2026-yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 8 May 2023 10647

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etishga puxta tayyorgarlik ko‘rish, yangi avlod iste’dodli yosh shaxmatchilarni tayyorlash va jahon shaxmat maydoniga olib chiqish, shaxmatni aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish maqsadida:

    1. Xalqaro shaxmat federatsiyasining (keyingi o‘rinlarda – FIDE) 2022 yildagi kongressida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda FIDEning navbatdagi kongressini 2026 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini inobatga olib, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

    2. 2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tuzilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    3. Quyidagilar Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

    2023 yil 1 декабрга qadar FIDE rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrifini tashkillashtirish;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha FIDE bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida shartnomalar, kelishuvlar, memorandumlar va kafolat xatlarini imzolash;

    FIDE tomonidan tasdiqlangan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning bosh rejasini tuzish, olimpiada dasturi va logotipini tasdiqlash;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar ishini muvofiqlashtirib borish hamda ularning hisobotlarini eshitish;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur mutaxassis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha barcha masalalarni va yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish.

    4. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh.Maxmudov), Samarqand viloyati hokimligi (E.Turdimov) bilan birgalikda 2024 yildan boshlab 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazish bilan bog‘liq har yilgi xarajatlar smetasini tayyorlab, Tashkiliy qo‘mitaga kiritsin.

    5. 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul tashkilot etib O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi belgilansin.

    6. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev):

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha FIDE bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida shartnomalar, kelishuvlar, memorandumlar va kafolat xatlarini imzolash tadbirlarini tashkil etish;

    mavjud infratuzilmalar quvvatini tahlil qilish asosida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkaziladigan sport inshootlari va boshqa ob’ektlarni FIDE talablariga muvofiq tayyorlash, ularni zarur bo‘ladigan sport, tibbiy, texnik va boshqa jihozlar bilan ta’minlash;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etuvchi erkaklar va ayollarning 3 tadan milliy terma jamoalarini shakllantirish;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish jarayoniga volontyorlarni jalb etish;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlikning borishi va amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda Tashkiliy qo‘mitaga muntazam ravishda hisobot taqdim etib borish choralarini ko‘rsin.

    7. 2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    8. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (H.Umarova), Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I.Abduraxmonov) hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev) bilan birgalikda:

    maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga shaxmatni soddalashtirilgan tarzda o‘rgatuvchi animatsion materiallar va o‘quv qo‘llanmalarni yaratsin;

    maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini shaxmatga qiziqtirish va o‘rgatish bo‘yicha “Shaxmat bog‘chadan boshlanadi” maxsus dasturini amalga oshirishni tizimli yo‘lga qo‘ysin;

    har yili maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Shaxmat festivali” musobaqalarini o‘tkazib borsin;

    umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida “Maktab ligasi”, “Akademik litsey ligasi” “Professional ta’lim muassasalari ligasi” va “Talabalar ligasi” musobaqalarini har yili uch bosqichда tizimli o‘tkazishni yo‘lga qo‘ysin.

    9. 2024 yil 1 yanvardan boshlab “Shaxmat stipendiyasi” ta’sis etilsin.

    Belgilansinki, “Maktab ligasi”, “Akademik litsey ligasi”, “Professional ta’lim muassasalari ligasi” va “Talabalar ligasi” musobaqalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar va talabalar yil davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdoridaShaxmat stipendiyasi” bilan rag‘batlantiriladi.

    10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2024 yil 1 yanvardan boshlab xususiy shaxmat klublariga ular tomonidan shaxmat to‘garaklarini tashkil etish va aholiga xizmat ko‘rsatish uchun davlat mulki ob’ektlari va hududlardagi “Yoshlar markazlari”dan ijara to‘lovlarisiz (kommunal to‘lovlar bundan mustasno) joy ajratiladi.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Yoshlar ishlari agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda shaxmat to‘garaklarini tashkil etish uchun “Yoshlar markazlari”dan joy tayyorlasin va qiziqish bildirayotgan fuqarolarga ularni taklif qilsin.

