Atrof-muhitni asrash va chiqindilarni boshqarishga oid loyihalar taqdimot qilindi

    Hukumat 19 Fevral 2024 2400

    Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlar hamda kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

    Ma’lumki, joriy yilning 12-17-fevral kunlari Samarqand shahrida BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi (COP-14) bo‘lib o‘tdi. Unda 130 dan ortiq davlatdan 2 mingga yaqin ishtirokchilar qatnashdi.

    Tadbir yakunlari bo‘yicha Konvensiyaga a’zo davlatlar tomonidan ijroga qaratilishi uchun 2024-2032-yillarga mo‘ljallangan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari bo‘yicha Samarqand strategik rejasi tasdiqlandi. Ekologik bog‘liqlik bo‘yicha global hamkorlik (GPEC) tashabbusi ishga tushirildi.

    O‘zbekiston BMT konvensiyasiga 2024-2026-yillar uchun prezident sifatida saylandi. Toshkent shahrida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN)ning Markaziy Osiyodagi ilk vakolatxonasi ochildi. Shuningdek, BMT Atrof-muhit dasturining O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Jahon banki bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda 6 ta transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni barpo etishga qaratilgan loyihani amalga oshirishga kelishildi. Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida qator hujjatlar imzolandi.

    Davlatimiz rahbari bu sohadagi hamkorlikni davom ettirib, O‘zbekistonning harakatlar rejasini va yangi grant loyihalar ishlab chiqish, xalqaro ekologiya tashkilotlari va konvensiya bosh qarorgohida soha xodimlarining malaka oshirishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    Taqdimotda “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi haqida ham axborot berildi.

    Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi ushbu loyihaning umumiy qiymati 205 million dollardan ziyod bo‘lib, 6 yil davomida amalga oshiriladi. Bu mablag‘ o‘rmonlar hududini kengaytirish, o‘rmon xo‘jaliklari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, barqaror boshqaruvni joriy etish, ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi maqsadlarga yo‘naltiriladi.

    Xususan, o‘rmonlarni tiklash va muhofaza qilishda innovatsion boshqaruv tizimi hamda axborot texnologiyalar joriy qilinadi. Degradatsiyaga uchragan o‘rmon yerlari tiklanadi. Chegaradosh hududlardagi landshaftni tiklash bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik rivojlantiriladi.

    Bularning natijasida, jumladan, 175 ming gektar o‘rmonlar va 38 ming gektar yaylovlarni qayta tiklash, 19 ming gektarda agroo‘rmon va 5 ming gektarda sanoatbop o‘rmonlar barpo etish, 63 kilometr eko yo‘laklar tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

    Joriy yil 4-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Taqdimotda mazkur farmon ijrosi doirasida qilinayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

    Yurtimizda yiliga o‘rtacha 6,8 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. So‘nggi yillarda sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan mahallalar soni 90 foizdan oshdi. Lekin chiqindilarni qayta ishlash darajasi yuqori emas. Hozirda bunday korxonalar 313 ta xolos.

    Prezident farmonida bunday faoliyatni yanada rag‘batlantirish choralari belgilangan. Jumladan, 2024-yil 1-iyundan boshlab maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi. Chiqindilarni «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va «oziq-ovqat» toifalariga ajratgan holda yig‘ish tashkil etiladi. Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash sohasida xususiy sheriklik rivojlantiriladi.

    Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun jarima miqdorini oshirish, chiqindi tashlab ketilgan joyni tozalash va olib chiqib ketish majburiyatini belgilash choralari kuchaytirilmoqda.

    Shuningdek, taqdimotda maishiy chiqindi poligonlarini optimizatsiya qilish, chiqindilardan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

    Xususan, chiqindi poligonlarini investitsiyalar kiritishga jozibador qilish uchun ularning bufer hududlariga maxsus iqtisodiy zonalar rejimini joriy etish, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi hamda organik usulda o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu yangi tizim bo‘yicha birinchi pilot loyiha Andijon viloyatida amalga oshiriladi.

    Jumladan, Andijon tumanida 13 million dollar investitsiya evaziga organik chiqindidan 100 ming tonna o‘g‘it, Asakada chiqindidan yiliga 2 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradigan loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Kelgusida ushbu Andijon tajribasi yurtimizning boshqa hududlarida ham tatbiq etiladi.