1-SAVOL: Arizalar sudlarga taalluqli boʻlmaganligi uchun rad etish taqiqlanishi haqida oʻqidim. Buda fuqaro xohlagan sudga murojaat qilsa ham qaytarmasdan tegishli tartibda koʻrib chiqiladimi?
JAVOB: Joriy yil 29-yanvar kuni davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, endilikda arizalarni sudga taalluqli boʻlmaganligi sababli rad etish yoki ish yuritishni tugatishni taqiqlanadi.
Agarda fuqarolar tomonidan berilgan arizalar sudga taalluqli boʻlmaganda ularni koʻrib chiqish vakolatli sudga oʻtkaziladi. Bunda fuqarolar ovora qilinmaydi.
Shuningdek, ushbu qarorga koʻra bir sud ishi doirasida baʼzilari maʼmuriy sudga, boshqalari esa fuqarolik sudga taalluqli boʻlganda ularni birlashtirish taqiqlanadi.
Bundan tashqari davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish maqsadida quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- maʼmuriy sudlarga dalillarni yigʻish majburiyati yuklanadi, huquqi buzilganlarga esa dalillarni yigʻishda faqat oʻz imkoniyatidan foydalanish sharoiti yaratiladi;
- davlat organlari qarorlari natijasida yetkazilgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqi beriladi;
- maʼmuriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari tomonidan ijro qilinmaganda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalari qoʻllanadi.
Ushbu tariblarni joriy etilishi, aholi yengillik yaratish va turli ovoragarchiliklarni oldini oladi.
2-SAVOL: Assalomu alaykum. Men yaqinda fermer xoʻjaligi ochmoqchiman. Ochishdan avval fermer xujaligining huquqlarini bilib olsam zarar qilmaydi. Qonunchilikka koʻra, fermer xoʻjaligi qanday huquqlarga ega. Shu haqida maʼlumot bersangiz.
JAVOB: Qonunchilikda fermer xoʻjaliklarining huquqlari “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda aniq qilib belgilab qoʻyilgan.
Mazkur Qonunga koʻra, fermer yetishtirgan mahsulot uning mulkdir va u davlat himoyasida. Konstitutsiyaning 53-moddasiga koʻra xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Shuningdek, mazkur Qonunning 16-moddasida fermer xoʻjaligining huquqlari belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra fermer xoʻjaligi:
- berilgan yer uchastkasida oʻz ustavida nazarda tutilgan ixtisoslashuvga va ijaraga olish shartnomasiga muvofiq fermer xoʻjaligining ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish;
- yer uchastkasini yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xoʻjalik ekinlarini oraliq ekish uchun ikkilamchi ijaraga berish;
- xarid qilinadigan mahsulotga oldindan haq toʻlanadigan fyuchers kontraktlari tuzish;
- yetishtirgan mahsulotini, shu jumladan bu mahsulotni isteʼmolchilarga realizatsiya qilish huquqini oʻz xohishiga koʻra tasarruf etish;
- yetishtirayotgan mahsuloti, bajarayotgan ishlari va koʻrsatayotgan xizmatlariga narx belgilash;
- olgan daromadlarini (foydasini), bank muassasasidagi oʻzining hisobvaraqlarida boʻlgan pul mablagʻlarini tasarruf etish;
- aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlar olish;
- kreditlar olish uchun oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qoʻyish va qonunda belgilangan boshqa huquqlarga egadir.
3-SAVOL: Savolim shundan iboratki, men farzandim uchun sobiq turmush oʻrtogʻimdan aliment olaman. Sobiq turmush oʻrtogʻim 2 yil avval Rossiya davlatiga ishlashga ketgan. Toʻlaniyotgan aliment soʻmmasi yetmayapti. Shuni koʻpaytirsam boʻladimi?
JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi 99-moddasiga asosan agar voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan: ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining:
- bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi;
- ikki bola uchun — uchdan bir qismi;
- uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.
Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak. Siz tegishliligi boʻyicha fuqarolik sudiga murojaat qilish orqali aliment miqdorini koʻpaytirish toʻgʻrisida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishingiz mumkin.
4-SAVOL: Oilada sakkiz jonmiz oʻzim oʻqituvchi ota onam pensioner turmush oʻrtogim uy bekasi 4 nafar voyaga yetmagan farzandlarim bor.
Oilada moddiy tomondan ozgina qiyinchiliklarimiz bor. Onam ikkinchi gurux nogironi va nafaqa oladi 1972-yil tugʻilgan. Onamni ayollar daftariga roʻyxatga olsa boʻladimi? Ayollar daftariga kirsa qanday imtiyozlar bor shular xaqida batafsilroq maʼlumot bering iltimos
JAVOB: Vazirlar Mahkamasining 250-sonli Qaroriga muvofiq har bir sektor kesimida mahallabay “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar (bandligi taʼminlanmagan, ishlash istagida boʻlgan, daromad manbaiga ega boʻlmagan, shu jumladan, mehnat qilish qobiliyatini qisman yoʻqotgan, biroq ishlash ishtiyoqi boʻlgan xotin-qizlar);
- boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj 1 va 2 guruh nogironligi boʻlgan xotin-qizlar;
- uy-joyini taʼmirlashga muhtoj 2 guruh nogironligi boʻlgan xotin-qizlar (mehnat qilish qobiliyatini butunlay yoʻqotgan, yolgʻiz yashaydigan, uy-joyini taʼmirlash imkoniyati boʻlmaganlar);
- noturar joylarda istiqomat qilayotgan, oʻzining yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar joy mavjud boʻlmagan xotin-qizlar;
- qaramogʻida nogironligi boʻlgan bolasi mavjud yolgʻiz ayollar;
- tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
- huquqiy yordam olishga muhtoj xotin-qizlar (huquqiy maslahat olish istagida boʻlgan, huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida murojaat qilganlar);
- psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlar (tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar).
5-SAVOL: Assalomu alaykum. Oʻzim xorijiy davlat oliy taʼlim muassasasida 2 kursda oʻqiyman. yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan “perevod” qilish toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Men ham shunga ishongandim, lekin bu xabar FAKE XABAR ekanligi aniqlandi. Shunga oʻxshash yolgʻon maʼlumotlar tarqatayotgan shaxslarga qonunchilikda javobgarlik mavjudmi?
JAVOB: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning
202 prim 2-moddasiga koʻra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish BHMning 50 (13 mln 500 ming soʻm) baravaridan 100 (27 mln) baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, yolgʻon xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham mavjud. Xususan, Fuqarolik kodeksining 102(1) moddasida shaxsning or-nomusi, shaʼni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʻsini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli maʼnaviy zarar yetkazilgan boʻlsa, yetkazuvchining aybidan qatʼiy nazar qoplanishi lozimligi koʻrsatib oʻtilgan
Bundan tashqari Jinoyat kodeksining 244 prim 6-moddasiga muvofiq maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin ham ushbu xatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (54 mln ming soʻm) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
6- SAVOL: Assalomu alaykum. Hozirgi kunda kontrafakt mahsulotlar soni oshib bormoqda. Umuman qonunchilikda shunday mahsulotlar sotganlik yoki tarqatganlik uchun javobgarlik bormi? Shu haqida maʼlumot bersangiz
JAVOB: Haqiqatdan ham soʻngi vaqtlarda kontrafakt mahsulotlar soni oshmoqda. Buni oldini olish maqsadida Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan “Kontrafatsiz mahsulotlar oyligi” oʻtkazilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga koʻra, Oʻzganing tovar belgisidan, xizmat koʻrsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan oʻxshash boʻlgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud oʻzganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.