Shu bois, inson erki, haq-huquqi, manfaati, jamiyat ravnaqiga jiddiy rahna soladigan ushbu global muammoga qarshi kurash jahon hamjamiyatining doimiy eʼtiborida. 9-dekabr sanasining Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanishidan koʻzlangan maqsad taraqqiyot kushandasi boʻlgan bu illat chuqur ildiz otishining oldini olishda oʻzaro hamkorlik va hamjihatlikni mustahkamlashdir. Dunyo boʻylab global pandemiya hali-hanuz davom etayotgan shu kunlarda insoniyatning sinovlarni muvaffaqiyatli yengib oʻtishi, tiklanish jarayonlari va barqaror kelajakka erishishida ham bu muammoga qarshi kurashish borasida samarali tizim yaratilishi muh im omildir. Ana shu jihatlar eʼtiborga olinib, joriy yil Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni “Vijdonan tiklanishga erishaylik!” shiori ostida nishonlanmoqda.

Bu muammoning inson huquqi va jamiyat rivojiga salbiy taʼsirining oldini olish xalqaro hamjamiyatning ajralmas qismi boʻlgan mamlakatimiz oldida turgan dolzarb vazifadir. Shu bois, soʻnggi yillarda respublikamizda bu yoʻnalishda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida bugungi kunga kelib korrupsiyaga qarshi kurashishda muayyan yutuqlarga erishildi. Jumladan, ushbu sohani tartibga soluvchi asosiy qonun qabul qilindi va tegishli tuzilmalar shakllantirildi.

Biroq, bu yoʻnalishda erishilayotgan natijalar barobarida yechimini kutayotgan talay muammolar ham mavjud. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila NORBOYEVA ­“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga bergan intervyusida buni qanday oʻzgartirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyatining rolini qay tarzda kuchaytirish haqida soʻzlab berdi.

— Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bogʻliq hozirgi holatni qanday baholaysiz? Bu borada nimalar amalga oshirildi?

— Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi siyosat sohasida keng qamrovli islohotlar qilindi. Eng avvalo, jamiyat va davlat hayoti, faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan huquqiy asos shakllantirildi. 2017-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi muhim qadam boʻldi. Qonunda korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik kabi tushunchalarga oydinlik kiritildi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari va ushbu sohadagi davlat siyosati yoʻnalishlari ochib berildi.

Bundan tashqari, joriy yilning iyun oyida toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadigan, shuningdek, Oliy Majlis palatalari oldida hisobot beradigan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlikning ham, yaqinda tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining faoliyati ham qilinayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi, birinchi navbatda, barcha sohalarda korrupsiyaning sabablari va uni keltirib chiqargan sharoitlarni bartaraf etishga yordam beradi.

Taʼkidlash lozimki, bundan buyon ishlab chiqiladigan va amaldagi barcha normativ-huquqiy hujjatlar qonun ijodkorligi faoliyatida natijalarga erishgan xorijiy mamlakatlarning tajribasidan foydalangan holda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi.

Mamlakatimizda birinchi marta nodavlat sektor va fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro hamkorlar, biznes vakillari va keng jamoatchilik bilan muloqot yoʻlga qoʻyildi. Bunday yondashuv, ayniqsa, hamkorlikning barcha darajalarida ishonchni mustahkamlashda muhimdir.

— Mutaxassislar fikricha, korrupsiyani butunlay yoʻq qilishning imkoni yoʻq. Biroq baʼzi ekspertlar uni nazorat qilish haqida gapirmoqda. Sizningcha, bu gaplar qanchalik asosli?

— Fikrimcha, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish haqida soʻz yuritish toʻgʻri boʻladi. Keling, bu yovuz illatga qarshi kurashishni baholashda adolatli boʻlishga harakat ­qilaylik.

Unutmaslik kerakki, korrupsiya nisbatan keng tarqalgan va oʻta xavfli jinoiy hodisa boʻlib, u davlat hokimiyati va boshqaruvining asoslarini yemiradi, ularning aholi oʻrtasidagi obroʻsiga putur yetkazadi va fuqarolarning qonuniy huquqlari hamda manfaatlariga daxl qiladi.

Soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Jumladan, quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi: davlat fuqarolik xizmatidan oʻtishning huquqiy asoslarini yaratish; mansabdor shaxslar tomonidan aktivlar, daromadlar, yirik xarajatlar toʻgʻrisida deklaratsiya berish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish nuqtayi nazaridan jinoyat, jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini tubdan qayta koʻrib chiqish, shuningdek, muvofiqlik dasturlarini ishlab chiqish, huquq­buzarliklar haqida xabar beruvchilarni himoya qilish.

