Davlatimiz rahbarining 2022 yil 10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida ulug‘ alloma va mutafakkirlarimizning ko‘plab bebaho asarlarini, noyob yozma manbalarni saqlash, o‘rganish va kelajak avlodga bezavol yetkazish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlangan edi. Bugun ana shu ezgu vazifalar ijrosiga jadal kirishilganining guvohi bo‘lib turibmiz.
Mir Haydar XV yuz yillikning birinchi yarmi Temuriylar davri turkiy adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri bo‘lib, “Maxzanu-l-asror” masnaviysi bilan shuhrat qozongan.
Eski yozma manbalarda shoirning oti bir necha ko‘rinishda uchraydi.
“Maxzanu-l-asror”ning Abdurrazzoq baxshi ko‘chirgan qo‘lyozma nusxasidagi asar sarlavhasida muallifning oti unvoni bilan “Mavlono Haydar” deyilgan.
Asarning Istanbuldagi To‘pqopi Saroyi kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmasidagi sarlavhada muallifning oti laqabi bilan “Mavlono Haydar telba” deya tilga olinib, uning o‘zi “Sulton Iskandar Sheroziyning modihi ekandur” deb qayd etilgan. Bu o‘rinda “modih” – “maqtovchi, maddoh, madh etuvchi” anglamidadir.
“Maxzanu-l-asror”da shoir o‘zining otini “Haydar va “Haydariy” degan. Mana o‘shaning misoli:
Tutti jihon zamzama-yi Haydariy,
To‘ldi sado gumbad-i nilufariy.
Shayx Ahmad Taroziy o‘zining “Fununu-l-balog‘at” otli adabiyotshunoslik kitobida she’r turlari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, ulug‘ sharq klassiklari asarlaridan o‘rnaklar keltiradi. Ularning boshlanishiga egalari unvonu fazilatlari bilan yozib qo‘yilgan. Shular orasida Mir Haydar ham bor. Uni “Mavlono Haydar” deb atab, she’rlaridan o‘rnaklar keltirgan.
Alisher Navoiy “Majolisu-n-nafois” tazkirasining ikkinchi majlisida shoirga maxsus bo‘lim ajratib, uning otini “Mir Haydar majzub” degan. Klassik matnlar, xususan, Navoiy asarlarida “majzub” so‘zi “aqldan ozgan, telba; haqiqiy ishq jozibasini kechirgan kishi” ma’nolarida keladi. Mir Haydar otiga qo‘shilayotgan laqab, harqalay, tasavvufiy ma’noda “haqiqiy ishq jozibasini kechirgan kishi” degani bo‘luvi kerak.
Navoiy “Majolisu-n-nafois”ning yettinchi majlisida ham Mir Haydarni tilga olib, uni “Mavlono Haydar turkiygo‘y” degan. U Sulton Iskandar Sheroziy to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, shunday yozadi: “… yeti yo sekiz yilliq saltanatida go‘yoki, uch ganj tapipdur. Mavlono Haydar turkiygo‘y aning modihi ekandur. Bu aning masnaviysidin durur-kim:
Himmat elidur yod-i baydo degan,
Er nafasidur dam-i Iyso degan”.
Alisher Navoiy “Muhokamatu-l-lug‘atayn”da Temuriylar zamonida yetishib chiqqan yirik turkigo‘y shoirlar to‘g‘risida so‘zlar ekan, Mir Haydarni ham tilga oladi. Uni “Haydar Xorazmiy” degan.
Navoiy yozadi: “Temur Kuragan zamonidin farzand-i xaliq Shohrux sultonning zamonining oxirig‘acha turk tili bila shu’aro paydo bo‘ldilar va ul Hazratning avlod-u ahfodidin ham xushtab salotini zuhurg‘a keldi. Shu’aro Sakkokiy-vu Haydar Xorazmiy va Atoyi-vu Muqimiy va Yaqiniy-vu Amiriy va Gadoyideglar”.
