Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi tuzilma sifatida tashkil etilyapti

    Xalqaro hamkorlik 15 Noyabr 2022 1883

    Joriy yil 15-noyabrda Toshkentda Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi boʻlib oʻtdi. Unda mintaqa davlatlaridan yuzdan ortiq fuqarolik jamiyati faollari, jamoat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik fikri yetakchilari ishtirok etdi.

    Forum ishtirokchilari Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyatini faollashtirishni mintaqani inklyuziv rivojlantirish omili sifatida muhokama etdi, shuningdek, oʻzaro hamkorlik jihatlarini koʻrib chiqdi.

    Qayd etilganidek, bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻn minglab jamoat (nodavlat) tashkilotlari faoliyat olib boradi, ular oʻz tarmoqlarida yuz minglab faollarni, koʻngillilarni, jamoatchilik fikri yetakchilarini birlashtiradi.

    Fuqarolik jamiyati darajasidagi oʻzaro hamkorlik mintaqa mamlakatlarining nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun asos yaratadi, tizimli oʻzaro yordamni taʼminlaydi va uchinchi sektorda umumiy siyosatni muvofiqlashtirish uchun sharoit yaratadi.

    Ekspertlarning eʼtirof etishicha, Oʻzbekistonning siyosiy qiyofasi yangilanishi bilan birga, odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi oʻzgaryapti. Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari katta salohiyatga ega, lekin ulardan toʻlaqonli foydalanilmayapti.

    Xususan, keyingi yillarda xalqaro maydonda koʻplab tashabbuslar ilgari surilyapti, bu tashabbuslarning fuqarolar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi jahon hamjamiyati, jahon tashkilotlari uchun kuchli “signal”ga aylanishi mumkin. Tashabbuslarning xalq, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan bevosita qoʻllab-quvvatlanishini uni nafaqat davlat, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ilgari surishning muhim mexanizmlaridan biri sifatida koʻrish kerak. Markaziy Osiyo mamlakatlarining nodavlat sektorlarini birlashtirish saʼy-harakatlar va resurslar samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

    Maʼlumki, 2018-yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat kengashi formatida uchrashyapti. Bunday uchrashuvlar formati mintaqa mamlakatlari, shu jumladan fuqarolik jamiyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqich boʻldi. Bu – mintaqada yuz bergan koʻplab ijobiy oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlash nuqtayi nazaridan oʻz qiymatiga ega.

    Aytish kerak, Ostona, Toshkent, Turkmanboshi va Choʻlpon-Ota shaharlarida oʻtgan toʻrtta uchrashuv yakunlariga koʻra, mintaqaning barcha beshta davlati oʻrtasida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy aloqalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, ekologik muammolarni hal etish, muqobil energiyani rivojlantirishni ilgari surish hamda ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlash sohalarida qoʻshma hamkorlik qilish belgilandi.

    Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari va fikr yetakchilari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish davlatlararo kelishuvlar samaradorligini oshirishi mumkin, chunki fuqarolik jamiyati vakillari faoliyati doirasida shu kabi masalalar ustida ish olib boradi.

    Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi muloqotning uzoq muddatli maqsadlaridan biri ham fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, demokratlashtirish va qonun ustuvorligini taʼminlashdir. Yevropa Ittifoqi tomonidan Fuqarolik jamiyati forumlarining oʻtkazilishi, ularda Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakilning nutq soʻzlashi buning yorqin ifodasidir.

    Toshkentdagi forum ishtirokchilari fuqarolik jamiyati fenomenining Markaziy Osiyo va mintaqaning barcha mamlakatlari uchun yuqori ahamiyatini hisobga olib, Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumini tuzilma sifatida tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Uni institutlar, tashkilotlar oʻrtasidagi samarali aloqalarni rivojlantirish uchun asosiy tuzilmaga aylantirish, bunda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi fuqarolik jamiyati guruhlari, ularning saʼy-harakatlarini mintaqalararo darajada ham, AQSH, Yevropa Ittifoqi va ularning Osiyodagi hamkorlari, masalan Yaponiya bilan sheriklik qilish yoʻnalishida birgalikda muvofiqlashtirish koʻzda tutilgan.

    Taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi mintaqadagi fuqarolik jamiyati vakillarining Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan olib borilgan qoʻshma tadqiqotlari davomida aniqlangan eng dolzarb muammolarni muhokama qilish uchun muntazam uchrashuvlari uchun platforma boʻlib xizmat qiladi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha ishtirokchilar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish gʻoyalarini ilgari surish, demokratik taraqqiyot yoʻlida hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Mazkur Forum “Yuksalish” umummilliy harakati, Oliy Majlis Senati hamkorligida Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi koʻmagida tashkil etildi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.