Inson aqliy salohiyatining yuksalishida kitobning oʻrni beqiyos. Zero, kitob tufayli dunyoqarashimiz takomillashib, tafakkurimiz yanada boyib boraveradi. Ne-ne ulugʻ zotlar kitobga oshno boʻlib, yetuklikka erishgan, komil inson darajasiga yetishganlar. Donishmandlardan biri: “Oʻzimdagi barcha yaxshi xislatlar uchun kitoblardan bir umr minnatdorman”, degan edi. Uning fikri nechogʻli toʻgʻri ekanligini maʼnaviyati yuksak har bir inson chin qalbdan his etishi shubhasiz.
Kitob – inson maʼnaviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manba hisoblanadi. Kitob oʻqigan inson mulohazali, bilimli boʻlib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan oʻzining dunyoqarashi va fikrlashi bilan ajralib turadi.
Jahon ilm-fani, madaniyatiga beqiyos hissa qoʻshgan al-Buxoriy, at-Termiziy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk mutafakkir-larimizning asarlari bashariyatning bebaho maʼnaviy merosidir. Bundan tashqari, oʻzbek adabiyotining zabardast vakillari Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir asarlari esa oʻzligimizni anglashga, bilim va tafakkurimizni yuksaltirishda alohida qimmatga ega ekanligini hech kim inkor eta olmaydi.
Shu oʻrinda Amir Temur bobomizning “Temur tuzuklari” asari ilk bora oʻqiganimda koʻplab jumlalarni shunchaki oʻqigan ekanman. Biroq hozir qayta-qayta oʻqigach shuni angladimki, maʼnaviyatimiz yuksalishi va tafakkur qilishimiz uchun “nur” boʻla oladigan koʻplab durdona fikrlar mujassam ekan.
Misol uchun: “Tajribamda koʻrilgankim, azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”, degan soʻzlarida yuksak maʼnaviy boylik yotibdi. Zero, ongu shuurini maʼnaviyat chashmasi ila sugʻorib, tadbirli boʻlgan insonning koʻproq jamiyatga foydasi tegadi. Bu kabi kitoblarni baralla tafakkur xazinasi deya olamiz.
Ha, koʻp kitob oʻqigan kishining bilim saviyasi yuqori, muomala madaniyati yuksak, yetuk inson sifatida hayotda oʻz oʻrnini topa oladi. Biroq, bugungi hayotiy kuzatishlarimizdan xulosa qilib aytadigan boʻlsak, kun sayin kitobga, kitob oʻqishga boʻlgan ehtiyoj va intilish, ayniqsa, yoshlar orasida tobora kamayib bormoqda. Bu esa juda achinarlidir. Qanchadan-qancha kitoblar, kitob javonlari va doʻkonlarida shunchaki koʻrgazma sifatida turibdi, xolos. Afsuski, bunday holatlarga chek qoʻyishning imkoni boʻlmayapti. Tabiiy savol tugʻiladi. Nega shunday? Nima uchun kitob oʻqimay qoʻyyapmiz?
Bu savolga javob berishdan avval doimiy kitob oʻqiydigan yuksak maʼnaviyatli shaxslar bilan kitob oʻqimaydigan maʼnaviyati sayoz kishilar orasidagi farqni anglab olsak. Kitob oʻqish oʻrniga qimmatli vaqtini qandaydir bekorchi holatlarga, turli koʻngilochar oʻyinlarga sarflayotgan insonlar talaygina. Ular oʻzining qoloq ekanliklarini fikrlashida ham, oʻzini tutishida ham namoyon etib qoʻyishadi.
Texnika asri davrida yashayapmiz, kundan-kunga texnik vositalar taraqqiylashib, ularga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Xususan, qoʻl telefonlari, turli internet saytlarini bunga misol qilishimiz mumkin. Toʻgʻri, Yurtboshimiz yoshlarga koʻplab imkoniyatlar yaratib bermoqda. Chunki millatimiz shaʼnini, milliy gʻururimizni yuksaltiruvchi bu – yoshlar. Shu bois, turli millat va elatlarning yoshlari kabi oʻzbek farzandlari ham dunyo bilan muloqotda boʻlishi kerak. Bunga hech qanday toʻsiq yoʻq. Lekin ayrim yoshlar bunday imkoniyatdan unumli foydalanish oʻrniga, turli internet saytlaridagi koʻngilochar dasturlar, tanishuvlar, yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u yerdagi maʼlumotlar bilan tanishmoqdalar. Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama boʻlib qolmoqda.
Qadimda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qoʻygan edilarki, hatto tunlari oddiygina moychiroq yoki sham yorugʻida kitob mutolaa qilganlar. Soʻz mulkining sultoni, buyuk allomamiz Navoiy hazratlari 7 yoshida Fariddin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini yod olganlar. Buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlari esa 6000dan ziyod hadisni yod bilganlar. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarning bir qismi ham boʻlmagan. Keng va yorugʻ xonalar, kitob oʻqish uchun moʻljallangan kutubxonalar yoʻq edi. Biroq shunday boʻlsada, oʻz maqsadlari sari intilib, yuksak maʼnaviyat sohibiyu sohibalariga aylanishgan.
Demak, biz uchun berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish har birimizning oʻzimizga bogʻliq. Toʻqlikka shoʻxlik esa oʻzbek millatining yoshlariga xos fazilat emas. Aslini olganda, ayrim yoshlarimiz bunday loqaydlikdan yiroq. Ular oʻzlarining hurfikrligi va yuksak maʼnaviyati bilan ajralib turadi. Biroq undaylar barmoq bilan sanagulik, xolos.
Guruch kurmaksiz boʻlmagani kabi insonlar orasida ham maʼnaviy qashshoqlar talaygina. Bundaylarning loqaydliklari natijasida “yengil hayot” ixlosmandlari safi ortib bormoqda. Oqibatda esa kitobni unutib qoʻyishyapti. Maʼnaviyatsiz insonlar oilasida tarbiya topayotgan har qanday farzand, ertangi kun uchun barkamol shaxs sifatida ulgʻaymaydi.
Shu bois, har bir inson bilimlar kaliti boʻlmish kitob bilan doʻst boʻlmogʻi lozim. Axir dunyoda kitobdan koʻra yaxshiroq doʻst, dardkash, mehribon sirdosh va eng muhimi, haqgoʻy maslakdosh yoʻq.
Muxtasar qilib aytganda, kitob – insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasidir.
Zulxumor AKBAROVA