Shoirning oti va uning masnaviysi “Abushqa” lug‘atida ham tilga olingan. Lug‘atchi, klassik o‘zbek tilida ishlatilgan so‘zlarning ma’nosini ochiqlar ekan, ulug‘ ijodkorlarning asarlaridan o‘rnaklar ham keltiradi. Shularning orasida Mir Haydar ham bor. Masalan, “ko‘kla” so‘zining ta’rifida yozadi: “ko‘kla” – “kof”lar “kof-e arabiy”dur, amr edup “soz chal” ma’nosinadur-ki, “ Maxzan Mir Haydar”da maqola-i avvalda kelur-ki, bayt:
Turk surudini tuzuk birla tuz,
Yaxshi ayalg‘u bila ko‘kla qo‘buz”.
Kunimizgacha “Maxzanu-l-asror” masnaviysining uyg‘ur va arab yozuvli qo‘lyozmalari yetib kelgan. Masnaviyning arab yozuvli qo‘lyozmalari ko‘p; fanga ma’lum bo‘lganlari yigirmaga yaqin. Uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalar uchta, ular asarning eski va o‘ta qadrli nusxalaridir.
Birinchisi, “Maxzanu-l-asror”ning Aliyshoh baxshi tarafidan uyg‘ur xatida ko‘chirilgan, hozirda Berlindagi Milliy kutubxonada Ms. orient. Oct. 358 ko‘rsatkichi ostida saqlanayotgan qo‘lyozmasi. Ushbu qo‘lyozma masnaviyning bizgacha yetib kelgan nusxalari orasida eng eskisi bo‘lib, ham yozuv tarixi, ham matn tarixi uchun muhim ahamiyatga egadir.
Muqovasi o‘ziniki, jigarrang charmdan. Ustki muqovaning o‘rtasida yirik bodomsimon tamg‘a, ustiga va ostiga naqshli kichik tamg‘achalar ishlangan, yozuvi yo‘q.
Kitobning boshlanishidagi ikki beti bo‘sh. Keyingi varaqlaridan boshlab, har qaysi varaqning ustki burchagiga hozirgi yozuvda raqamlab chiqilgan. Lekin esiz, bu yangi raqamlar varaqlar ketma-ketligini tiklashga imkon bermaydi. Aftidan, kitob so‘nggi kutubxonaga kelib tushganda varaqlari chiqib, qorishib ketgan chog‘i. Kutubxonada unutilgan yozuvini o‘qiy olmay, turgan holida eski muqovaga tikib qo‘yilavergan ko‘rinadi.
1a-betida bir necha muhrlar bosilib, ular bilan bog‘liq qaydlar bitib qo‘yilgan. So‘nggi muhrdan boshqalari arab xatida. Eng ostidagi muhri va kitob bilan bog‘liq bir necha qaydlar yangi. Ular kitobning kutubxonadan-kutubxonaga o‘tib kelganini bildiradi.
Asar matni kitobning 1b-betidan boshlanadi. Kitob naqshli unvon bilan ochiladi; boshdan-oxir zarhal chiziqli jadvalga olingan. Orada sarlavhalar uchun joy qoldirilgan; ular ham zarhal chiziqlar bilan o‘rog‘liq. Chamasi baxshi sarlavhalarni boshqa bir siyohda, o‘ziga yarasha xat uslubida yozib chiqishni ko‘zlagan ko‘rinadi, lekin ish tugamay qolgan.
Matn yolg‘iz uyg‘ur xatida. Ilk unvonli betida yetti qator, qolganlarida o‘n bir qatordan qilib bitilgan. Qatorlarning oralari ochiq. Kimdir keyinchalik bundan foydalanib, asar boshlanishidagi to‘rt qatori, 2a-betidagi birinchi qator ostiga uyg‘ur yozuvli matnning o‘qilishini arab yozuvida yozib chiqqan. Xat uslubi va oddiyligi ham uni boshqa bir kimsa yozib qo‘yganini bildirib turibdi. Lekin uyg‘ur yozuvli matn oraliqlari keyinchalik uning o‘qilishi arab xatida yozib chiqishga mo‘ljallangan emas. Uyg‘ur yozuvli matnga satr uzra bir chiziqda harakatlar qo‘yib chiqishni mo‘ljallab oraliq keng olingan. Yana bir jihati, agar oraga arab xati bilan o‘qilishini yozib chiqish mo‘ljallanganida uyg‘ur yozuvli matnga arabcha diakretik belgilar boshdan oxir qo‘yib chiqilmagan bo‘lardi.
