqichga o'tdi. So'nggi bosqichda ishtirokchilar ilmiy tadqiqotlar bo'yicha taqdimotlarini himoya qilishdi. Mazkur tanlovdan so'ng 200 nafar ishtirokchi “English for Science” kurslariga muvaffaqiyatli qabul qilindi. Ishtirokchilar 9 oy davomida akademik ingliz tili yo'nalishida o'qitiladi.

Ushbu loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad o'zbek olimlarining Springer, Wiley va boshqa xalqaro ma'lumotlar bazalaridan unumli foydalanishini ta'minlash, nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish salmog'ini oshirishdir. Mazkur kurslarda olimlarga o'z ilmiy maqolalarini tayyorlash va xalqaro ilmiy jurnallarda nashr etish uchun akademik ingliz tili o'rgatiladi. SHuningdek, loyiha davomida olimlarning o'z tadqiqotlari uchun xorijiy moliyalashtirish manbalari – grantlarni qo'lga kiritish va natijalarni tijoratlashtirish bo'yicha ko'nikmalari rivojlantiriladi.

Press-konferentsiyada Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova mazkur darslar vazirlikning Youtube kanaliga joylab borilishini ma'lum qildi.