Buyuk tarixiy shaxslar haqida yoki ularning nomi bilan bogʻliq holda turli xil asossiz afsonalar, mish mishlar tarqalishi, maʼlum bir maqsadlar yoʻlida tarqatilishi insoniyat tarixida koʻp uchraydigan holatlardan biridir. Amir Temur faoliyati va shaxsiyati bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlar ham bundan mustasno emas. Bunday afsonalar, aql ishonmaydigan rivoyatlarning ilm-fan taraqqiy etgan zamonaviy dunyoda ham tarqatilayotganligi achinarli holat, aslida.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Indiana Jons Oʻzbekistonda» nomli videorolikda Amir Temurning “oʻlim otasi” sifatida taʼriflangani, uning yurishlari oqibatida 17 milliondan ortiq odam halok boʻlganligi, bu esa XIV asrda Yer yuzida yashagan barcha aholining 5 foizini tashkil etgani kabi asossiz maʼlumotlar berilgan boʻlib, jamoatchilikning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Amir Temur haqida turli tillarda minglab tarixiy asarlar, risola va maqolalar yaratilgan. Yaʼni, Amir Temur haqida soʻz yuritilarkan, oʻqib oʻrganish, turli maʼlumotlarni tahlil etish hamda ommaga yetkazish uchun keng imkoniyat mavjud. Lekin u haqida hamon turli tuhmatlar, aqlga sigʻmas notoʻgʻri maʼlumotlarning targʻib qilinayotganligi va uning Amir Temur tugʻilgan, oʻz umrini, butun aql zakovatini bagʻishlagan yurtda amalga oshirilayotganligi afsuslanarlidir.
Amir Temur urushlar davrida yashagan oʻrta asr sarkardasi, u oʻz davri qonunlari doirasida faoliyat olib borgan. Uning davlatchilik faoliyati asosan ikki bosqichga boʻlish mumkin. Birinchi bosqich 1360 – 1381-yillarni oʻz ichiga olgan boʻlib, bu davrda Amir Temur markazlashgan davlat tuzish, Movarounnahrda moʻgʻul bosqinchilaridan mustaqil davlat barpo etish uchun kurash olib bordi. 1381 – 1404-yillarda esa Sohibqiron oʻz davlati hududlarini kengaytirish uchun harbiy yurishlar olib bordi.
Avvalo, Amir Temur tugʻilgan tarixiy vaziyatga eʼtibor qaratsak. Mamlakatning moʻgʻul istilochilari zulmi ostida qolib xalqimiz eng buyuk neʼmat mustaqillikdan mahrum etilgani, ijtimoiy- iqtisodiy hayotda qashshoqlik, fan va madaniyatda tushkunlik hukm surayotganligi sharoitida Sohibqironning bolaligi, yoshligi kechdi. Mamlakat mustaqilligini, jamiyat hayotining barcha sohalarida taraqqiyotni taʼminlash tarixiy zaruriyatga aylandi. Aynan shu tarixiy zaruriyat talablariga javob bera oladigan xislatlarga, salohiyatga ega boʻlgan tarixiy shaxsga ehtiyoj tugʻilgan bir sharoitda Amir Temur tarix sahnasiga chiqdi. Uni oiladagi tarbiya, ustozlarining oʻgitlari, xalqning dardini va davr muammolarini his etish hamda uni yechimlari boʻyicha izlanish qobiliyati shunday shaxs sifatida shakllantirdi.
Shu oʻrinda uni buyuk fotihlarining eng mashhurlari Aleksandr Makedonskiy hamda Chingizxondan farqli ravishda oddiy oilada tugʻilib, tarbiya koʻrganligi eslab oʻtish lozim. Aleksandr Makedonskiy podshohning oʻgʻli va valiahdi, Chingizxon esa qabila sardorining farzandi boʻlgani holda fotihlikda ulardan kam boʻlmagan Amir Temur barlos qabilasi beklaridan biri Taragʻaybekning oʻgʻli edi, xolos. Oʻz xalqining kuch-qudrati va salohiyatiga boʻlgan ulkan ishonch, ularni buyuk bunyodkorlik ishlari yoʻlida birlashtira olish salohiyati Amir Temurni ushbu buyuklik choʻqqisiga olib chiqdi.
1360-yili Moʻgʻuliston xoni Toʻgʻliq Temurxon Movarounnahrga bostirib kirgan vaqtda oʻz siyosiy va harbiy faoliyatini boshlagan Sohibqiron 1370-yilga kelib, nafaqat mamlakatdan bosqinchilarni quvib chiqardi, balki uni yagona davlat sifatida birlashtira oldi ham. Bu bilan eng muhim tarixiy vazifa bajarilgan edi.
Lekin bu buyuk ishlarning boshlanishi boʻldi. Mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, uni xavfsizligini taʼminlash qisqa qilib aytganda “tenglar ichra teng yashash” zarur edi. Oltin Oʻrda va Moʻgʻuliston kabi yirik koʻchmanchi davlatlarning Movarounnahr boʻlgan daʼvolariga, oʻtroq hududlarni tinimsiz talon-taroj qilinishiga chek qoʻyish, xalqning tinch bunyodkorlik faoliyati bilan shugʻullanishiga sharoit yaratib berish navbatdagi muhim vazifaga aylandi. Sohibqironning 1371-1390-yillar davomida Moʻgʻulistonga 7-marta, Oltin Oʻrdaga esa 1391 va 1395-yillarda 2-marta uyushtirilgan harbiy yurishlari natijasida ushbu davlatlarning harbiy qudrati sindirildi.