Korrupsiyaga qarshi siyosatni tizimlashtirish oʻta muhim, bu bilan mamlakat korrupsiyaga qarshi kurashishda strategik yondashuvni mus­tahkamlaydi. Ushbu yoʻnalishda biz bu yoʻldan muvaffaqiyatli oʻtgan mamlakatlarning xalqaro ekspertlari bilan ishlashni boshladik.

— Jamiyatda korrupsiyaning barcha turlariga nisbatan murosasiz munosabatni qanday shakllantirish mumkin?

— Korrupsiya, birinchi navbatda, boyish maqsadida oʻz xizmat mavqeidan foydalanishga imkon beradigan yoki bunga yoʻl qoʻymaydigan andishalilikning ichki holatini aks ettiradi. Shuni unutmaylik, Jinoyat kodeksida nafaqat pora olganlik va berganlik, balki uni olishda va berishda vositachilik qilganlik uchun ham jazoni nazarda tutuvchi moddalar bor.

Ushbu hodisaga qarshi turishning asosiy omillari qatorida men harakatlar ketma-ketligini, murosasizlikni, fuqarolarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongi darajasini oshirishni qayd etaman. Ayniqsa, yoshlar orasida ish olib borish va ularni korrupsiyaga qarshi kechayotgan islohotlarga jalb qilishga koʻmaklashish juda muhimdir. Har bir fuqaro bu jinoyatdan keyin muqarrar jazo borligini tushunishi kerak.

Bundan tashqari, korrupsiya hodisalari iqtisodiy islohotlarni targʻib qilishga, inves­titsiyalarni jalb etishga toʻsqinlik qiladi va jahonda mamlakatimizning raqobatdoshligini pasaytiradi. Milliy investitsiya loyihalari, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ajratiladigan grantlar doirasida mab­lagʻlarni maqsadli sarflash jarayoni ustidan nazoratni taʼminlash juda zarur.

Davlat tuzilmalari faoliyatida ushbu jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi hokimiyatga boʻlgan doimiy va asosli ishonchni mustahkamlaydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi qarori bilan kapital qurilish, oliy taʼlim, davlat xaridlari va sogʻliqni saqlash sohalarida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etildi.

Umuman olganda, biz siz bilan qonunlar qabul qilish, jiddiy jazolar qoʻllash, odob-axloq qoidalariga rioya qilish zarurligi va korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa vositalarini qayd etdik, biroq har birimiz ushbu halokatli hodisaga nisbatan murosasizlikni shakllantirmasak, oʻzimizni oʻzgartirmasak, barcha harakatlarimiz kutilgan natija bermaydi. Shuning uchun fuqarolik jamiyati korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim rol oʻynaydi. Fuqarolar hali ham yetarli darajada faol emasligini hisobga olib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu murakkab jarayonga fuqarolik jamiyati faollarini jalb qilish boʻyicha jiddiy ish olib bormoqda.

Bundan tashqari, lavozimi darajasidan qatʼi nazar (respublika, viloyat, shahar, tuman), sodir etilgan korrupsiya holatlari ommaviy axborot vositalarida imkon qadar yoritilishi kerak, toki buning oqibatlari boshqalarga ibrat boʻlsin.

Taʼkidlash joizki, 2020-yilning 9 oyi davomida korrupsiya holatlari bilan bogʻliq 838 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning toʻrt nafari respublika darajasidagi, 15 nafari hududiy darajadagi va 626 nafari shahar va tuman darajasidagi rahbarlardir.

— Nima uchun qurilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, sud tizimi kabi sohalar korrupsiya botqogʻiga eng koʻp botgan?

— Ushbu sohalarda korrupsiya xavfi yuqoriligining sababi shundaki, ularda inson omili, haddan tashqari byurokratiya va maʼmuriy toʻsiqlar koʻproq. Shu munosabat bilan bunday omillarning taʼsirini nafaqat ushbu faoliyat sohasida, balki boshqa ishlarda ham kamaytirish zarur.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish va bartaraf etishga qaratilgan ishlarda hal qiluvchi qadam boʻldi. Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab 70 turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega 35 ta hujjat bekor qilinmoqda.

Shuningdek, elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari koʻlamini kengaytirish korrupsiyaga qarshi kurashishning eng kuchli vositalaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan elektron hukumatni rivojlantirish muhimligiga urgʻu bermoqchiman. Uning korrupsiyani kamaytirishdagi salohiyati hali yetarli darajaga yetmagan va shu sababli biz joylarda elektron hukumat faoliyati mexanizmidan foydalanishni kengaytirish boʻyicha ishlarni kuchaytirishimiz kerak.

Korrupsiyaning navbatdagi sababi — ayrim davlat organlari xodimlarining nafaqat yuqorida sanab oʻtilgan, balki boshqa sohalarda ham huquqiy madaniyati pastligidir. Afsuski, baʼzi davlat organlari xodimlarining huquqiy ongi hali korrupsiya kabi hodisaga murosasiz munosabatda boʻlish darajasiga yetmagan.

— Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament qanday rol oʻynaydi?

— Mamlakatning oliy siyosiy organi va nazorat instansiyasi sifatida parlamentning bu jarayondagi roli muhim. Avvalo, bu korrupsiya­ga qarshi samarali kurashish uchun zamonaviy huquqiy va qonunchilik asoslarini yaratishda namoyon boʻladi. Qonunlarning qabul qilinishi, shuningdek, barcha normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi puxta ekspertizadan oʻtkazilishi parlament aʼzolariga korrupsiya xatarlarining oldini olishda natijaga erishish imkonini beradi.

Davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari, ularning organlari qarorlari, davlat dasturlarining bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirib borish Oliy Majlis palatalarining muhim vazifasidir.

Bu yoʻnalishda Senat tomonidan viloyat hokimlari, hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari va axborotlarini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida adolatga erishish va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari koʻtarilib, mansabdor shaxs­larning turli sohalardagi faoliyatiga baho berilmoqda.

Men oʻz faoliyatimda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka alohida eʼtibor beraman. Ham davlat, ham xususiy ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiyadan oʻtgan jurnalistlari roʻyxati kengayib bormoqda. Endi yalpi majlislarni videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish imkoniyati borligini qayd etmoqchiman. Bu fakt bizning ochiqlik va shaffoflik tamoyiliga amal qilishimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Oliy Majlis palatalari faoliyatiga elektron parlament tizimining joriy etilishi mazkur yoʻnalishdagi yana bir tashabbusdir. Ushbu loyiha qonun hujjatlarini yana-da takomillashtirish va parlament nazoratini taʼminlash, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha parlament va jamoatchilik oʻrtasida samarali muloqot uchun qulay vosita boʻladi.

— Sizningcha, korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining vazifasi nimadan iborat?

— Jamiyat uzoq vaqt korrupsiya muammosini muhokama qilmaslikka intildi. Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishga siyosiy irodasini namoyish etishi davlat va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligi oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Axborotning ochiqligi korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy omil hisoblanadi, chunki mass-media jamiyat ongiga katta taʼsir koʻrsatadi va xulq-atvorning barqaror stereotiplarini shakllantiradi.

Fikrimcha, OAV nafaqat axborot manbalari sifatida faoliyat koʻrsatishi kerak, balki korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining bir qismiga aylanishi va mamlakatning korrupsiyaga qarshi strategiyasini targʻib qilishda poydevor boʻlishi muhimdir. Shu nuqtayi nazardan, ularning vakolatlarini kengaytirish, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqilligini mustahkamlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi siyosat masalalarida OAV hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oʻrtasidagi hamkorlik usullarini qonunchilik darajasida mustahkamlash zarur.

— Siz Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashidan tashqari Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashiga ham rahbarlik qilasiz. “Boshqaruv sifatining indikatorlari” (unga “Korrupsiyani nazorat qilish” kiradi), “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” va “Qonun ustuvorligi indeksi” (unga “Korrupsiya yoʻqligi” kiradi) kabi koʻrsatkichlar boʻyicha Oʻzbekistonning oʻrnini yaxshilash maqsadida qanday ishlar qilinmoqda?

— Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashishda ijobiy natijaga erishgan 16 ta mamlakat qatoriga kiradi. Birinchi navbatda, mamlakatimizda islohotlar surʼatiga baho beriladi. Taʼkidlash joizki, “Qonun ustuvorligi 2020” indeksi boʻyicha Oʻzbekiston MDH mamlakatlari orasida eng katta yutuqlarga erishgan. Hisobotga koʻra, Oʻzbekiston umumiy reytingda 0,47 ball bilan 92-oʻringa koʻtarildi. Biroq odamlar sud-huquq tizimidan mamnun, deyishga hali erta. Sudlarning mustaqilligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu rejada sudyalar faoliyatiga aralashish yoki ularga mansabdor shaxs tomonidan har qanday bosim oʻtkazish holatlari toʻgʻrisida ­Sudyalar oliy kengashi taqdimoti natijalarini Senatda koʻrib chiqish amaliyotini joriy etish masalasi oʻrganilmoqda. Sudyalarning korrupsiyaga moyilligini aniqlash maqsadida yashirin monitoring oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Monitoring natijalari har yili ­Sudyalar oliy kengashida muhokama qilinadi.

