Anklav hudud haqida bilasizmi?

    Davergeodezkadastr qo'mitasi raisi Xalilillo To'raxo'jaev ayni kunda ko'p qo'llanilayotgan anklav hudud tushunchasiga izoh berdi.

    — Anklav deb bir davlat yoki tumanning hamma tomondan boshqa davlat yoki tuman hududi bilan o'rab olingan hududi yoki hududning bir qismiga aytiladi. SHu jihatdan, anklav hudud lotinchadan tarjima qilganda “boshqa davlat hududidagi er” ma'nosini anglatadi. Masalan, Farg'ona viloyatiga qarashli So'x, CHo'ng'ara, SHohimardon, Kalacha va Jangail hududlari Qirg'iziston Respublikasi uchun anklav hududlar hisoblanadi.

    Prezidentimiz shu yilning 5 avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o'zaro chegaradosh tumanlari hududlarini o'zgartirish bo'yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishish chog'ida hozirda ko'plab aholi uchun eng dolzarb muammolardan biri bo'lgan anklav hududlar masalasiga ham to'xtalib o'tdi.

    Ayni vaqtda respublikamiz bo'yicha 350 ming gektar maydon anklav hududlar hisoblanadi. Ularning noqulayligi shundaki, fuqarolarga o'zi ro'yxatdan o'tgan tuman markazidan ko'ra, qo'shni tuman markaziga borish yaqinroq. Bu esa ularga ish, maktab, bog'cha va boshqa masalalarda har xil noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Masalan, Toshkent viloyatida 19 ta anklav hudud bor. Ulardan biri bo'lgan Qibray tumanidan keyin CHirchiq shahri boshlanadi, undan keyin yana Qibray tumani keladi. Parkent tumaniga qaraydigan Krasnagorsk shahri esa Angren shahriga qaraydigan bo'lib qolgan. Bo'ka tumanida ham aslida Piskentga qaraydigan anklav hudud bor. CHunki aholiga Bo'ka tumaniga borishdan ko'ra, Piskentga borish yaqinroq. Bu borada fuqarolarga qulaylik yaratish uchun ana shu anklav hududlardan voz kechish talab etilmoqda. Mazkur jihatlarni inobatga olib, shahardan Toshkent viloyatiga 1010 gektar, viloyatdan poytaxtimizga 10196 gektar er maydoni o'tkazilishi rejalashtirilgan.