Qo‘lyozmani ko‘chirgan baxshining oti kitob so‘ngida – asar tugagandan keyin “Aliyshoh baxshi” deb yozib qo‘yilibdi. Temuriylar zamonida uyg‘ur xatida bituvchi xattotlarni “baxshi” deganlar.
Aliyshoh baxshi Hirot baxshilar maktabining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri. U yana “Me’rojnoma”, “Tazkira-yi avliyo” asarlarini ham uyg‘ur xatida ko‘chirgan; o‘ta mahoratli baxshi.
Ikkinchisi, Istanbul universiteti kutubxonasida saqlanayotgan FY 1423 ko‘rsatkichli qo‘lyozmaning 10b–11a- betlarida “Maxzanu-l-asror”dan olingan 33 baytli uzindi bitilgan. Uyg‘ur yozuvli matn tevaragida arabcha va forscha matnlar ham bor. “Maxzanu-l-asror”ning boshlanishiga kufiy uslubida basmala yozilib, ostida uyg‘ur xati bilan “Min maqolat-i Maxzanu-l-asror” deb sarlavha qo‘yilgan. Ikkala betdagi uyg‘ur yozuvli matn yirik va kichik harflarda: yirik harflar arab xatining kufiy uslubi singari; kichik harflar esa uyg‘ur yozuvli “Qutadg‘u bilig”, “Me’rojnoma”, “Tazkira-yi avliyo” qo‘lyozmalarining xat uslubidadir.
11a-betining ostida kitoba qaydi ham yozib qo‘yilibdi. Unga ko‘ra, ushbu matnni Zaynu-l-obidin Al-Husayniy bitgan. Hozirgacha saqlangan uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalarga ko‘ra, Zaynu-l-obidin baxshi Samarqand baxshilar maktabining taniqli kishilaridan bo‘lib, uning tarafidan bitilgan uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalar Sharqda dovrug‘ qozongan. Shulardan biri, “Hibatu-l-haqoyiq”ning 1441 yili Samarqandda ko‘chirilgan uyg‘ur yozuvli nusxasidir.
Uyg‘ur xatining kufiy xati singari uslubini Zaynu-l-obidin ko‘chirgan qo‘lyozmalardagina ko‘rdim. Adib Ahmad Yugnakiy asarining Samarqand qo‘lyozmasida ham kufiy singari uslubda “Atabatu-l-haqoyiq kitobi” deb sarlavha qo‘yilgan. Asardagi hamd bo‘limining “Nabiy, alayhis-salom, na’tinda” sarlavhasi ham ana shunday xat uslubida.
Uchinchisi, “Maxzanu-l-asror” masnaviysining Abdulrazzoq baxshi tarafidan 1480 yili Istanbulda ko‘chirilgan uyg‘ur yozuvli majmua tarkibidagi nusxasi. Qo‘lyozma hozirda Istanbuldagi Ayo-sofiya masjidi kutubxonasida 4757 ko‘rsatkichi bilan saqlanmoqda. Masnaviyning saqlangan qo‘lyozmalari orasida tartibli bitilganlaridan biri.
Kitobning muqovasi o‘ziniki, qoramtir charmdan; qopqoqli muqova. Muqovaning yuziga ham, ters tarafiga ham bodomsimon tamg‘a ishlanib, ularning uchi va ost qismiga kichik naqshlar chizilgan. Qopqog‘ida esa doirasimon naqshi bor. Muqovaning, qopqog‘ining ham tevaragi naqshli jadvallar bilan o‘rog‘liq. Muqovadagi jadvallar va tamg‘alar zarhalda.
Majmuaning 1b–27a- betlariga Adib Ahmad Yugnakiy qalamiga tegishli “Hibatu-l-haqoyiq” asari bitilgan. Mir Haydarning “Maxzanu-l-asror” asari esa majmua kitobning 28b–81a- betlarida.
Majmuadagi barcha asarlar ikki xil yozuvli: matn uyg‘ur xatida bitilib, uning o‘qilishi tagida arab xatida yozib chiqilgan.
Qo‘lyozmaning ko‘chirilish tarixi (kolofon) bir o‘rinda – “Maxzanu-l-asror” tugaganidan so‘ng bitilgan, xolos. U shunday o‘qiladi: “Tarix sekiz yuz seksan do‘rtda, to‘ng‘uz yili, zulqada ayining o‘n yetisida, shamba kuni tamom bo‘ldi. Qutlug‘ bo‘lsun, davlat kelsun, mehnat ketsun tep Shayxzoda Abdulrazzoq baxshi Qustantaniyada bitidi”. Uyg‘ur yozuvli matnda yana “bitidi” so‘zining oxiriga baxshi o‘z qo‘lini ham qo‘yib qo‘ygan.
Muhimi shundaki, Abdulrazzoq baxshi asli samarqandlik. Keyinchalik turk sultonining da’vati bilan Istanbulga borib, o‘sha yerda uyg‘ur yozuvli qo‘lyozma kitoblarni ko‘chirish bilan shug‘ullangan. Uning uchun uyg‘ur yozuvli kitoblar Hirot, Samarqand, Yazd madaniy markazlaridan yetkazib turilgan. Hatto “Qutadg‘u bilig”ning mashhur uyg‘ur yozuvli nusxasi Hirotdan uning uchun yuborilgan. Ushbu qo‘lyozmaning oxirgi betiga Abdulrazzoq baxshi o‘z she’rlaridan ham bitib qo‘ygan, lekin “Qutadg‘u bilig”dan nusxa ko‘chirganmi-yo‘qmi, aniq emas. Yana bir jihati, Abdulrazzoq baxshi o‘z she’rlaridan keyin uyg‘ur xatida qo‘l qo‘yib, tagiga “baxshi belgusi” deb yozib ham qo‘yibdi. “Maxzanu-l-asror” oxiridagi tarix oxiriga qo‘yilgan qo‘l ham aynan shuning o‘zi.
Ushbu qo‘lyozma nusxaning yutuqlaridan biri, asar va ichki bo‘lim hamda hikoyatlarning sarlavhalari to‘liq qo‘yib chiqilgan.
Asarning boshlanishiga: “Maxzanu-l-asror-i Mavlono Haydar alayhi-r-rahma” deb sarlavha qo‘yilgan.
Ichki sarlavhalari ikki xil: boshlanishidagi va matn davomidagi ayrim sarlavhalar arabcha va forscha, ular zarhalda bitilgan.
Turkiy sarlavhalar quyuq qorada uyg‘ur xati bilan, o‘qilishi esa tagma-tag arab xatida bitilgan. Turkiylari shunday: “Mirzo Iskandarning husn-i taxallusi”; “Yaqubi payg‘ambar hikoyati, alayhis-salom”; “Sulton Temurbekning bu bir hikoyati, taqrib-i tasrif uchun aytur”; “Sulaymon payg‘ambar alayhis-salomning hikoyati, taqrib uchun kelturup turur” singari.
Asar boshdan oxir qorada uyg‘ur harflari bilan, ularning o‘qilishi arab harflari bilan qirmizi rangda bitilgan; har betida o‘n bir qatordan. Xati nihoyatda chiroyli. Tartib bilan ko‘chirilgan qo‘lyozma.
Uyg‘ur yozuvli matnning xat uslubi “Qutadg‘u bilig”, “Tazkira-yi avliyo”, “Hibatu-l-haqoyiq”ning Zaynu-l-Obidin baxshi ko‘chirgan Samarqand qo‘lyozmasi uslubidan farq qiladi.
Har qaysi varaqning ostida uyg‘ur yozuvli matnga poygir belgilari qo‘yib ketilgan. Qo‘lyozma kitobning 81b–88b-betlariga Mavlono Lutfiy va Sakkokiyning g‘azallaridan bitilgan.
Mavlono Lutfiy g‘azallariga “Lutfiy aytur”, “Bu dag‘i Lutfiyning g‘azali”, “Bu dag‘i Lutfiyning”, “Mavlono Lutfiyning g‘azali”, “Lutfiy g‘azali” deb, Sakkokiy g‘azallariga esa “Sakkokiy aytur”; “Sakkokiyning g‘azallaridin yana bir g‘azal aytur” deb sarlavhalar qo‘yib chiqilgan. Ular ham quyuq qorada uyg‘ur xatida bitilib, o‘qilishi tagma-tag arab xatida berilgan.
Temuriylar davri yozuv madaniyatida o‘tmish an’analariga, ota-bobolardan qolgan yozuvlarga e’tibor katta edi. Temuriylar davlatida tarixnavislik, badiiy adabiyot, ta’lim va fan sohasi, davlat devonxonalari va xo‘jalik ishlarida, rasmiy-diplomatik munosabatlarda ikki xil yozuv – eski uyg‘ur va arab alifbolari ishlatilgan. Uyg‘ur yozuvi Temuriylar davlatining rasmiy yozuvi edi. Turkiy-islom dunyosida otalardan qolgan ushbu yozuvni so‘ng bor ishlatgan ham temuriylar bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘sha chog‘lardan qolgan eski o‘zbek yozma adabiy tili (“chig‘atoy tili”) yodgorliklari ikki xil — uyg‘ur va arab yozuvlaridadir.
Turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida XIV–XV yuzyillar eski turkiy yozuvdan arab xatiga o‘tish bosqichi sanaladi. Shunga qaramay, badiiy adabiyot, tarixnavislikda, shu qatorda davlat hujjatchilik ishlari, xalqaro diplomatik munosabatlarda uyg‘ur xatining (Navoiy so‘zi bilan aytganda “turkcha xat”ning) mavqei yuqori edi. Eski turk yozuv an’anasini saqlab, turk-islom dunyosida uyg‘ur xatini so‘ng bor qo‘llagan ham temuriylardir. Temurbek o‘z saltanatining rasmiy ishlarida, ichki hamda tashqi diplomatik munosabatlarda, badiiy adabiyot sohasida, bilim kishilari orasida ota-bobolardan meros qolgan uyg‘ur xatining keng amal qilishiga hayrixohlik qildi va buning ijrosiga katta e’tibor qaratdi. Temuriylar davrida uyg‘ur xati arab xati bilan tengma-teng, turkiy yozma adabiy tilining yetakchi, butun bir saltanatning ish yurituvchi rasmiy yozuvi edi. Temuriylar davri madaniy va adabiy aloqalari ta’sirida turk sultonlari ham o‘z saroylarida uyg‘ur xatini ishlatgan.
Mir Haydarning “Maxzanu-l-asror” masnaviysi XV yuz yillikning birinchi yarmi o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan asarlaridan biridir. Shoir Mir Haydarning, qolaversa, o‘sha davrda yashab ijod qilgan, Atoyi, Gadoyi, Lutfiy, Sakkokiy singari ijodkorlarning savodi uyg‘ur xatida chiqqan. Mir Haydar o‘zining “Maxzanu-l-asror” masnaviysini ham uyg‘ur xatida yozib, Sulton Iskandarga tortiq qilgan bo‘luvi kerak. Asarning arab yozuvli nusxalari keyinchalik ana shu matnga tayanib ko‘chirilgan deyish mumkin.
Asarning kunimizgacha yetib kelgan qo‘lyozmalari uyg‘ur va arab yozuvlarida bo‘lib, uyg‘ur yozuvidagilari ancha eski. Yana bir jihati, masnaviyning Hirotda Aliyshoh baxshi va Istanbulda Abdulrazzoq baxshi ko‘chirgan qo‘lyozmalari o‘rta asrlar kitobat san’atining nodir yodgorliklari sanaladi.
Aytish o‘rinliki, masnaviyning hozirgi ilmiy nashrlari, arab yozuvli nusxalar asosida yaratilayotir. Uyg‘ur yozuvli nusxalar esa chetda qolmoqda. Vaholanki, muallif matnini tiklashda uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalarning ahamiyati muhimroq. Shu jihatdan, masnaviyning uyg‘ur yozuvli nusxalarini o‘rganishga ham katta e’tibor qaratilmog‘i kerak.
Qosimjon SODIQOV,
filologiya fanlari doktori, professor