Joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida 21,2 mingdan ortiq ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasalarda haq toʻlanadigan jamoat ishlari tashkil etildi. Natijada, mehnat organlari tomonidan ishsiz, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan, mehnat migratsiyasidan qaytgan 177 836 nafar fuqarolar haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. Ularning ish haqlari uchun Jamgʻarma hisobidan 169,7 milliard soʻm mablagʻ moliyalashtirib berildi.
Bundan tashqari, Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan fuqarolarning va ish beruvchilarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning oʻtgan 9 oyi mobaynida 23 ta tadbirkorlik subyektiga umumiy qiymati 4,5 mlrd soʻmlik 861 dona asosiy vositalar, mini-uskunalar, tikuv mashinasi jamlanmasi, motokultivator, avtomobil yuvish shahobchasi jihozlari ijaraga berildi. Natijada “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan ishsiz, band boʻlmagan aholi uchun respublika boʻylab qariyb 1400 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan tuman va shaharlarga ajratilgan mablagʻlar maqsadli sarflanishi vazirlik tomonidan muntazam nazoratga olinmoqda. Xususan, Jamgʻarma mablagʻlarini maqsadli va samarali sarflanishini nazorat qilishni samarali tashkil etish uchun Vazirlikda 3 nafar, hududiy bandlik boshqarmalarida 2 nafar xodimdan iborat Moliyaviy nazorat boʻlimi hamda Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasida 2 nafar xodimdan iborat ichki audit boʻlimi tashkil etildi. Shuningdek, jamoat ishlariga jalb etilgan fuqarolarni haqqoniy ishlayotganligi, ish beruvchilarga Jamgʻarma hisobidan moliyalashtirilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida toʻlab berilayotganligini hududlarga chiqqan holda oʻrganishlar oʻtkazilmoqda.
Bundan tashqari, mehnat organlarida jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar hisobini yuritish, shu jumladan, ish beruvchilar tomonidan Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etishga buyurtmalarni elektron shakllantirish, ishsiz shaxslar tomonidan jamoat ishlariga yollanish imkoniyatini beruvchi elektron tizim “Bandlik xizmati” axborot tizimi joriy etildi. Axborot tizimi Statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat personallashtirish markazi va boshqa tegishli vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilindi.