2020-yil 29-dekabr butun oʻzbek xalqi, xususan, sogʻliqni saqlash, tibbiyot sohasi vakillari uchun unutilmas sanaga aylandi. Shu kuni Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnoma yoʻlladi. Unda davlat va jamiyatni rivojlantirish, xususan, sogʻliqni saqlash, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish sohasini yana-da takomillashtirish borasida ustuvor yoʻnalish va vazifalar belgilab berildi.
Murojaatnoma avvalida davlatimiz rahbari dunyo mamlakatlari hamda yurtimizdagi pandemiya sharoiti, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida urgʻu berib oʻtdi. Bu bejiz emas, albatta. Boisi, 2020-yil davlat va jamiyat, xalqimiz uchun ogʻir va sinovli davr boʻldi. Dunyo xalqlarini tahlikaga solgan koronavirus infeksiyasi balosi, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmadi.
Qayd etish kerak¸ davlatimizda yuritilgan oqilona siyosat hamda tibbiyot xodimlarining fidoyiligi natijasida pandemiya davrini katta iqtisodiy-ijtimoiy yoʻqotishlarsiz oʻtkazmoqdamiz. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda, barcha sharoitga ega boʻlgan qariyb 30 ming oʻrinli davolash maskanlari tashkil etildi. Ular zarur dori-darmon, himoya va eng zamonaviy diagnostika vositalari bilan taʼminlandi.
Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi. Albatta, oʻz vaqtida koʻrilgan ushbu chora-tadbirlar koronavirus pandemiyasini jilovlash, kasallikning ogʻir asoratli kechishini oldini olish hamda epidemiologik barqarorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ammo bu hali pandemiya davri tugagani, koronavirus balosining butkul chekinganini bildirmaydi.
Shu bois ham Murojaatnomada keyingi 2021-yil koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi qayd etildi. Jumladan, ushbu vazifani bajarish maqsadida 2021-yil davlat byudjetidan 3 trillion soʻm ajratilib, ushbu mablagʻlar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, 2021-yil virusga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etgan tarmoq — Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million AQSH dollari yoʻnaltirilayotgani koronavirusga qarshi yana-da samarador kurashishimizga imkon yaratadi. Prezidentimiz oʻz maʼruzasida: “Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tahlillariga koʻra, pandemiya xavfi hali uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Demak, insoniyat boshidagi sinovlar yana qancha davom etishini hech kim aniq aytib bera olmaydi... Mana shunday sharoitda kim yutadi? Toʻplangan tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, kuchli va samarali bosh qaruv tizimiga ega boʻlgan davlatlar pandemiya xavfini oʻz vaqtida va bir yoqadan bosh chiqarib, bartaraf etishga va bu kurashda yengib chiqishga qodir boʻladi.
Buni Oʻzbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi”, deya taʼkidl adi. Shuningdek, murakkab sharoit boʻlishiga qaramasdan keng qamrovli islohotlar, yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizni davom ettirishimiz zarurligini qayd etdi. Eng muhimi, davlatimiz rahbari Murojaatnomasida 2021-yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash” yili deb eʼlon qilish taklif etildi va qatnashchilar tomonidan bir ovozda maʼqullandi. Bu bejiz emas, chunki yoshlarga eʼtibor yurt-millat kelajagiga boʻlgan eʼtibor hisoblanadi.
Ogʻir pandemiya davri esa aholi salomatligini saqlash sohasining ham naqadar muhim ekanligini yana bir karra isbotladi. Shu jihatdan 2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanishi ayni muddao boʻldi. Bu esa tibbiyot sohasini yana-da taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Murojaatnomada kelgusi yillarda sohani rivojlantirish yoʻlida qanday tub islohotlar amalga oshirilishi qayd etildi. Jumladan, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish ishlarini jadallashtirish belgilandi. Birlamchi boʻgʻinda umumiy amaliyot shifokori oʻrniga oilaviy shifokor va unga 5 ta yordamchi-hamshiradan iborat tibbiy brigadalar tashkil qilinadi.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar koʻrsatishda birlamchi boʻgʻin qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315 ta oilaviy shifokor punkti va 85 ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi. Tizimni malakali kadrlar bilan tayyorlash maqsadida esa “qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan ming nafardan ortiq vrachlarga 30 million soʻmdan yordam puli beriladi hamda ular xizmat uylari bilan taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda. Albatta, bu oʻzgarish va yangilanishlar tibbiyotning birlamchi boʻgʻinining sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish salohiyatini koʻtarishi, tarmoq faoliyatidan aholini rozi qilishi, shubhasiz.
Bundan tashqari, Murojaatnomada ona va bola salomatligini saqlash tizimiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu tizim xalqimizning ertasini bunyod etuvchi maʼnan yetuk, jismonan sogʻlom yosh avlodni voyaga yetkazish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi.
Bu jarayon bilan 2021-yilda 11 million nafar, 2022-yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi qayd etildi. Shuningdek, ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlikni 25 foizga kamaytirish koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, Murojaatnomada oqqon va boshqa ogʻir gematologik kasalliklarga chalingan fuqarolarni dori-darmon bilan taʼminlash, ularni moddiy-ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor berildi. Jumladan, onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun byudjetdan 250 milliard soʻm ajratilishi hamda oʻtkir buyrak yetishmovchiligi boʻlgan 5 mingdan ortiq bemor esa ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinishi belgilandi. Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomasida sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirishga yuksak eʼtibor qaratilgan.
Bu esa soha xodimlari zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Kelgusi yilda sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshiriladigan tub islohot, yangilanish va oʻzgarishlar nafaqat xalqimizning buguni, balki ertasining ham porloq boʻlishiga xizmat qiladi. Boisi aholi salomatligini saqlash sogʻlom avlodning dunyoga kelishi, ularning har tomonlama yetuk boʻlib unib-oʻsishida muhim oʻrin tutadi. Belgilangan vazifalarni bajarish, sogʻliqni saqlash tizimida yangilanishlarni amalga oshirish tibbiyot sohasi vakillaridan ham mashaqqatli mehnat, fidoyilikni talab etadi. Oq xalat sohiblari bu borada ham davlatimiz rahbari, butun xalqimizning ishonchini oqlashga harakat qiladi.