Qariyb yarim asrlik jurnalistlik faoliyatim davomida ayollar mavzusi yozuvlarimning asosiy yoʻnalishi boʻlgani sababidanmi, ayniqsa, mamlakatimizning olis va markaziy hududlarida yashovchi xotin-qizlar taqdiriga birdek eʼtibor qaratilayotgani; ularning oʻzlari teleekranlarda, gazetalar sahifalarida hayotlaridagi keskin burilishlarning quvonchli natijalari haqida soʻzlaganlarida, boshqacha quvonaman. Toʻgʻrisi, ayolning oilasi, farzandlari tinch-xotirjamligi, moddiy taʼminlanganligi bilan bogʻliq shodliklarniyam, tashvishlarniyam his etish uchun avvalo ayol-ona boʻlish kerak. Zero, ayni masalalar qanday hal etilganligi jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy holatini – taraqqiyoti darajasini belgilaydi.

Gazetalar xabar beradi: “Koson tumanining «Mesit” mahallasida yashovchi Guliston Borajabova hech qayerda ishlamas, turmush oʻrtogʻi ham ishsiz edi. Toʻrt nafar farzand... “Ayollar daftari”ga kiritilgan Gulistonga qisqa fursatda 30 million soʻm kredit berildi. Tovuqxona uchun ijaraga joy topilib, goʻshtga moʻljallangan joʻjalar sotib olindi, bugun ularning soni 2500 taga yetdi.

– Turmush oʻrtogʻim, oʻzim, bolalarim, barchamizga ish topildi, – deydi ona qalbi quvonchga toʻlib. – Roʻzgʻorimizga baraka va obodlik kirdi... Qoʻni-qoʻshnilar, bozordagi tadbirkorlar parhez goʻshtga buyurtma berishyapti...»

“Besh farzandimdan biri nogiron, oilaviy sharoitimiz ogʻir edi, – deydi sirdaryolik Tojinor Namozova. – Shu bois meni «Ayollar daftari”ga kirgazishdi. Bahorda qizim Dilbar bilan birga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Nigora Murodova poytaxtda oʻqib kelishdi. Ular sartaroshlikni oʻrganib, ozodalik va gigiyena, mijozlar bilan muomala qilish madaniyati, hatto psixologiyadan ham saboq olishibdi. Choʻliboʻston qishlogʻimizda “Goʻzallik salon” ochildi, qizlar unda ishlashyapti. Bolalarimning ikkitasi oliy oʻquv yurtida shartnoma asosida oʻqiydi, davlatimiz ulardan bittasining shartnoma pullarini ham toʻlab berdi...»

“Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida 1-bosqichda «Ayollar daftari”ga kiritilgan 3167 nafar xotin-qizning muammosi hal etildi. Oʻrganishlarning ikkinchi bosqichida esa 1305 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi. Yaqin vaqtlarda ularning ham hayotida ijobiy oʻzgarishlar boʻlishi uchun chora-tadbirlar koʻrilmoqda...» bu kabi xushxabarlarni oʻqirkanman, beixtiyor xotiramga oʻqdek qadalib qolgan manzara, voqealar yodga tushaveradi:

...1987-yili mehnat taʼtili paytida (“Saodat” jurnalida ishlardim) Margʻilonga onamning oldilariga borgan kunim Sanobar ismli ayol yonimga keldi. Shaharga tutash tumanning bir kolxozida yashovchi bu juvon kattasi oʻn bir, kichkinasi bir yoshga ham toʻlmagan besh qizning onasi ekan. Eri oʻgʻil farzand koʻrish ilinjida boshqa xotinga uylanib olibdida, Sanobar bilan qizlarini haydab chiqaribdi. Kuzning salqin kunlari boshlangan, uyidan badargʻa qilinganlar keng paxta dalasi oʻrtasidagi eshiksiz, romsiz dala shiyponida yashayotgan ekanlar. Ona kichkinasini olib har kuni choʻlga paxta terimiga ketar, dala shiyponida qolgan qizlar oʻn bir yoshli opaning qaramogʻida... Oʻshanda taʼtilimning oxirgi kunigacha shu mushtiparlarga bir boshpana qilib berishlarini soʻrab tuman raykomi, ijroqoʻmiga, kolxoz raisiga; masalani qonuniy hal qilib berishlarini soʻrab tuman sudi (Sanobar sudga ariza bergan ekan), prokuraturasiga, ayolni qoʻllab-quvvatlashlarini iltimos qilib oʻsha paytdagi qishloq soveti, xotin-qizlar qoʻmitasiga bir necha martalab qatnagandim. Ularning hammasi bitta javob berishgandi: “Garchi uyni Sanobar eri Ibrohim bilan birgalikda qurgan boʻlsalar ham, hovli qaynotaning nomida. Shuning uchun biz Sanobarga yordam berolmaymiz...”

