Adliya aralashuvi bilan tadbirkor foydasiga 925 181 352 soʻm kompensatsiya undiriladigan boʻldi

    Mamlakatimizda 5 Sentabr 2022 1341

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga buzilgan huquqlarini tiklash borasida tadbirkorlardan 300 dan ortiq murojaat kelib tushdi.

    Xususan, tadbirkor Z.Sodiqov ham faoliyati davomida duch kelgan muammo boʻyicha viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi. Yaʼni, tadbirkorning savdo doʻkoni Samarqand shahar hokimligi tomonidan buzilib, yer uchastkasi davlat ehtiyoji uchun olib qoʻyilgan boʻlsa-da, hokimiyat zimmasidagi majburiyatlarni bajarmay, kompensatsiya toʻlab bermagan.

    Maʼlum boʻlishicha, tadbirkorga Samarqand shahar hokimining 2011-yil 14-fevraldagi 228-Q-sonli qarori bilan Registon maydoniga tutash hududda joylashgan qurilish osti maydonidan 161 kv.metrdan iborat savdo doʻkoni binosini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi tasdiqlangan hamda ushbu binolar tadbirkorga xususiy mulk qilib berilib, doimiy foydalanish huquqi bilan biriktirilgan.

    Biroq oradan 6 yil oʻtgach, Samarqand shahar hokimining 2017-yil 17-apreldagi 494-Q/1-sonli “Yoʻlbarslar xiyoboni hududida joylashgan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan savdo doʻkoni binolarini buzish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tadbirkorga tegishli 160,47 kv.metr savdo doʻkoni buzilgan.

    Hokimlikning 2017-yil 28-apreldagi 571-Q-sonli “Buzilishga tushgan maishiy savdo doʻkon binolari uchun tovon tariqasida yer maydoni ajratish va qurilishga ruxsat berish toʻgʻrisida”gi qarori bilan tadbirkorning buzilishga tushgan savdo doʻkoni oʻrniga mutanosib ravishda yer maydoni ajratib berish nazarda tutilgan va Samarqand shahar arxitektura va qurilish boʻlimiga yer tanlash dalolatnomasini rasmiylashtirish va yer maydonini naturada oʻlchab berish vazivasi yuklatilgan. Ammo davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasining 2021-yil 3-noyabrdagi 6099-sonli xatida fuqaro Z.Sodiqovning buzilgan savdo doʻkoni oʻrniga ajratilgan yer maydoni toʻgʻrisida maʼlumot mavjud emasligi maʼlum qilingan.

    Shuningdek, “Afrosiyob baho” MCHJ tomonidan 2017-yil 29-mart kuni tadbirkorning buzilgan savdo doʻkoni 493 805 000 soʻmga baholangan. Bundan tashqari, Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasining 2021-yil 17-noyabrdagi 11-12/50-sonli maʼlumotida Oʻzbekiston Respublikasida inflyatsiya koʻrsatkichi hisoblab chiqilib, buzilgan savdo doʻkoni inflyatsiya koʻrsatkichi bilan umumiy qiymati 925 181 352 soʻmni tashkil etishi bayon qilingan.

    Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini taʼminlash hamda yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tabirlar toʻgʻrisida”gi 911-sonli qarorining 41 va 42-bandlariga koʻra, olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining bozor qiymati, olib qoʻyilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati, koʻchirish, shu jumladan, boshqa koʻchmas mulk obyektini vaqtinchalik olish bilan bogʻliq xarajatlar, jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi, qonun hujjatlarida yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar kompensatsiya qilib beriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga koʻra, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʻlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʻyicha va taraflar kelishuviga koʻra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʻlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻlanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati toʻliq hajmda toʻlanadi.

    Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda esa, ushbu farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 37-moddasiga binoan Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini yoki ularning qismlarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Shuningdek ushbu kodeksning 86-moddasida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararning oʻrni (shu jumladan boy berilgan foyda) quyidagi hollarda toʻla hajmda qoplanishi kerakligi qayd etilgan.

    Mazkur qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqib, daʼvogar Z.Sodiqovning yer uchastkasi davlat ehtiyoji uchun olib qoʻyilib, undagi qurilishlar buzilishi munosabati bilan shahar hokimligi daʼvogarga yetkazilgan har qanday zararni toʻliq qoplab berishi lozim. Lekin unday boʻlmadi.

    Sud mazkur ish yuzasidan toʻplangan hujjatlarni oʻrganib chiqib, Samarqand shahar hokimining 2017-yil 28-apreldagi 571-Q sonli qaroriga asosan tadbirkorga tovon tariqasida ajratilgan 160,47 kv.metr yer maydoni oʻrniga Samarqand shahar hokimligidan jami 925 181 352 soʻm kompensatsiya va 1 200 000 davlat boji undirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi aralashuvi bilan yana bir tadbirkorning qonuniy manfaatlari taʼminlanishiga erishildi. Agar siz ham shunga oʻxshash qonun buzilishi holatlariga duch kelsangiz hududingizdagi adliya organlariga murojaat qiling.

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi