Antarktida sohillarida jahondagi eng yirik aysberg harakatga keldi

    37 yil davomida Antarktida qirg'oqlari yaqinida dengiz tubiga mustahkam o'rnashgan dunyodagi eng katta aysberg faol harakatlana boshladi, deb xabar bermoqda “CNN” nashri.

    Nashrning Antarktika tadqiqoti olimlari Ella Gilbert va Oliver Marshga tayanib yozishicha, “A23a” deb nomlangan aysberg 1986-yilda Filchner blokidan parchalanib ketgan va o'zi katta muz bo'lagini hosil qilgan. U qisqa muddatda G'arbiy Antarktida qirg'og'idagi Ueddel dengizining tubiga tushgan. Ammo muz shelfining tabiiy o'sishi va erish siklining oshishi natijasida aysberg dengiz tubida bu holatda uzoq turolmasligi mumkin.

    Olimlar “A23a” qalinligini taxminan 400 metr, maydoni esa deyarli to'rt ming kvadrat kilometrni tashkil etishini taxmin qilmoqda. Bu Nyu-Yorkning umumiy maydonidan uch baravar ko'proq degani yoki Toshkent shahriga qaraganda 9 marta kattaroq hisoblanadi.

    Olimlarning taxminiga ko'ra, okean oqimlari olib ketayotgan aysberg katta ehtimol bilan sharqqa qarab yo'l oladi va hozirgi tezligida kuniga taxminan besh kilometrga siljiydi. Ular bunday o'lchamdagi aysberg hatto Janubiy Atlantikaning iliq suvlarida ham ancha vaqt qolishi va shimolga Janubiy Afrikaga qarab harakatlanishidan qo'rqishmoqda.

    2020-yilda olimlar “A68” deb nomlangan yana bir yirik aysberg Janubiy Jorjiya oroli bilan to'qnashib, qirg'oqda qolishi hamda pingvinlar uchun oziq-ovqat yo'lining to'silishini taxmin qilishgan edi. Biroq, aysberg oxir-oqibat mayda bo'laklarga bo'linib ketgandi, deb xabar beradi bugun.uz