Xalqaro “Transparency International” tashkiloti tomonidan tuziladigan indeksda Oʻzbekiston soʻnggi yillarda oʻz oʻrnini yaxshilab oldi, biroq bu mudhish illatni toʻliq yoʻq qilish uchun hali koʻp vaqt bor. Ayni paytda respublika kengashi davlat organlarida korrupsiya xavflari paydo boʻlishini monitoring qilish va baholash amaliyotini ishlab chiqish va joriy etishni nazarda tutuvchi 2030-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha strategiya loyihasi ustida ish olib bormoqda. Bu korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qator indikatorlardan iborat milliy indeksga aylanadi.

Respublika kengashi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlatlar guruhlarining xalqaro tashkilotiga (GREKO) qoʻshilish, shuning­dek tegishli konvensiyalar normalarini milliy qonunchilikka tatbiq etish masalalari oʻrganilmoqda. Xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston egallagan oʻrinlarning yaxshilanishi bevosita xalqning turmushi yaxshilanishi bilan bogʻliq. Xalqaro reytinglar va indekslar esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning koʻzgusi va eʼtirof etilishidir.

— Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi kurash ishlari samaradorligini oshirish maqsadida barcha davlat organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat “compliance control” tizimini joriy etish koʻzda tutilmoqda. Buning ahamiyatini izohlab bersangiz.

— Compliance-control — qandaydir munosabatlar yuzaga kelganda huquqiy va moliyaviy xatarlarni baholash va boshqarish uchun ichki tizimdir. Eng muhimi, shu yoʻl bilan korrupsiyaga moyil boʻlgan faoliyat yoʻnalishlarini aniqlash va tahlil qilishning samarali mexanizmlarini yaratish mumkin. Oddiy qilib aytganda, bu ichki xavfsizlik tizimi. Afsuski, shu choqqacha bizda bunday tizim asosan huquqni muhofaza qilish idoralarida boʻlgan. Negadir korrupsiya hodisalari faqat huquqni muhofaza qilish idoralarida mavjud, deb oʻylangan.

2021-yildan boshlab barcha davlat idoralarida “compliance control” tizimini tatbiq etish koʻzda tutilgan. Bunda nafaqat oʻzining xavfsizligi, balki korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi ham hisobga olinadi.

Koʻplab davlat idoralarida bu borada ish boshlab yuborildi, ular oʻzlari “compliance control” tizimi uchun maxsus boʻlinmalar yaratish tashabbusi bilan chiqdilar. Kelgusi yildan boshlab biz barcha vazirlik va idoralar uchun ushbu tizimni tatbiq etish va alohida “compliance control” boʻlimini ochishni majburiy qilmoqchimiz. Toki, biror tashkilotda ishlashni istagan kishi qonundan tashqari qanday oʻyin qoidalari borligini, u yoki bu tashkilotda ishlash uchun qanday mutaxassis boʻlishi kerakligini bilishi uchun alohida tizimga ega boʻlsin.

— Yaqinda Vazirlar Mahkamasining “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi. Unga koʻra, korrupsiya holati haqida xabar bergan fuqarolar moddiy ragʻbatlantiriladi. Sizningcha, bu mexanizm qanchalik samarali boʻladi?

— Agar fuqarolar korrupsiya holatlari haqida axborotga ega boʻlsalar, ular bu axborotni tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga yetkazganida, birinchi navbatda, oʻz fuqarolik pozitsiyasidan kelib chiqishlari kerak. Jamiyat manfaatlari yoʻlida korrupsiya holatlarini fosh qilgan kishilarni huquqiy himoya qilish muhimdir. Shu bois, ushbu qaror loyihasi korrupsiya illatiga qarshi kurashishda xalqimizning faolligini, jamiyatdagi islohotlarga daxldorligini oshirish, fuqarolik jamiyatini kuchaytirish orqali muammoning ildizini qirqishda yana bir oʻziga xos huquqiy asos boʻladi, albatta.

Xulosa qilib aytganda, bugun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish ortga qaytmaydigan tus oldi. Bu yoʻnalishda uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalqimizning roziligini olish, yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevorini barpo etish va taraqqiyotning yuksak bosqichlariga koʻtarilishimizda muhim zamin boʻladi.

Salim DONIYOROV suhbatlashdi.