Asaka tumanida shifokor va hamshiralar ishini toʻgʻri tashkil etish namunasini yaratiladi

    Yigʻilishda Andijon viloyatida ijtimoiy sohani rivojlantirishga eʼtibor qaratildi.

    Yoshlarning taʼlimdan keyingi bandligini taʼminlash va mehnat bozoriga tayyorlash masalasi Andijonda ham dolzarb ekani qayd etildi.

    Yangi tizimga koʻra, 10-11 sinf oʻquvchilariga aniq, tabiiy va chet tili fanidan birini chuqur oʻrganish yoki ishchi va IT kasblarga oʻqish imkoni yaratiladi.

    Mutasaddilarga 16 ta tuman va shaharda bittadan maktabni tanlab, bu tizimni joriy qilish topshirildi.

    Baliqchidagi Koʻl mahallasida maktab yoʻqligi uchun 752 nafar bola boshqa 4 ta mahalladagi maktabga qatnashga toʻgʻri kelayotgani tanqid qilindi. Vaholanki, ushbu mahallada joylashgan 600 oʻrinli pedagogika kollejida 370 nafar bola oʻqiydi.

    Agar kollejning boʻsh binosida maktab tashkil qilinsa, yangi bino qurishga ehtiyoj boʻlmaydi, 4 ta mahalladagi maktab ham bir smenaga oʻtadi.

    Mutasaddilarga bu borada tegishli koʻrsatmalar berildi.

    Asaka agrotexnologiya texnikumi bilan Andijon qishloq xoʻjaligi instituti oʻrtasida “2+2” dasturi joriy qilinishi belgilandi.

    Yaʼni, texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” toʻplagan oʻquvchilar oliygohning ikkinchi yoki uchinchi kursida oʻqish imkoniga ega boʻladi. Texnikumni tugatib, ikki yoki uch yil ishlagan, tajribasi bor oʻquvchilarga imtihon asosida, bakalavrga teng malaka darajasi beriladi.

    Milliy reytingda oxirgi oʻrinda turgan Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida boshqaruv va oʻqitish metodikalarini toʻliq yangilash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

    Andijon shahar kasb-hunar maktabida yoʻlga qoʻyilgan tajribani boshqa proftaʼlim muassasalarida ham joriy qilish topshirildi.

    Andijonga har yili 10 ming xorijiy sayyoh arzon va sifatli tibbiy yordam olish uchun keladi. Shu munosabat bilan kardio-, endo- va mikroxirurgiya yoʻnalishida tibbiy xizmat eksportini 2 barobar oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

    Mutasaddilarga yil yakunigacha 126 turdagi tibbiy uskuna bilan jihozlashga 7 million dollar jalb qilish topshirildi.

    Viloyatda davolash va diagnostika xizmatlari oqilona joylashmagani koʻrsatib oʻtildi. Birgina Andijon shahrida 1,5 kilometr radiusda 8 ta shifoxona joylashgan.

    Ularni klaster usulida birlashtirib, aholiga yanada qulay va sifatli tibbiy xizmatni yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etilib, Tibbiyot instituti klinikasi negizida koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tashkil qilish masalasini oʻrganish topshirildi.

    Ayrim tibbiyot muassasalarida shifokorlarning ish vaqti notoʻgʻri tashkil qilingani sabab bemorlar uzoq vaqt navbat kutishga, vrach qabuliga kirish uchun 2-3-marta kelishga majbur boʻlmoqda.

    Sogʻliqni saqlash vazirligiga Asaka tumanida shifokor va hamshiralar ishini toʻgʻri tashkil etish namunasini yaratish va barcha tumanlarda joriy qilish topshirildi.

    Shuningdek, bemorlarga koʻrsatilgan xizmatni muassasani oʻzida, telefon yoki onlayn soʻrovnoma oʻtkazish orqali baholash tizimini tashkillashtirish vazifasi qoʻyildi.