...1988-yil 1-may kuni surxondaryolik Zebo ismli yosh ayol (qoʻlida bir oylik chaqalogʻi boʻlgan)ning hovlisiga qoʻshnilari – mahallada alohida mavqeli oila ayollari (ulardan biri oʻzbek tili va adabiyoti muallimasi, yana biri bolalar shifokori edi) bostirib kirib qoʻllariga kirgan narsalarni sindiradilar, yangi ekilgan ekinlarni payhonlaydilar, Zeboni koʻchaga sudrab chiqib, yalangʻoch qilib kaltaklaydilar. Bu voqeaning tafsiloti uzun, achchiq savollari koʻp... Koʻzimdan ketmaydigan lavhalaridan biri: Zeboning shikoyati boʻyicha men xizmat safarida boʻlganimda, ayol ayni masalada viloyat ichki ishlar boʻlimiga ariza bergan, lekin xat javobsiz yotgan ekan. Ichki ishlar boʻlimiga birga bordik, masʼul xodim qabuliga kirish uchun xat-hujjatni toʻgʻrilagunimizcha bizning tashrifimiz koʻpchilikka maʼlum boʻlgan shekilli, ichkarida uzun yoʻlakdan oʻtib borarkanmiz, hamma eshiklar qiya ochilib, ulardan Zeboni ochiq-oshkor kulgu-mazax bilan kuzatayotgan qiyofalar koʻrinardi. Keyin... eri ham tashlab ketdi, bu juvonning uchta bolasi deyarli yoʻllarda katta boʻldi: Respublika Oliy sudi, prokuraturasiga qatnadi. “Opa, bu idoralarda mening ovozimni eshitishlari bilan eshiklarini qulflab oladilar”, der edi Zebo. Avvaliga tuman ichki ishlar boʻlimida voqeaning guvohi boʻlganlarning xatlari yoʻqotib tashlandi, yuqori tashkilotlardan ham yorugʻlik chiqmadi...»

...Matbuotda ayni voqea haqida ikki marta bosilgan tanqidiy maqolalarimiz ham besamar ketdi. Oxir-oqibat men: «Zebo, bolalaringizni qiynab Toshkentga kelavermang, qoʻlingizda boʻlgan ozgina pulingizni ularning yeb-ichishiga sarflab sabr qilib turingchi», deyishga majbur boʻlganman.

Shundan keyin... adashmasam, 2000-yillarning boshi edi. Toshkent markaziy koʻchalaridan birida ketayotsam, roʻparamdan kimdir “Opa!” deb yugurib kelib quchoqlab oldi. Zebo! Uning koʻzlari kular, ozgʻin yuzlariga yosh quyilardi: “Katta oʻgʻlim oʻqishga kirdi, yuridik institutga qabul qilindi, opajon!” – oʻsha lahzalarni eslasam, hamon diydamga quvonch yoshlari toʻladi. Sal muddat oʻtib ikkinchi oʻgʻliyam institut talabasi boʻldi. Qarang, bitta odamning quvonchi olamlarni jo etishi mumkin boʻlgan bagʻringizga sigʻmaydi. Mustaqillik qalbini, hayotini, umr yoʻllarini nurlantirgan; qora mehnatdan boshqasini bilmay adolatsizlikdan egilgan boshlarini koʻtargan; istiqlol shu ona Vatanga aziz farzand ekanini anglatgan, shukrona va faxr tuygʻularini diliga solgan Zebo, zebolar, eh-he, million-millionlarni tashkil etadi, inshaalloh.

...Oʻylab qarasam, mustaqillik davrigacha yurtimizda yetti yoshdan yetmish-sakson yoshgacha boʻlganlarning hammasi ish bilan taʼminlangandek edi: aholisining qariyb sakson foizi qishloq xoʻjaligi, aniqrogʻi, paxta bilan shugʻullangan mamlakatimizda erta bahordan kech kuzgacha omma paxta mehnatiga bogʻlab tashlangandi. Gʻoʻza yaganasi, chopigʻi, chekankasi, paxta terimiga aholi yoppasiga jalb etilar, goʻdaklar – paxtazor chekkasidagi tutlarga tortilgan belanchaklarda, maktab yoshiga yetib-yetmaganlardan oʻsmirlargacha onasiga yordamchi. “Onasiga yordamchi” deyishimning boisi shuki, tabelchilik, suvchilik, terilgan paxtani tortib olish, paxtani quritish va paxta punktiga topshirish ishlari erkaklar zimmasida, unib chiqqan gʻoʻza parvarishidan hosilini yigʻib olguncha boʻlgan jarayonlarda zaharli dorilarga boʻktirilgan dalalarda asosan xotin-qizlar, bolalar “javlon urishardi”. Va yana ajablanarlisi... yil oxirida poytaxtning katta saroylaridan birida oʻtkaziladigan “Hosil bayrami” tantanasiga yigʻilgan guras-guras erkaklar orasida adashib qolgan qizgʻaldoqlar kabi sanoqligina ayollarni koʻrish mumkin edi.

