«1991-yildan 2007-yilga qadar respublikamizda jami 482 nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilingan boʻlsa, 2007-yildan 2016-yilning dekabr oyiga qadar bunday shaxslarga umuman fuqarolik berilmagan.
2016-yil dekabr oyidan 2021-yil may oyiga qadar Prezidentning 87 ta farmoni asosida 22 269 nafar shaxs mamlakatimiz fuqaroligiga qabul qilingan.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabrdagi Murojaatnomasida qator masalalar bilan birga, fuqarolikning yoʻqligi teng huquqlilik, ijtimoiy adolat tamoyillarining buzilishiga, qator ijtimoiy muammolarga olib kelishi qayd etilib, respublikamizda fuqarosizlikni qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tub islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida
— 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston hududida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan, shuningdek Oʻzbekiston hududida uzluksiz 15 yil davomida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turib, fuqaroligi boʻlmagan shaxs yashash guvohnomasi yoki identifikatsiya ID-kartasi asosida yashab turgan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston fuqarosi deb tan olish taklif etildi.
Shunga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishga oid yangi Qonun (2021-yilning 14-iyundagi OʻRQ–696-son) qabul qilindi».