— Korrupsiyaviy omillarni aniqlashda cheklist tartibi joriy etilganliga aytilgandi. Umumun ushbu tartib qanday shu haqida maʼlumot bersangiz?
— Yuqorida aytib oʻtgan Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist toʻldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etildi. Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yoʻqligi cheklistda aks ettiriladi.
Cheklist bu — normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha namunaviy shakldagi savolnoma hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazish natijalari boʻyicha toʻldirilgan cheklist loyihaning jamoatchilik muhokamasi, idoralararo kelishuv, huquqiy ekspertizadan oʻtkazish bosqichlarida loyihaga ilova qilinadi.
— Korrupsiyaga qarshi ekspertiza kim tomonidan oʻtkaziladi?
— Amaldagi qonunchilikka koʻra, korrupsiyaga qarshi ekspertiza loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi ishlab chiquvchi va loyiha huquqiy ekspertiza oʻtkazish uchun kelib tushganda esa adliya organlari tomonidan oʻtkaziladi. Shu bilan birga korrupsiyaga qarshi ekspertiza normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi, shuningdek, loyihalar kelishilishi lozim boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham oʻtkazilishi mumkin.
Shuningdek, Prezidentning 2021-yil 22-oktyabrda qabul qilingan PQ–5263-son qaroriga asosan ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari vakillari hamda jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish huquqi berildi.
Bunda ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha xulosalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy koʻrib chiqishi belgilandi.
— Qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish jaryonlari haqida maʼlumot bersangiz. Nechi bosqichda amalga oshiriladi?
— Qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi, ishlab chiquvchi tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi, natijasi boʻyicha cheklist toʻldiriladi.
Ikkinchi bosqichda loyiha va cheklist jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.
Uchinchi bosqichda ishlab chiquvchi tomonidan jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish natijalari boʻyicha qayta ishlangan loyiha, cheklist va boshqa zarur materiallarni huquqiy ekspertiza oʻtkazish uchun adliya organlariga kiritiladi.
Toʻrtinchi bosqichda esa adliya organlari tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilib, natijasi boʻyicha xulosa taqdim etiladi.
Soʻnggi bosqichda ishlab chiquvchi loyiha, cheklist va boshqa zarur materiallarni Vazirlar Mahkamasi yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi davlat organiga kiritadi.
— Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish bilan bogʻliq qanday ishlar amalga oshirildi?
— Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertiza jaryonini takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022-yilda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Natijada, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijasida 190 ta qonunchilik hujjatlarining 51 tasida 139 ta korrupsiyaviy omillar aniqlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, Adliya vazirligi tomonidan 2021-yilda amaldagi qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijalariga koʻra 800 dan ortiq qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazildi. 224 ta yoki 28 foiz hujjatda 650 dan ortiq korrupsiyaviy omillar aniqlandi.
Shu bilan birgalikda, Adliya vazirligi tomonidan “adliya_korrupsiyasizqonun_bot” nomli maxsus bot ishga tushirildi. Ushbu bot orqali qonunchilik hujjatlaridagi mavjud korrupsiyaviy normalar hamda byurokratik toʻsiq va cheklovlar yoki asossiz xarajatlarga olib keluvchi qoidalar yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari qabul qilinmoqda.