5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

    Sana 1972-yil 15-dekabrda BMT tomonidan taʼsis etilgan boʻlib, yillar davomida 100 dan ortiq mamlakatda nishonlab kelinmoqda.

    Butunjahon atrof-muhit kuni xalqaro miqyosda nishonlanadigan ekologik sanalar orasida mazmuni, mohiyatiga koʻra oʻzgacha kasb etadi. Mazkur sananing xalq orasida ekologlar bayrami, deya yuritilishining oʻziyoq uning ekologik taqvimdagi bosh bayram, barcha eko sanalarning asosiysi, muqaddimasi ekanligini isbotlaydi.

    Mazkur sana BMT Bosh Assambleyasining 1972-yil 15-dekabrda oʻtkazilgan 27-sessiyasida taʼsis etilgan. Anjumanda shuningdek, yangi tashkiliy tuzilma —Atrof-muhit muhofazasi boʻyicha BMT Dasturi — YUNEPga asos solingan. Shundan beri YUNEP rahbarligida har yili butun jahonda atrof-muhit kuni nishonlanadi.

    Ushbu tadbir uchun nega aynan 5-iyun sanasi tanlangan, degan savol tugʻiladi. Javob oddiy: aynan 5-iyunda Shvetsiya poytaxti Stokgolmda BMTning Atrof-muhit masalalariga bagʻishlangan konfrensiyasi oʻz ishini boshlagan edi.

    Stokgolm konfrensiyasi yakunlari yuzasidan qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq taʼsis etilgan ekologik sana Yer yuzida istiqomat qiluvchi barcha insonlarni tabiat muhofazasi bilan bogʻliq faoliyatga jalb etish, keng jamoatchilik ongi-tafakkurida tabiiy resurslarni asrash, ulardan oqilona foydalanish orqali tabiiy boyliklarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish masʼuliyatini anglatishga qaratilgan.

    Butunjahon atrof-muhit kuni mazmun-mohiyatiga koʻra, insoniyat oldida turgan keng koʻlamli va chuqur ildiz otishga ulgurgan muammolarga yechim izlashga yoʻnaltirilgan sana. Atrof-muhit kuni nafaqat ekologlarning kasb bayrami, balki atrof-muhit muammolari xaqida yana bir karra uylash, mulohaza yuritish fursati hamdir.

    Bundan tashqari, BMT doirasida har yili suvni, havoni va boshqa tabiat resurslarini muhofaza qilish kunlari oʻtkaziladi. Bu kabi sanalar munosabati bilan atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan koʻplab tadbirlar amalga oshiriladi. Butunjahon atrof-muhit kunida ham dunyo boʻylab turli tadbirlar amalga oshiriladi, bu esa insoniyatning ekologiya muammolarga befarq emasligidan, tabiat xaqida qaygʻurayotganligidan darak beradi.

    Xalqaro Atrof-muhitni muhofaza qilish kunini nishonlash doirasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun jahon miqyosida dolzarb boʻlgan ekologik muammolar toʻgʻrisida xalqaro jamoatchilikni xabardor etib, shu muammolarni yechishga dunyo xalqlarini chorlaydi. Yillar osha mazkur sana 100 dan ortiq mamlakatda nishonlanib, hozirda ekologik muammolarni yechishga yordam beruvchi muhim bir zamin boʻlib xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, ushbu kunda barcha xalqlar birlashib, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ona yerimizni asrab qolishga oʻzining shaxsiy hissasini qoʻshish imkoniga ega boʻladilar.

    Hamza AMINOV,

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish

    va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi

    Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish

    texnologiyalari ilmiy tadqiqot instiuti

    direktori oʻrinbori