Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangi bosqichga oʻtilmoqda

    Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bugungi kunda minglab fuqarolarimizning uzoq yillardan buyon yigʻilib qolgan muammolariga yechim topishda najot dargohiga aylanib ulgurdi. Zero, asosiy maqsad ham aholi muammolariga yechim topishdir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joylardagi Xalq qabulxonalari tashkil etilganiga ham 4,5 yildan oshdi. Bunday qabulxonalarning tashkil etilishi, fuqarolar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq muloqot yoʻlga qoʻyilishi, oddiy odamlar haq-huquqlarining himoya qilinishi davlatchiligimiz tarixida katta voqelik sifatida baholanmoqda.

    Aytish joizki, bu xalqchil tizim yil sayin takomillashib bormoqda. Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini zamon talablari asosida tashkil qilish chora-tadbirlariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada yangi bosqichga oʻtish masalalari muhokama qilingani ham fikrimiz tasdigʻidir.

    Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Xalq qabulxonalari va sayyor qabullarda koʻtarilgan dolzarb muammolar tahlili mamlakatda samarali islohotlarni amalga oshirish omili boʻldi. Masalan, 4 yil oldin valyuta ayirboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olishga doir koʻplab murojaatlar kelib tushardi. Bugun bu kabi murojaatlar aholini mutlaqo bezovta qilmaydi. Bu – muammolar tizimli hal etilgani samarasi.

    Davlatimiz rahbari odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning oʻzida bartaraf qilish kerakligini aytdi. Buning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

    Yigʻilishda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratildi. Endi murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilandi. Barcha vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlarni roʻyxatga olish, ularni koʻrib chiqish va natijasini nazorat qilish boʻyicha Yagona onlayn platforma yaratiladi. Bu jarayon murojaatlar bilan ishlashda har jihatdan qulaylik yaratadi.

    Videoselektorda aholidan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatini joylardagi hokimlik kuchi bilan hal qilish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Shuning uchun, Prezidentimiz aholi toʻgʻridan-toʻgʻri, tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi. Bu esa, oʻz navbatida, fuqarolarning koʻplab muammolarini bevosita joyida hal qilish uchun zamin yaratadi.

    Yana bir jihat. Bu jarayonning tashabbuskori boʻlgan davlatimiz rahbari hududlarga qilayotgan tashriflari davomida eng chekka qishloqlarga borishi, fuqarolarimizning uylariga kirib, ularning turmush sharoitlari bilan shaxsan tanishib, muammoli masalalarni joyida hal etayotgani, joylardagi barcha boʻgʻindagi rahbarlar uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

    Xalq qabulxonalari tashkil etilgandan keyin davlat tashkilotlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari Xalq qabulxonalarining oʻzida fuqarolarni qabul qilayotgani, joylarda ommaviy sayyor qabullarning muntazam yoʻlga qoʻyilgani natijasida minglab fuqarolarning uzoq yillardan buyon hal boʻlmayotgan muammolariga ijobiy yechim topilishini taʼminlanmoqda. Bu Xalq qabulxonalari chin maʼnoda davlat bilan xalq oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtayotganidan darak.

    Bu soʻzlarning isbotini birgina Romitan tumani misolida koʻradigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan 6 oyida tuman Xalq qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 958 murojaatdan 682 tasi qanoatlantirildi, 387 murojaat ijobiy hal etildi.

    Joriy yilda tuman Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlar bilan ishlashning natijadorligini oshirish va bu borada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tumandagi davlat idoralari hamda tashkilotlarida murojaatlar bilan ishlashning holati, koʻrib chiqilgan murojaatlar boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosini oʻrganish jarayonida aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan 62 taqdimnoma kiritildi. Bu taqdimnomalarga asosan murojaatlar bilan ishlashda masʼuliyatsizlik hamda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 28 xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi berildi va 1 nafar xodim ishdan boʻshatildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilishi bilan kundalik hayotimizga “sayyor qabullar”, “ommaviy qabullar” kabi tushunchalar ham kirib keldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni talablari asosida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda sektorlar, davlat idoralari va xoʻjalik boshqaruvi organlari masʼullarining joylarda sayyor qabullari tashkil etilib, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilishi uchun shart sharoitlar yaratib borilishi natijasida sayyor qabullar davomida kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan hal etilishiga erishilmoqda.

    Prezidentimiz tomonidan oʻtkazilgan mazkur vidoselektorda belgilangan vazifalar aholi murojaatlari bilan ishlashda yana-da qulaylik yaratish bilan birga, ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish va muammolarni joyida hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bugungi kunda minglab fuqarolarimizning uzoq yillardan buyon yigʻilib qolgan muammolariga yechim topishda najot dargohiga aylanib ulgurdi. Zero, asosiy maqsad ham aholi muammolariga yechim topishdir.

    Gʻani MUYASAROV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

    Buxoro viloyati Romitan tumanidagi

    Xalq qabulxonasi mudiri