Abdurauf Fitrat Sharq va Gʻarb musiqasini qanday taqqoslagan?

    Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi bosh direktori, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Soibjon Begmatov bilan suhbatimiz ulkan musiqiy merosimiz bilan bogʻliq shu kabi savollar atrofida kechdi.

    “Sarahbori dugoh”. Hazrat Navoiy gʻazali bilan aytiladigan bu ashula ohanglari koʻnglimizga allanechuk bir yorugʻlik, osoyishta kunlarimizga boʻlgan sogʻinch yolqinini, ajib bir orziqishni olib kiradi.

    Holu xating xayolidin, ey sarvi guluzor,

    Gahi koʻzimga xol tushubdir, gahi gʻubor...

    Ayni sinovli kunlarda ruhiyatimizga halovat baxsh etguvchi, hayot poʻrtanalariga, talotoʻplariga mardonavor boqishga undaguvchi bu ilohiy ohanglarning siri nimada? Nima uchun keyingi paytda oʻzbek musiqa va sanʼatiga butun dunyo sanʼatkorlari tomonidan juda katta qiziqish bildirilmoqda? Sharq mumtoz sanʼatining ajib bir tantanasiga aylanib ulgurgan Xalqaro maqom festivali bu yil qanday mezonlar va talablar asosida oʻtkaziladi?

    Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi bosh direktori, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Soibjon Begmatov bilan suhbatimiz ana shu savollar atrofida, yorugʻ kunlar umidi, ajdodlarimiz bizga qoldirgan bu ulkan merosning ruhiyatimizni yoritguvchi, yuksaltiruvchi pardalarida kechdi, desak adashmagan boʻlamiz.

    Avvalo, maqom sanʼati tarixiga bir nazar tashlasak... Ustoz sanʼatkor Yunus Rajabiy katta mehnat evaziga jamlagan bu xazinamiz nima uchun juda katta evrilishlardan omon chiqqan, deb oʻylaysiz?

    Har bir xalq ruhiyatini ifodalovchi milliy kuy-ohanglar aziz ona tilimiz kabi qadrli va muqaddasdir. Millatning oʻtmishi va buguni, asriy orzu-istaklari va goʻzal tuygʻularini mujassam etgan ohanglar ona allalari, umrboqiy qoʻshiqlaru mumtoz kuylarda rang-barang jilolanadiki, ularni tinglagan inson oʻzligini anglaydi, ruhan yuksalganini his qiladi.

    Maqom ijrochiligi eng qadimiy sanʼat turlaridan. Unga IX-X asrlarda Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlarida ijtimoiy-madaniy hayotga taʼsir koʻrsata olgan jonbaxsh omil sifatida qaralgan. Oʻzbek maqom sanʼati ming yillik tarixga ega. Yurtimizdagi Shashmaqom, Xorazm, Fargʻona-Toshkent maqomlari kuyning oʻziga xos mavqei va ijrochilik yoʻli bilan ajralib turadi. Uning rivojlanishi va asrlar osha sayqal topishida davr, zamon, ijtimoiy voqelik muhim unsur sifatida oʻz taʼsirini koʻrsatgan.

    Yurtimizda maqomchilik sanʼatining taraqqiy etishida akademik Yunus Rajabiyning hissasi juda katta. Xususan, u kishining intilishlari tufayli 1959-yili ilk bor oʻzbek tilida “Oʻzbek xalq musiqasi” nomli olti jildlik Shashmaqom antologiyasi tuzildi. Tabiatan serzavq, zukko va bilimga chanqoq bu insonning qadam-baqadam yuksalib borishida uning noyob musiqiy isteʼdodi – nozik idroki, hayratomuz hofizasi hamda haqiqiy oʻzbekona odobi muhim oʻrin tutgan edi.

    Yunus Rajabiy bir tinglagan musiqiy asarini, hajmi katta yo kichik boʻlishidan qatʼi nazar, xotirasiga yozib olish va yoddan cholgʻuda yoki ovozida bexato takrorlab berish salohiyatiga ega boʻlganki, bu hol musiqa tarixida kamdan-kam uchraydi. Bu oʻrinda ustoz Rajabiy fenomeni butun jahon kompozitorlari orasida favqulodda isteʼdodi bilan ajralib turuvchi Volfgang Amadey Motsart dahosi bilangina qiyoslanishi mumkin. Savqitabiiysidagi shunday fazilati bois uning musiqiy faoliyati jadal va samarali kechdi. Yangi avlod maqomchilariga ustozlik qilib yurgan kezlari shogirdlariga qarata “Koʻproq diqqat bilan tingla, shunda kuy dilingga koʻchadi”, deb aytgan taʼkidi Yunus Rajabiyning oʻziga xos shioriga aylangan edi.

    Maqomlarimiz ilohiy moʻjiza. Chunki ularda asl ishq tarannum etilgan. Shu bois, bu koʻhna va oʻlmas taronalar har qanday davr oʻzgarishlari va evrilishlaridan omon chiqdi. Shu bilan birga, oʻzbek hofizlik sanʼati bir qator dilbar, xush ovozli, bilimli, ibratli xonandalariga egadir. Ular, avvalo, avlodlar orasida koʻprik, maʼnaviyat bobida koʻzgu, zamon uchun ibratli hofiz, yosh avlod uchun ustoz, musiqa merosimizga nisbatan saqlovchi va oʻtkazuvchilardir. Xalqimiz Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Mulla Toʻychi Toshmuhamedov, Hamroqul qori, Mamatbuva Sattorov, Yunus Rajabiy, Domla Halim Ibodov, Hojixon Boltayev, Madrahim Sheroziy, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Ochilxon Otaxonov, Orifxon Hotamov kabi zamonasining bilimdon va betakror ovoz sohiblarini doimo eʼzozlab keladilar. Sababi, ular qadriyatlar koʻrinishida xalqimizning necha asrlik maʼnaviyatida muhrlangan azaliy anʼanalarini sof holatida avlodlarga yetkazib berganlar.

    Shukrki, maqom sanʼatiga munosabat oʻzgardi. Turli festivallar, anjumanlar tashkil etilib, ajodlarimizning ushbu noyob merosini oʻrganishga, targʻib etishga qulay sharoit yaratildi. Oʻzbek maqomlarining yangi toʻldirilgan koʻrinishdagi zamonaviy talqinlarini yaratish, cholgʻu va ashula yoʻllarini audio va videolarga yozib olish hamda “Shashmaqom” nota matnlarining zamonaviy namunasini shakllantirish borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar ilmiy-madaniy ahamiyatga egaligini eʼtirof etish lozim.

    Yurtimizda maqom ansambllari, maqom jamoalari tashkil etildi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida shu yoʻnalishda maxsus kafedra faoliyat koʻrsata boshladi. Shunga qaramay, milliy oʻzligimizni anglash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuygʻular ruhida tarbiyalash, ularning estetik didi va tafakkurini shakllantirishda maqom sanʼatining keng imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmay kelinayotgandi.

    Sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, oʻzbek maqom sanʼatini chuqur oʻrganib, oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targʻib qilish maqsadida 2017-yil 17-noyabrda Prezidentimizning “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur hujjat maqom sanʼatiga doir chuqur ilmiy-nazariy tadqiqotlar, oʻquv-uslubiy adabiyotlar yaratish, maqom ustozlari, soha olimlari va mutaxassislari, iqtidorli va istiqbolli yosh ijrochilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash ishlarini yana-da kuchaytirishga turtki boʻldi.

    Ushbu qaror nafaqat tarixga, balki xalqimiz qalbiga muhrlandi. Keyingi uch yilda maqomlarga eʼtibor yuksak bosqichga koʻtarildi. Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi tuzildi. Markaz zimmasiga maqomlarning azaliy anʼanalarini tiklash yuzasidan bir qator vazifalar belgilandi.

