U ustozim, shoir Bahodir Sobitning qizi boʻlib, ayni damda Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 248-maktabda ona tili va adabiyot oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi. Besh yil avval Feruza quyidagilarni yozgan ekan:
“Onam Toshkentda tavallud topgan. Buvimni (otamning onasini) aravada atigi yarim kun yoʻl yurib Toshkentdan Janubiy Qozogʻistonning Turbat qishlogʻiga yor-yor aytib uzatib borishgan ekan. Men, aholisining 60 foizini Toshkentdan qatagʻon qilingan oʻzbek ziyolilarining farzandlari yashaydigan, Oʻzbekiston poytaxtining shundoqqina biqinida joylashgan, turkigoʻy shoir Atoiy, Oʻzbekiston xalq shoiri Turob Toʻla tavallud topgan koʻhna Turbat qishlogʻida tugʻilganman. Urf-odatlarida, shevasida Toshkent nafasini saqlab qolgan hamqishloqlarim farzandlarining yarmi Turbatda yashasa, ayrimlari Toshkentda istiqomat qiladi.
Oʻzbekistonda muqim 5 yil yashagan insonga fuqarolik pasporti berilishi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”dagi qonunda belgilab qoʻyilgan. Toshkentga kelganimga 25 yil boʻlibdi. Chorak asr… Baʼzan tushlarimda Oʻzbekiston–Qozogʻiston chegaralaridan qanot qoqib uchib oʻtaman. Baʼzan esa Oʻzbekiston–Qozogʻiston chegaralaridagi darvozalarning sharaqlab ochilib, bojxona postidan oʻtayotganimni koʻraman…
Uyimdan Chilonzorga bir soatda yetib boraman. Agar qoʻlimda fuqarolik pasporti boʻlganida edi, ota yurtim – Turbatga 45 daqiqada yetib borar edim. Shu armon, shu hasrat yillar davomida meni ezib keldi. Yuragim oʻrtanib, ota-ona, jigarlar sogʻinchi qalbimni tilka-pora qildi. Bu masalaning bir tomoni.
Ikkinchisi, oʻqituvchiman. Oʻquvchilarim turli tanlovlar, fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi” kabi musobaqalarda yuqori oʻrinlarni egallaydi. Oʻzim ham qanday tanlov boʻlsa, qatnashaveraman, gʻoliblikni qoʻlga kiritaveraman. Har yili davlat mukofotlariga tavsiya qilinaman. Hujjatlarim yuqori tashkilotlarga yetib borganida qaytib keladi… “Opa, – deyishadi, – hammasi zoʻr ekanu, pasportingiz chatoq ekan-da. Fuqaroligingiz yoʻq ekan”, deyishadi jilmayib. Keyin-keyin xuddi tavqi laʼnatdek eshitiladigan shu gapdan qochish uchun mukofatlarga hujjat ham yigʻmay qoʻydim.
Inson uchun mukofot nima oʻzi? Agar kimdir menga shu savolni bersa, hech ikkilanmay shunday javob berardim: “Men uchun Oʻzbekiston pasportini bir bor bagʻrimga bosish, men Oʻzbekiston fuqarosiman degan soʻzni baralla aytish baxt”.
Bir kuni oʻqituvchilar bayrami arafasida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandim. Quchogʻim toʻla gul, uyga qaytayotsam yomgʻirdan qolgan koʻlmakda loyga botib yotgan mast odamga koʻzim tushdi. Sal narida esa men orzu qilgan, tushlarimga kirib chiqadigan yam-yashil pasport ham loyga qorishib yotardi. Boʻgʻzimga bir narsa tiqildi-yu, oʻz-oʻzimga “Shu odam ham mendan baxtliroq, u shu yotishida ham Oʻzbekiston fuqarosi” deya yigʻlab yubordim. Bu birgina mening dardimmikan?”
