2022-yilda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan dunyo boʻylab hayvonlar orasida kelib chiqayotgan kasalliklarning mamamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida bir qator profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
Shuningdek, 35,5 mln bosh chorva mollari ektoparazitlarga qarshi profilaktik ishlov berilib, chorva mollari saqlanadigan 1 mln 200 ta bino va inshootlarda dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari oʻtkazildi. Amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar va koʻrilgan keskin choralar natijasida oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda qishloq xoʻjalik hayvonlari orasida oʻta xavfli yuqumli kasalliklar kuzatilmadi.
Respublikada faoliyat yuritayotgan dehqon bozorlariga sotish uchun keltirilgan 3952 tn goʻsht 611,7 ming dona tuxum, 34747 tn sut va sut mahsulotlari laboratoriya tahlillardan oʻtkazilib, 25,2 tn goʻsht va sub mahsulotlar, 21,2 tn sut va sut mahsulotlari isteʼmolga yaroqsiz deb topildi va oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilindi.
Aholiga sifatli va xavfsiz goʻsht mahsulotlari yetkazib berish maqsadida joriy yil mobaynida respublika tuman va shaharlarida zamonaviy ixtisoslashtirilgan soʻyish korxonalari soni 110 taga yetkazilib, Veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan soʻyilgan hayvon goʻshtlarining yagona elektron maʼlumotlar bazasi VIS-Billur tizimida ishlashlari yoʻlga qoʻyildi.