    Prezidentimiz qarori negizida, avvalo, xalqimizning maʼnaviy boyligi boʻlgan maqomning qadrini yana-da oshirish, maqom bilimdonlari boʻlgan ustozlarni izlab topish, ushbu sanʼat namunalaridan xalqimizni bahramand qilish, uning tarbiyaviy tomonlaridan foydalanib, sogʻlom avlodni shakllantirish, kelajakda ulugʻ mutafakkir, allomalarning yangi avlodini tarbiyalash gʻoyasi oʻz aksini topgan.

    Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida markaz tomonidan ajdodlarimizning madaniy boyligini ilmiy tadqiq etish, ularning asl holda oʻzlashtirilib, mukammal ustozona talqinlarda toʻldirilgan yangi zamonaviy namunalarini yaratish, maqomlarning nota namunasi, audio hamda videoyozuvlarining yangi avlodini xalqimizga, ilm, ijod ahliga taqdim etish kabi dolzarb ishlar amalga oshirilmoqda.

    – Prezidentimiz farmoniga koʻra Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa sanʼati institutining tashkil etilishi nafaqat sanʼat ahlini, balki oʻzini hurmat qilgan har bir yurtdoshimizni quvontirdi...

    – Juda toʻgʻri. Bu oʻzligini anglagan, yurtini chindan ham sevgan insonlarning asl shodiyonasiga aylandi. Ayniqsa, biz sanʼatkorlar ming bora xursand boʻldik, ming bora shukrona aytdik. Oʻzbek milliy musiqa sanʼatini yana-da rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar anʼanalari, buyuk bastakorlar, hofiz hamda sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda oʻrganish uchun katta imkoniyat, degani bu... Ana endi sanʼatimizning teran ildizlarini qayta tiklash va targʻib qilish, xalqimizni milliy musiqa merosining eng goʻzal anʼanalaridan bahramand etish, yosh avlodni milliy musiqa sanʼati durdonalari bilan muntazam tanishtirish orqali ularda milliy oʻzlikni anglash tuygʻusini yana-da kamol toptirishga astoydil bel bogʻlandi.

    Oʻzbekistonda maqom, xalq musiqasi, baxshichilik va katta ashula ijrochiligini yana-da rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar va anʼanalarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda oʻrganish va qayta tiklash bu institutning asosiy vazifasi etib belgilandi. Mazkur institutda mumtoz musiqa merosimiz namunalarini notaga olish, mavjud yozuvlarni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, maqom sanʼatining ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bogʻliq jihatlarini yurtimiz olimlari va chet ellik mutaxassislar ishtirokida chuqur oʻrganish ishlari amalga oshiriladi.

    Maqom sanʼatini oʻrganish uchun alohida ruhiy tayyorgarlik zarur, deyishadi. Shunday ekan, Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutida yosh maqomchilar uchun taʼlim qanday mezon va talablar asosida yoʻlga qoʻyiladi?

    Maqom xalqimizning bebaho maʼnaviy merosi. Ushbu sanʼat rivojlanishning uzoq davrini bosib oʻtgan, koʻplab sanʼatkorlar, bastakorlar uning tadrijiy taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshgan. Ularda inson kechinmalarining eng nozik ohanglari jamlangan. Shu sabab maqomni his qilish, tushunish uchun muayyan tayyorgarlik zarur. Buning uchun kishi yoshlikdan musiqaga mehr qoʻyishi, ruhiy kamolotini ayni shu jihat bilan bogʻlamogʻi kerak. Eski oʻzbek yozuvini, arab va fors tillarini oʻrganishi darkor. Maqomni eshitish uni tugal tushunishni anglatmaydi. Ijro yoʻliga kelsak, u alohida sanʼat, alohida madaniyat. Taʼlim jarayonida ana shu mezonlarga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

