Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan Kumushkon va Chashma qishloqlariga “turizm qishlogʻi” maqomi berildi.
Yurtimizning boshqa hududlaridan Toshkent viloyatga tashrif buyuradigan mahalliy turistlar soni keyingi besh yilida 628 mingdan 7 million 500 ming nafarga, xorijiy turistlar soni esa 83 mingdan 463 ming nafarga yetdi.
Shuni aytish joizki, Parkent tumanidagi Kumushkon, Zarkent, Soʻqoq hududlari mamlakat turizm bozorida oʻzining alohida oʻrniga ega. Ularni rivojlantirish, turistlar oqimini yanada koʻpaytirish xizmatlar hajmi va daromadlarni oshirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda Toshkent viloyati hokimligi va Turizm qoʻmitasi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Kumushkon hududini oʻrganib chiqib, turizm obyektlari barpo qilish boʻyicha 10 dan ortiq investor bilan muzokara oʻtkazdi. Kumushkon qishlogʻini “Turizm qishlogʻi”ga aylantirish boʻyicha taklif ishlab chiqildi.
Bu borada turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Parkent tumanida 2 ta zamonaviy mehmonxona, 1 ta “Shoirlar uyi”, va 33 ta oilaviy mehmon uylari va boshqa xizmat koʻrsatuvchi obyektlar, foydalanishga topshirildi.
Joylarda sayyohlarga qulaylik yaratish uchun 7 ta namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchasi barpo etildi. Xususan, 20 ta turizm obyektida Wi-Fi hududlari, 8 ta turistik marshrutlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi.
Tumanda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha 3 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida 40 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Kumushkon qishlogʻida respublikada birinchilardan boʻlib “Turizm qishlogʻi” loyihasi boshlanib, bugungi kunda rasmiy oʻz faoliyatini boshladi.
Parkent tumanidagi Kumushkon va Chashma qishloqlariga “turizm qishlogʻi” maqomi berilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda yuqoridagi maʼlumotlar berildi. Tadbirda Turizm qoʻmitasi vakillari, Toshkent viloyati va Parkent tumani hokimligi mutasaddilari hamda faollar ishtirok etdi.