Amir Temur davlatchilik faoliyatining ikkinchi bosqichida olib borilgan harbiy yurishlari natijasida nafaqat Movarounnahrda, balki Xuroson, Eron, Kobul, Ozarbayjon, Iroq kabi hududlarda ham oʻzaro urushlarga barham berildi, iqtisodiy rivojlanish uchun sharoit yaratildi. toʻliq xavfsizligi taʼminlandi. Yaʼni Sohibqiron sharqu gʻarbni qayta bogʻladi.
Yuqorida aytganimizdek, Amir Temur oʻrta asr sharoitida yashadi va oʻsha davr urf-odatlari, qonunlari doirasida faoliyat olib borgan. Uning olib borgan urushlar videorolik mualliflar taʼkidlaganidek, katta qurbonlar va vayronagarchiliklar olib kelmagan. Aksincha, u nafaqat oʻz vatanini, balki zabt etgan hududlarni ham obodonlashtirishga, u yerlarda ham bunyodkorlik ishlarini olib borishga harakat qilgan. Shuning uchun ham Sharofuddin Ali Yazdiy u haqida «Hazrat Sohibqironning oliyhimmatida ul erdikim, har safari asnosida borgʻon va biror muddat iqomat boʻlgʻon yerida mamolikka oroyish bermak va xayriyat poydevorining roʻzgʻori bila mashgʻul boʻlur edi», - deb bejiz taʼkidlamagan edi. Aynan uning farmoni bilan Bogʻdod shahridagi vayronagarchiliklar Mirzo Abubakr va mirzo Rustamlar boshchiligida qayta tiklangan. Amir Temur Ozarbayjonda Bayloqon shahrini va “Nahri Barlos” kanalini bunyod ettirgan edi. Sohibqiron oʻzi zabt etgan hududlarni obod qilish bilan birgalikda u yerda adolat ham oʻrnatgan. Tarixiy manbalarda 1403-yili Sheroz viloyatida soliq yigʻish uchun masʼul boʻlgan Mavlono Qutbiddin Qummiy xalqdan 300 ming oltin tanga miqdorida oshiqcha mablagʻ yigʻib xazinaga topshirganida, uning oyogʻiga kunda solingani, xalqqa zulm qilingan soliqchilar dorga osilgani, barcha oshiqcha yigʻilgan mablagʻ egalariga 1403-yil 23-noyabr juma kuni toʻliq qaytarib berilgani, Eron xalqi Sohibqironni yigʻlab duo qilganligi taʼkidlanadi.
Sohibqiron zabt etilgan hududlarni vayron qilish va aholisini qirishdan manfaatdor boʻlmagan. Iqtisodiyotni yaxshi tushungan hukmdor sifatida u yerlarning obod boʻlishi, aholisining koʻpayishi mamlakat xazinasi va qudrati uchun naqadar zarurligini chuqur anglagan. U faqatgina harbiy amaliyotlar vaqtida zarar yetkazishi mumkin boʻlgan baʼzi mudofaa istehkomlarini buzdirgan.
Amir Temur tomonidan zabt etilgan hududlardan oʻtib Samarqandga kelgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning kundaliklarida ham uning Ozarbayjon, Eron hududlaridagi obodonchilik va farovonlikdan hayratga tushganligi qayd etilgan. Uning yozishicha, birgina Tabriz shahrida 1404-yili 200 000 aholi yashagan. Tabriz, Sultoniya shaharlariga butun dunyodan savdogarlar tashrif buyurib, bozorlar mahsulotlarga toʻla boʻlgan. Klavixo taʼrif etgan Tabriz, Sultoniya, Tehron(Ray), Nishopur shaharlarining urushlar davomida bir necha bor qoʻldan qoʻlga oʻtganligini inobatga olsak, qirgʻin va vayronagarchiliklar koʻlami nihoyatda boʻrttirilganligi, mubolagʻalardan iborat ekanligi oydinlashadi. Aynan shunday holatni Sheroz va Isfahon shaharlari misolida ham koʻrish mumkin. Amir Temurning uch, besh va yetti yillik asosiy yurishlari bilan bogʻliq boʻlgan bu hududlardagi obodonchilik, maʼmurchilik, toʻkinchilikni yana nima bilan izohlash mumkin? Agarda videorolik mualliflari qayd etgan qirgʻinlar yuz berganida mazkur hududlar shunchalik obodonchilikka, maʼmurchilikka, qolaversa aholining bu nufuziga erishishi mumkin boʻlmasdi. Hatto Amir Temurning eng ashaddiy qoralovchisi boʻlmish Ibn Arabshoh ham oʻz asarida Bagʻdod aholisi oʻz hukmdorlari Sulton Ahmad Jaloyirning zulmidan bezib, Amir Temur adolatini istaganliklarini yozib qoldirganligi bejiz emas. Rus olimi A.Yu.Yakubovskiy ayni shu holat Tabriz aholisi bilan ham yuz berganini qayd etgan. Demak, xulosa shuki, Amir Temur adolatparvar va bunyodkor shaxs boʻlganligi tarixning oydin haqiqatidir.
Bahriddin USMONOV,
Fargʻona davlat universiteti dotsenti,
Tarix fanlari doktori