O'zbekistonda muqaddas dinimiz shaffofligini yanada mustahkamlash, buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Iso at-Termiziy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi ajdodlarimizning boy ma'naviy merosini o'rganish va tadqiq etish borasida ulkan va samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma'lumki, ajdodlarimizning butun musulmon olamining e'tirofu olqishiga sazovor bo'lgan ko'pgina ilmiy asarlari arab tilida bitilgan. Qolaversa, muqaddas Qur'oni karim, Hadisi shariflar mazkur tilda bo'lgani bois xalqimiz tomonidan alohida e'zozlangan.
Imom Abul-Qosim Zamaxshariy, alloma YUsuf as-Sakkokiy kabi ulug' ajdodlarimiz arab tili ravnaqiga ulkan hissa qo'shishgan. Ularning asarlari hozirgi kunga qadar butun dunyoda darslik sifatida qo'llanib kelinayotgani bizga katta faxr va sharaf baxsh etadi.
Arab lisonini o'rganish va o'rgatishda, tabiiyki, maxsus lug'atlarga ehtiyoj seziladi. YUrtimizda arabcha-turkiycha yoki arabcha-forscha lug'atlar o'rta asrlarda ham mavjud bo'lganu, ammo ular birinchidan qo'lyozma, ko'pi toshbosma tarzida bo'lgani, ikkinchidan, nusxalarning o'ta kamligi, borlari ham faqatgina maxsus kitob fondlarida saqlangani sababli tolibi ilmlar ulardan foydalanishb deyarli imkonsiz edi.
Masalan, Rizo Muhammad al-Xorazmiyning “Muntaxab al-lug'ot” (1798 y.) va Muhammad Latif Abdussalom al-Bulg'oriyning “Hall al-lug'ot” (1830 y., Buxoro) arabcha-o'zbekcha (turkiycha) lug'atlari shular jumlasidandir. XX asr boshiga kelib, atoqli ma'rifatparvar adib, alloma Ishoqxon to'ra Ibrat tomonidan 1901 yili ikki jildda ko'p tilli: arabcha-forscha-o'zbekcha-turkcha-hindcha-ruscha lug'at nashr etildi.
Shuningdek, B.Hasanovning “Qur'oni karim so'zlarining arabcha-o'zbekcha ko'rsatkichli lug'ati” (1995 y.), “Arabcha-o'zbekcha boshlang'ich lug'at”i (1996 y.), B. Ibrohimov hamda O. Musaevlarning “Arabcha-o'zbekcha o'quv lug'at”lari, A. Abdujabborov hamda N. Orifxo'jaevlarning 3000 so'zli “Arabcha-o'zbekcha-ruscha chastotali lug'at”i (1998 y.), Odiljon Nosirov, Muhammadjon YUsupov va b. hammuallifligida Baranovning “Arabsko-russkiy slovar`”ini o'zbek tiliga tarjima qilish orqali tuzilgan “an-Naim” (2003 y.), keyinroq esa to'ldirilgan “an-Naim ul-kabir”, T.Qodirovning “Arabcha-o'zbekcha-ruscha tematik lug'ati” (2006 y.) kabi bir qator lug'atlar dunyo yuzini ko'rdi.
2011 yilga kelib ham lug'atshunoslik ishlari davom ettirildi: mumtoz, ham zamonaviy arab tilidagi manbalar, yozma va og'zaki nutq leksikasini to'la qamrab olgan, arab va g'arb lug'atnavisligi yutuqlarini o'zlashtirgan, ko'plab birlamchi asl manbalarga tayanib mukammal entsiklopedik lug'at tuzish ishlari boshlandi.
Atoqli sharqshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, akademik Ne'matulloh Ibrohimovning bevosita rahbarligi va tahriri ostida arabshunos-sharqshunoslar Abdulhakim Aripov, Akmaljon Ikromjonov va Abdulhamid Zayrievlarning 10 yillik mehnatlari mahsuli o'laroq tarixiy mega loyiha – 100 mingdan ortiq so'z va iboralarni o'z ichiga oluvchi to'rt jildli mukammal “Al-Qomus: arabcha-o'zbekcha qomusiy lug'at” tuzildi. Ushbu nodir xazina G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi. Lug'at to'rt jilddan iborat bo'lib, mumtoz, zamonaviy arab adabiy va so'zlashuv tilidagi yuz mingdan ortiq so'z hamda iboralarni, shuningdek, fan, texnika, san'at va madaniyat sohalariga oid atama hamda tushunchalarni o'z ichiga oladi.
Lug'atning ahamiyatli tomoni shundaki, unda arab tilining bugungi so'zlashuv hayotida faol qo'llanayotgan so'zlar bilan bir qatorda, zamon taraqqiyoti bilan hamnafas shaklda rivojlanib borayotgan texnologiyaning eng yangi atamalari, shuningdek, arab mumtoz adabiyotiga oid so'z va iboralar, ayniqsa, muqaddas dinimizning asosiy manbai bo'lgan Qur'oni Karim oyatlariga oid so'zlarning o'zbek tilidagi ma'nolari keng yoritib berilgan.
Mualliflar arabcha so'zlarning o'zbekcha tarjimasini berish bilan kifoyalanmasdan, har bir so'z, uning har bir ma'nosi yanada tushunarli bo'lishi uchun asl arabcha manbalardan misollar hamda maqol, matal, she'riy namunalar keltirishgan. Berilgan misol va iqtiboslarning o'zbekcha tarjimasi ham g'oyat nafis hamda aniqligi bilan e'tiborga molikdir.
– “Al-Qomus” – qomusiy lug'at, unda tarixiy shaxslar, jug'rofiy nomlar, ularning atalish sabablari, ko'plab o'simligu hayvonlarning o'zbekcha muqobillari bilan birgalikda ilmiy nomlari ham berilganki, bu turli ilm-fan vakillarida ham qiziqish uyg'otishi tabiiy, – deydi lug'at mualliflaridan biri Akmaljon Ikromjonov. – “Al-Qomus” lug'ati o'zbek xalqining hali to'liq o'rganilmagan ilmiy-ma'naviy meros, ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy asarlarni aniq ilmiy tarjima qilish borasida ishonchli manba bo'lib xizmat qiladi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri