Antropogen omillar lola turlariga ham ta'sir qilmoqda

    O‘zbekistonda o‘sadigan lolalarning 20 dan ortiq turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

    Lolaning (Tulipa L.) turkumi vakillari Xitoyning g‘arbiy qismidan tortib to sharqiy Yevropa hududlarigacha bo‘lgan zaminda o‘sadi. Markaziy Osiyo ushbu estetik zavq beruvchi ajoyib o‘simlikning tarqalish va bioxilma-xillik markazi hisoblanadi. Ayni paytda O‘zbekistonda lolalarning 33 turi mavjudligi aniqlangan.

    Keyingi vaqtlarda respublikamizda ko‘pgina noyob o‘simliklar qatori lola turlariga ham antropogen (inson faoliyatiga oid) omillarning salbiy oqibatlari o‘z taʼsirini o‘tkazmasdan qolmayapti. Buning yaqqol isboti sifatida 19 ta lola turlarini O‘zbekiston Qizil Kitobiga (2019) kiritilganligi va tadqiqot natijalariga ko‘ra, lola populyatsiyalarining qisqarib borayotganligi dalil bo‘la oladi. Lekin Qizil Kitobga kiritilgan lolaning beshta turi esa umuman muhofaza qilinmaydigan hududlarda uchraydi.

    Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston lolalarini muhofaza qilish bo‘yicha Buyuk Britaniyaning Kembridj universiteti va Kyu Qirollik Botanika bog‘i, Flora va Fauna xalqaro tashkiloti, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Fanlar akademiyalari botanika va o‘simliklarni muhofaza qilishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokida ilmiy guruh tuzilgan. Guruhda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari ham bor. Joriy yil 10-13 may kunlari Bishkek shahrida «Markaziy Osiyo yovvoyi lolalarini Xalqaro Qizil Kitobga kiritish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish» bo‘yicha amaliy seminar bo‘lib o‘tgan edi.