    Abdurauf Fitrat oʻz maqolalaridan birida bunday deb yozgan: “Ovroʻpo musiqasi oʻzining eng keyingi davrigʻa borib yetkan. Bundan ilgari bora olmaydi. Ovroʻpo musiqa olimlari oʻz ilmlarini ilgari bostirishqa tirishadirlar, turli yoʻllar bilan tushunib axtaradirlar. Koʻplari bizning Sharq musiqiylarimizgʻa murojaat qilib, ularning asoslaridan foydalanishdan boshqa chora qolmagʻanini soʻylaydirlar. Shuning uchundir Sharq musiqiysining ahamiyati Ovroʻponing ham sanʼat doiralarida kundan-kun oshmoqda”. Bu eʼtirof ortida bizni astoydil izlanishga, ijod qilishga, mehnat qilishga undaydigan juda katta maʼno bor. Biz shundoqqina yonimizda turgan cheksiz va bebaho boyligimiz manbaini shu kungacha bor boʻy-basti bilan koʻra olmadik. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, agar biz asl, haqiqiy sanʼatni bilmoqchi, oʻrganmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini bilishimiz, oʻrganishimiz kerak. Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak.

    Birinchi xalqaro maqom anjumani sizda, umuman, keng jamoatchilikda qanday taassurotlar qoldirdi?

    – Ushbu sanʼat bayramida dunyoning 73 davlatidan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchi va mehmon qatnashdi. Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan sanʼat vakili Anvar Abdullaning munozaralar chogʻida bildirgan fikrlari meni juda hayajonga soldi: “Oʻzbek milliy maqomlari chindan ham ilohiy moʻjiza ekan. Internet orqali ularni tinglaganimdayoq butun vujudimga nur yogʻilgandek boʻldi. Qanchalar diltortar va oʻziga jalb qiluvchi sanʼatingiz bor. Oqsaroy obidasi va uning atrofida oʻzbek xalqining milliy sanʼati, liboslari, hunarmandchiligi va taomlari mujassamlangan ekspozitsiyalarni koʻrib oʻzimni jannatga tushib qolgandek his qildim. Maqom sanʼati anjumani allaqachon biz sanʼatsevarlarning koʻnglimizdan chuqur joy oldi. Keyingi safar, albatta, oilamni ham olib kelishga ahd qildim”. Bu kabi eʼtiroflar insonga gʻurur va faxr bagʻishlaydi.

    Festival doirasida oʻtkazilgan ilmiy konferensiyaga 30 ga yaqin davlatdan musiqashunos olimlar tashrif buyurishdi. Maqom sanʼati tadqiqotlariga bagʻishlangan bahsu munozaralar juda koʻp muammolarga oydinlik kiritdi. Tadqiqotchilarning sanʼatimiz borasida olib borgan ilmiy izlanishlaridagi oʻziga xos yangiliklardan bahramand boʻldik. Konferensiyada bir mavzuga barcha olimlar tomonidan juda katta eʼtibor qaratildi. Yaʼni Sharq xalqlari maqomoti amaliyotining asosiy masalalaridan boʻlgan parda tizimiga xos maʼruzalar qizgʻin muhokama qilindi. Bu tizim, albatta, maqomlarning asl holicha ijro etilishida asosiy omil hisoblanadi. Eng muhimi, har bir millatning maqomot sanʼatini toʻla namoyish etadigan, oʻziga xos ohanglarini toʻlaqonli ifodalashda asos boʻladigan tovush qatorlari ekanligiga katta eʼtibor berildi. Kelgusida ayni mavzuda yirik tadqiqotlarni hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi.

    II Xalqaro maqom anjumani ishtirokchilari uchun qanday yangiliklar va qulayliklar hozirlanmoqda?

    Keyingi yillarda yurtimizda maqom sanʼatiga berilgan eʼtibor tufayli maqom ijrochiligi ancha tiklandi. Yoshlar orasida maqom ijrochiligi mahoratini egallayman degan isteʼdodlar koʻpaya boshladi. Shu bois, bu yilgi anjumanda Shashmaqom, Xorazm maqomlari va Fargʻona-Toshkent maqom yoʻnalishlari boʻyicha yosh ijrochilarimiz iqtidorlarini namoyish etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

    Davlatimiz rahbari ushbu olamshumul anjumanning nashidasi dunyo boʻylab avj olayotgan bir paytda maqom sanʼatining ilmiy asoslarini oʻrganish, azaliy va zamonaviy namunalaridan jahon xalqlarini bahramand etish, Sharq xalqlari maqomotining goʻzal anʼanalari va mohir maqom sanʼati namoyandalari ijodini yana-da mukammal oʻrganib, targʻib qilish maqsadida “II Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishni imzoladi. Bu maqom ustozlari, ijrochilari, ushbu nodir sanʼatning rivojida faoliyat yuritayotgan har bir kishiga katta quvonch hamda yangi ilhom bagʻishladi.