Bundan qirq yillar oldin bir suhbatdoshim oʻsmirlik yillaridagi voqeani soʻzlab bergandi: “Qish boshlanib ketgan, lekin biz – bolalarning kiyimlarimiz juda yupun edi. Ilk bahordan kech kuzgacha kolxoz dalasida ishlagan otam bilan onam yil oxirida xoʻjalik tomonidan aʼzolarga beriladigan hisobot pulini kutishar, undan bizga kiyimlar sotib olib berishmoqchi edi. Nihoyat, bir kuni otam hisobot puli berilayotganini aytib, xursand chiqib ketdi. Allamahalda shunday qiyofada kirib keldiki, biz otam qattiq kasal boʻlib qoldimi, deb qoʻrqib ketdik. U tikka turganicha qoʻynidan bir siqim pul olib, sandalning ustiga otdi, eski 1 soʻmliklar sochilib ketdi. «Mana bir yillik mehnatimiz uchun chiqqan otchyot puli, 30 soʻm!” – otamning yuz-koʻzlariga alam, faryod toʻlgandek edi...» (oʻsha davrning narx-navolari boʻyicha hisoblasak, aytaylik, 1 kilo shakarning narxi 80 tiyin edi. 30 soʻm – 80 kiloli 1 qop shakarning puli).

Mustaqillik davrigacha onalar, bolalar oʻlimi boʻyicha yurtimiz ittifoqdosh respublikalar oʻrtasida yillar davomida yuqori oʻrinlardan birini egallab keldi... – bu holat, maʼlumotlarni eslashning oʻzi qanchalar ogʻriqli. Bugun hatto istibdod hukmron boʻlgan oʻsha zamonda shu adolatsizliklar, tengsizliklar, zulm, kamsitishlarga qanday bardosh berib yashaganimizni tasavvur etish ham qiyin. Oʻsha davrlardagi qoralamalar, yon daftarlardagi qaydlarda fikrimning dalili boʻlgan achchiq xotiralar shunchalar koʻpki, baʼzilarini aytishga tiling ham aylanmaydigandek...

Aziz vatandosh, biz bir-birimizni mustaqillikning har bir yangi tongi uchun qutlasak, shukrona keltirsak arziydi.

Yana gazeta xabaridan: “Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 8-oktyabrda va joriy yil 26-fevralda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarida xotin-qizlarning muammolarini hal etish boʻyicha dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. Unga koʻra, xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal qilish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, ular yurtimiz ayollarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va sharoitini oʻrganishdi. Natijada «Ayollar daftari”ga 430 275 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kiritilib, bugungi kunda ularning barchasiga u yoki bu jihatdan yordam berilib, muammolari hal etilishiga koʻmaklashildi», – bu kabi xabarlarni oʻqiganda beixtiyor hazrat Alisher Navoiy muborak hadisi sharifga asoslanib yomgʻirning daryo ustiga borib oʻz suvini toʻkishi saxovat emas, balki uning qaqroq yer ustiga suvini sepishi chin saxovatdir, degan hikmatlarini eslayveraman. Bu xabarlar mohiyatida yotgan hayotiy oʻzgarishlar va ularning yuz minglab xotin-qizlar taqdiri, qalbi, intilishu ezgu tilaklaridagi xosiyati, ahamiyatini; mustaqillik va bu bebaho neʼmatdan barcha vatandoshlarimiz birdek bahramand boʻlishlari uchun mamlakat hayotiga jonkuyarlik, jasorat bilan rahbarlik qilayotgan muhtaram Prezidentimizning jonajon xalqimizga – har birimizga samimiy, qaynoq mehr-muhabbatini yana ham teran anglay boshlaysan, qalbdan his etasan, Allohga shukr qilasan.

...Shu yil Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali yigʻilishda namanganlik tadbirkor aka-ukalarning onasiga orden topshirilgan paytdagi chaqmoqdek lahza – Prezidentimizning farishtadek onaxonning yelkasini silab uning yuziga quvonch, iftixor, mehru ehtirom bilan boqqanlari qalbimga videolavhadek muhrlanib qoldi. Saxovatli qalbning bu harorati, nuri Yangi Oʻzbekistonning barcha qizlari, ayollari taqdirini birdek yoritishga qaratilganini fazilatli qadamlar isbotlamoqda. Zero, jismonan va maʼnan sogʻlom, ilmu maʼrifatli, madaniyatli, maʼnaviyatli, baxtli ayol saodatli oila va kamolotga intiluvchi jamiyatning poydevorini yaratadi.

Muhtarama ULUGʻOVA,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi