«Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida barcha oila aʼzolarimiz jamuljam, toʻkis va baxtli hayot kechirayotgandik. Mashʼum urush boshlandiyu hayotimiz ostin-ustun boʻlib ketdi. Oʻsha vaqtda men endigina ikki yoshdan oshgan qizaloq edim. Keyinchalik bilishimcha, 1941-yildan 1944-yilga qadar davom etgan Leningrad qamalida qolgan ekanmiz.

Har qadamda askarlar, oʻq ovozlari, biz esa oʻzimizni goh u yerga, goh bu yerga urib jon saqlashga harakat qilardik. Haftalab och qolib ketgan, qahraton sovuqda yupun kiyim bilan koʻchada jon saqlagan kunlarimiz juda koʻp boʻldi. Bir kuni otam bomba ostida qolib, halok boʻlganini aytishdi. Akam ochlikdan ketdi...

Taqdir ekan, 900 kunlik qamaldan tirik chiqqanman. Soʻng meni Oʻzbekistonga olib kelishdi va keyingi hayotim shu fayzli oʻlka bilan bogʻlandi».