    11. Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Milliy gvardiya (R.Djurayev) va Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan birgalikda Qurolli Kuchlar tizimida, shu jumladan, harbiy ta’limga yo‘naltirilgan tashkilotlarda, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida shaxmatni yanada rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida:

    shaxmat bo‘yicha trener va mutaxassislarni jalb qilgan holda harbiy xizmatchi va xodimlar uchun o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilsin;

    harbiy xizmatchi va xodimlar uchun shaxmat bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va boshqa axborot materiallarini tayyorlasin;

    Qurolli Kuchlar harbiy tuzilmalari, harbiy ta’limga yo‘naltirilgan tashkilotlar va jazoni ijro etish muassasalarini shaxmat bo‘yicha o‘quv qo‘llanma, shaxmat taxtasi, figuralari, soati va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlasin;

    harbiy xizmatchi va xodimlar uchun mashhur shaxmatchilar ishtirokida mahorat darslari, uchrashuvlar, seminar, trening va o‘quv darslarini tashkil etsin;

    Qurolli Kuchlar harbiy tuzilmalari, harbiy ta’limga yo‘naltirilgan tashkilotlar va jazoni ijro etish muassasalarida yil davomida tizimli ravishda shaxmat bo‘yicha turnirlar va musobaqalarni tashkil qilsin hamda g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirib borsin.

    Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh.Maxmudov) hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev) salohiyatli harbiy xizmatchilar va xodimlarni shaxmat bo‘yicha respublika hamda xalqaro musobaqalar va turnirlarga keng jalb qilsin, ularni shaxmatchilar zaxirasi va terma jamoalar tarkibiga qo‘shish choralarini ko‘rsin.

    12. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:

    2024 yildan boshlab har yili professional shaxmat klublari o‘rtasida “O‘zbekiston birinchiligi” musobaqalarini o‘tkazib borish;

    shaxmat bo‘yicha milliy terma jamoalar a’zolari, shuningdek, milliy terma jamoalarga asosiy nomzod bo‘lgan shaxmatchilarni tayyorlash uchun tajribali xorijiy trener va mutaxassislarni jalb qilish hamda ularning ko‘magida mahalliy trener va mutaxassislarni o‘qitish;

    xalqaro arbitrlar tayyorlash bo‘yicha seminarlar va amaliy mashg‘ulotlarni muntazam tashkil etib borish;

    shaxmatni targ‘ib qilishда alohida namuna ko‘rsatgan ommaviy axborot vositalari vakillari va sharhlovchilar (“strimer”lar)ni tanlov asosida tanlab olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

    FIDE tasnifiga kiruvchi nufuzli xalqaro musobaqalarni bosqichma-bosqich O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

    hududlarda iqtidorli shaxmatchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional shaxmatchilar sifatida tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish choralarini ko‘rsin.

    Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh.Kudbiyev) 2024 yildan boshlab har yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq 50 milliard so‘mgacha mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

    Belgilansinki, ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘zda tutilgan mablag‘lar quyidagi maqsadlar uchun yo‘naltiriladi:

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazish uchun FIDEga kafolat mablag‘larini o‘tkazish;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadalariga shaxmatchilarimizni tayyorlash, shu jumladan, superkompyuter dasturlarini ijaraga olish, shaxmatchilar va ularning trenerlari FIDE tasnifidagi musobaqalarda ishtirok etishi bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish;

    46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni moliyalashtirish;

    shaxmat bo‘yicha zamonaviy metodikalarga asoslangan ilmiy-uslubiy va o‘quv adabiyotlarni tayyorlash va chop etish;

    Shaxmat stipendiyasi”ni to‘lab borish;

    shaxmat bo‘yicha mahalliy va xalqaro chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni tashkil etish va qo‘shimcha moliyalashtirish.

    14. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi (Sh.Qudratxo‘ja) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A.Ikramov) hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi (A.Sa’dullayev) bilan birgalikda 2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid amaliy chora-tadbirlarni keng yoritsin.

    15. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I.Ikramov, Yoshlar ishlari agentligi direktori, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi A.Z.Sa’dullayev hamda Samarqand viloyati hokimi E.O.Turdimov belgilansin.

    Qaror ijrosini nazorat qilish 2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2023 yil 8 may