Feruza “Qirgʻizistonning Oʻshidan Andijonga kelib qolgan, Turkmanistonning Toshovuzidan Xorazmga, Tojikistonning 9 ta chegara tumanidan Oʻzbekistonning turli viloyatlariga taqdir taqozosi bilan kelib qolgan oʻzbeklar mening darddoshlarim” deb yozar ekan, “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning fuqarolik pasportini berish toʻgʻrisidagi farmonini eshitgan kunim kun boʻyi yigʻladim. Koʻz oldimdan bir soatlik yoʻlda turib ham pasporti “LBG” (litso bez grajdanstva — fuqaroligi yoʻq shaxs) boʻlgani uchun vaqtida hujjat topshira olmay yoki viza uchun 30 dollar (hozir 80 dollar) toʻlolmay qolganligi uchun otasining tobutini koʻtarishdan mahrum boʻlgan oʻgʻillar, onasining sovuq diydorini koʻrolmay armonda yashayotgan qizlar oʻtdi”, deydi.
“Mening qalbimda ham umid uchquni yilt etib yondi. Qoʻshni mamlakatlarga ochilayotgan darvozalar uchun tashakkur! Doʻstona munosabatlar uchun tashakkur! Kelajakka berilgan yoʻllanma uchun tashakkur! Eng muhimi, koʻnglimdagi anduhlar yuvilib, pasportning rangi kabi yam-yashil kurtak otayotgan umid uchun tashakkur!” deya tugallanadi Feruzaning maqolasi.
Rosti, oʻshanda – bundan roppa-rosa besh yil avval shu maqolani oʻqib koʻzlarimga yosh kelgandi. Toshkentdan atigi 60 kilometr uzoqlikdagi qishloqqa borish mashaqqatlariga oʻzim ham guvoh boʻlganman. Ikki ukam fuqaroligi yoʻq shaxs boʻlgani tufayli yillab qishloqqa bora olishmasdi. Ukalarim mayli, ular viza olib qishloqqa borib turishgan. Ammo otasining, onasining janozasiga qatnasha olmagan hamqishloqlarim qancha? Toʻgʻri, ular viza olib janozadan ikki-uch kundan keyin borib kelishgan. Ammo jigarlarini soʻnggi yoʻlga kuzata olmaganliklari yurakda armon boʻlib qolgan.
Sinfdoshim Odil Gʻoyipov Toshkentdan uylangan, yaʼni rafiqasi oʻzbekistonlik. Taqdir ekan, 1993-yil yanvar oyida Toshkentga koʻchib kelishdi. Oʻzbekiston pasporti berilayotganida unga ham, rafiqasiga ham “Fuqaroligi yoʻq shaxs” pasportini berishdi. Aslida “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”dagi Kodeksda Oʻzbekiston hududida tugʻilgan har bir shaxsga Oʻzbekiston fuqaroligi berilishi taʼkidlangan. Rahmatli otam Toshkent viloyatining Kensoy qishlogʻida, onam Toshkent shahrida tugʻilgan va bolaligida ota-onasi bilan Turbatga koʻchib ketishgani bois qozogʻistonlik boʻlib qolishgan. Agar onam oʻtgan asrning 90-yillarida Toshkentga koʻchib kelgudek boʻlsa, Oʻzbekiston fuqarosi avtomatik ravishda berilishi kerak edi. Xuddi shuningdek, Odil oʻrtogʻimning rafiqasiga ham Oʻzbekiston fuqarosi pasporti berilsa qonun buzilmagan boʻlardi. Ammo, u oradan 27 yil oʻtibgina Oʻzbekiston fuqarosi boʻldi. 2020-yilda yuzlab qishloqdoshlarim qatori ikki ukam ham “fuqaroligi yoʻq shaxs” tamgʻasidan qutilib, Oʻzbekiston fuqarosi boʻldilar.
2016-yilning toʻrtinchi choragidan tom maʼnoda Oʻzbekistonda jiddiy islohotlar boshlandi. Toʻgʻrisi, bunday liberal oʻzgarishlar boʻlishini hech kim kutmagandi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning yuragi. Bu davlatdagi islohotlar mintaqaning boshqa mamlakatlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Haqiqatan ham, 2017-yilgacha Oʻzbekistonning qoʻshnilarga nisbatan yopiq va baʼzi hollarda qarshi siyosati Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston tashqi siyosatiga taʼsir koʻrsatgani shubhasiz. 2017-yildan boshlab beshta mamlakatda potensial jihatdan tashqi ishtirokchilarsiz mintaqa siyosatini ishlab chiqish imkoniyati paydo boʻldi. Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro munosabatlari tubdan yaxshilandi. Qirgʻiziston, Tojikiston bilan deyarli yopiq boʻlgan chegaralar ochildi. Shuni taʼkidlash kerakki, 2017-yilgacha Oʻzbekistonning faqat Qozogʻiston bilangina chegarasi ochiq edi. Oʻzim qozogʻistonlik boʻlganim uchun qarindoshlarimni koʻrish uchun borib turishga toʻgʻri kelardi. Chegaradan oʻtish “ming bir” azob edi. Salkam ikki soat navbatda turganingizdan keyingina chegaradan oʻtilardi.
Ustoz Abdusaid Koʻchimov bir maqolasida shunday yozgandi:
“Alisher Narzullo degan shoir bor. Tojikistonlik oʻzbeklardan. Dushanbega yaqin Chinor degan qishloqda tugʻilib, katta boʻlgan. 30 yildan beri Toshkentda yashaydi. Bir necha sheʼriy kitoblar muallifi. Hozir OʻzAda — birga ishlaymiz. “U kunlarni eslasam qoʻrqinchli bir tush koʻrgandek boʻlaman, – deydi Alisher. – Tugʻilgan makonga borib-kelish uchun 2-3 oylab sarson boʻlar edik. Pasport stolida 80–90 kunlab, elchixonada undanam koʻp ruxsat kutardik. Ijozat berilguniga qadar borishing zarur boʻlgan maʼrakayu mavrid allaqachon oʻtib ketgan boʻlardi”.
Hayotda boʻlgan bir voqeani hazil aralash aytib berishgandi. Opa Oʻshda, singil Andijon viloyatidagi qishloqda yashaydi. Oradagi masofa bir kilometrga ham bormaydi. Avvallari piyoda borib-kelib yurishgan. Ammo endi orada qattiq qoʻriqlanadigan chegara bor. Singil opani koʻrish uchun avval Toshkentga kelib, Qirgʻiziston elchixonasidan viza oladi, soʻng Qozogʻiston orqali Bishkekka borib, poytaxtdan Oʻshga samolyotda uchadi. Samolyot ham ob-havo noqulayligi sabab Oʻshga qoʻnavermaydi. Singilni vahima bosadi: “ishqilib samolyot Andijonga qoʻnmasin-da”.
Hozir Oʻzbekiston–Qozogʻiston chegarasidan 10 daqiqada oʻtasiz. Biror-bir muammo yoʻq. Xuddi shunday, bir vaqtlar viza bilan boriladigan Qirgʻiziston va Tojikistonga ham bemalol borib kelish mumkin. Shuningdek, biror-bir mamlakatda boʻlmagan chiqish vizalari(stiker) faqat Oʻzbekistonda joriy etilgan edi. Ayni damda u “umrini oʻtab boʻlgan oʻtmish qoldigʻi”ga aylandi.
Mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilashda, xalqlarimizning oʻzaro mushtarak aloqalari katta rol oʻynaydi. Bunda madaniyatlarimiz, qadriyat va anʼanalarimiz bir-birini toʻldiradi. Urf-odatlarimiz va udumlarimiz bir, dinimiz bir, til toʻsigʻi yoʻq. Aslida, siyosiy hamkorlik va integratsiya jarayonlari jamiyatdan, uning ehtiyojlaridan kuch oladi. Shu sababli, soʻnggi paytlarda mintaqa jamiyatlari va xalqlari oʻrtasida ham aloqalar jadallashib bormoqda.
Tan olish kerak, Markaziy Osiyoda yillar mobaynida davom etib kelgan sovuq munosabatni yaxshilashda Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar, Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari oʻrtasidagi muloqotlarni yaxshilash, chegaralarni ochish, viza tartiblarini bekor qilish, odamlar oʻrtasida bordi-keldini yoʻlga qoʻyish borasidagi tashabbuslari katta ahamiyat kasb etadi. Jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida Oʻzbekiston olib borayotgan tashqi siyosiy yoʻl alohida ahamiyatga ega. Chunki, Markaziy Osiyoning iqtisodiy farovonligi koʻp jihatdan Oʻzbekiston qabul qilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga bogʻliq.
Respublikamizda roʻy berayotgan bu kabi oʻzgarishlar, balki kimlargadir bilinmayotgandir, biroq mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti nuqtayi nazaridan bu oʻzgarishlar hal qiluvchi ahamiyatga egaligini unutmasligimiz kerak. Bugun yangi Oʻzbekiston deya atalayotgan mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida juda teran oʻzgarishlar yuz bermoqda. Xalqimiz oʻz qadrini bildi. Xorazmiy, Fargʻoniy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek kabi buyuk zotlarning, Amir Temur singari buyuk davlat arboblarining avlodi ekanimizni, tarixda hech kimdan kam boʻlmaganimizni va kelajakda ham kam boʻlmasligimizni toʻla anglab yetdik.
Shu oʻrinda, 2009-yil 4-iyun kuni AQSHning oʻsha vaqtdagi prezidenti Barak Obamaning Qohira universitetida soʻzlagan nutqini eslatib oʻtmoqchiman. Oʻshanda Oq uy rahbari shunday degan edi: “Tarixga qiziqqan inson sifatida men sivilizatsiya islom oldida qanchalik qarzdor ekanligini ham bilaman. Aynan islom, Al-Azhar kabi joylarda, asrlar davomida ilm nurini taratib keldi va Yevropadagi tiklanish va maʼrifatga yoʻl ochdi. Musulmon jamiyatlarining ilgʻorlik ruhi tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompass va navigatsiya uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega boʻldik, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yoʻllari haqida tushuncha hosil qildik. Islom tamadduni bizga ulugʻvor arkalar va baland minoralar, vaqt hukmiga boʻysunmaydigan sheʼriyat va jozibali musiqa, husni hattotlik va huzur-halovat ila taffakur qilish imkonlarini berdi”.
Bu nutq bilan tanishar ekansiz, AQSHning oʻsha vaqtdagi prezidenti oʻzbek mutafakkirlarini (algebra tartib-qoidalari deganda Xorazmiyni, magnitli kompas deganda Abu Rayhon Beruniyni, navigatsiya uskunalari deganda Fargʻoniyni, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yoʻllari deyilganda Roziy va Ibn Sino) nazarda tutganligiga ishonch hosil qilasiz. Ulugʻvor arkalar va baland minoralar (Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz), vaqt hukmiga boʻysunmaydigan sheʼriyat (Navoiy, Bobur) va jozibali musiqa (Forobiy) deyish bilan Barak Obama Oʻzbekistonni nazarda tutmadimikan?!. Demak, Barak Obama taʼbiri bilan aytganda, “sivilizatsiya islom oldida qanchalik qarzdor” boʻlsa, xalqimiz oldida ham shunchalik qarzdordir.
Ispaniya qirolining elchisi R.G.Klavixo “Samarqanddagi Amir Temur saroyiga sayyohat kundaligi” asarida quyidagi gaplarni yozib qoldirgan. “Bu xalq bilan shoh (yaʼni Amir Temur) koʻplab ulugʻvor jasoratlar koʻrsatdi, koʻplab gʻalabalar qozondi. Bu mehnatsevar, mohir chavandoz kamondan otuvchi mergan, umuman, sabot-matonatli xalq. Issiq va sovuqqa, ochlik va tashnalikka jahondagi har qanday eldan koʻra sabotli va chidamli xalq”.
Har bir inson muvaffaqiyatga erishganida suyunadi, gʻururlanadi, iftixor qiladi. Oʻzbekistondagi keng qamrovli islohatlar bir paytlar Amir Temur boshchiligida shon-shuhrat qozongan halq bugun yana azaliy dovrugʻini qayta tiklayotganidan dalolat beradi, deb ayta olamiz. Bugun, qadim Turon, Turkiston beshigi boʻlmish Oʻzbekiston zaminida muazzam bogʻlar, goʻzal va nurafshon manzillar chiroy ochmoqda. Demak, Yangi Oʻzbekistonda yashash va shu aziz el-yurt uchun mehnat qilish baxt. Ana shu baxt barchamizga muborak boʻlsin!
Sharofiddin TOʻLAGANOV,
jurnalist