    Ikkinchi anjumanni avvalgisidan ham yuksak saviyada tashkil etish masʼuliyati naqadar ulkanligi farmoyishda koʻzlangan vazifalarda oʻz ifodasini topgan.

    Hozirgi kunda mazkur hujjat asosida tadbirga tayyorgarlik ishlari qizgʻin davom etmoqda. Bunga butun Oʻzbekistondan mutaxassislar jalb etilib, har bir hudud vakillari oʻzlarining oʻziga xos lokal uslublarini sanʼatning barcha sohalarida namoyish etish uchun ilk namunalarni muhokamaga tavsiya qilyapti. Ayniqsa, ikki yil davomida maqom namunalarini muayyan darajada oʻzlashtirgan viloyatlardagi namunaviy maqom ansambllari maqom sanʼatining sirli dunyosini oʻziga xos talqinlarda butun dunyoga tarannum etish uchun tayyorgarlik qilmoqdalar.

    Nufuzli tadbirga respublika va jahon miqyosida munosib maqomshunos olimlar va maqomot ijrochilarini jalb etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Hududlarda maqom ansambllarining konsert dasturlari, yosh ijrochilar oʻrtasida “Yosh maqom ijrochilari”, bastakorlar oʻrtasida “Maqom yoʻlida yaratilgan eng yaxshi asar” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovlari tashkil etilib, taniqli maqomshunos olimlar, tajribali maqom ijrochilari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari oʻtkazilyapti.

    Shahrisabz shahri ahli bugungi kunda Xalqaro maqom anjumani havosi bilan nafas olmoqda, desak yanglishmaymiz. Bundan tashqari, ushbu sanʼat bayramida respublikamizning har bir hududining tarixi va madaniyati ham namoyish etiladi. Shu bilan birga, hududga mos taomlar turlarini tayyorlash va bundan mehmonlarning bahramand boʻlishi taʼminlanadi.

    Oqsaroy atrofidagi maydonlar hududlar kesimida taqsimlanib, milliy anʼana va qadriyatlarimizni aks ettiruvchi ssenariy va dasturlar lavhalari ustida ish olib borilmoqda. Sahna dekoratsiyasi va maydonni obodonlashtirish ishlari ham avjida.

    Anjuman doirasida uyushtiriladigan ilmiy konferensiyani “Maqom sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusiga bagʻishlash va unga xorijiy hamda mahalliy musiqashunos olimlarni, taniqli sanʼatkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlarni jalb etish kelgusida biz kutgan natijalarni berishiga ishonamiz.

    Shuningdek, Shahrisabz shahridagi Maqom muzeyini ushbu sanʼatga oid tarixiy, ilmiy-ijodiy manbalar, qadimiy va zamonaviy cholgʻu asboblari va boshqa yangi eksponatlar bilan boyitish choralari koʻrilyapti.

    Bu boradagi barcha ishlar nufuzli tadbirni yuqori saviyada tashkil etish bilan birga, jahon hamjamiyatida maqom sanʼati nufuzini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

    Hozirgi pandemiya davrida barcha tadbirlar va muloqotlar onlayn tarzida amalga oshirilmoqda. Biroq biz umid qilamizki, maqom sanʼati anjumani dunyo xalqlari pandemiyadan xalos boʻlgan kunlarda jonli tarzda oʻtkaziladi. Axir, doʻstlar bilan diydorlashib, koʻhna ohanglarni birgalikda ijro etishning oʻzgacha gashti bor. Ilohim, umumbashariyat xalqlari hayoti tinchlik va farovonlikka chulgʻansin. Jannatmakon yurtimizda aziz mehmonlarimizni ezgu niyatlar va xursandchilik bilan kutib olaylik!

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi