Gap shundaki, Raqobat qoʻmitasiga 200 dan ortiq isteʼmolchi shu yilning 9 oyi davomida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatayotgan aviakompaniyalar xizmatlaridan eʼtiroz bildirib, murojaat yuborgan.
Eʼtirozlar asosan foydalanilmagan aviachipta pulini qaytarmaslik, yoʻlovchilarga parvozlar kechiktirilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida yetkazmayotganligi, shikastlangan bagaj uchun yuk qiymatini toʻliq qoplab berilmasligi va parvozlar vaqtida yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlarining talab darajasida emasligi kabi mavzularda kelib tushgan.
Jumladan, Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro S.Sh.dan kelib tushgan murojaat “Air Samarqand” aviakompaniyasi tomonidan yuzaga kelgan muammo bilan bogʻliq. Fuqaro oilasi bilan Vyetnam davlatiga uchish va qaytish uchun aviachipta xarid qilgan. Bulardan 2 ta aviachipta biznes klass toifasiga taalluqli boʻlib, parvoz vaqtida unga taklif qilingan qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatilmagan.
Qoʻmita tomonidan mazkur murojaat oʻrganib chiqilishi natijasida, “Air Samarqand” aviakompaniyasi haqiqatan ham parvoz vaqtida isteʼmolchiga yetarli darajada xizmat koʻrsatmagani aniqlandi va 10 160 000 soʻm pul mablagʻi aviakompaniya tomonidan fuqaroga toʻliq qaytarib berilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro N.S. oʻz murojaatida Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniyasining rasmiy veb-sayti orqali Turkiya davlatiga borib-qaytish uchun Toshkent-Istanbul va Istanbul-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha jami 21 573 624 soʻmga oilasi uchun aviachipta sotib olgani, ammo aviakompaniyaning aybi bilan parvozdan qolib ketishganini bildirgan.
Qoʻmitaning olib borgan oʻrganishlarida, fuqaro N.S. farzandlariga tegishli pasportlarning amal qilish muddati 2024-yil oktyabr oyigacha boʻlganligi, Turkiya davlati qonunchiliga koʻra, chet el fuqarosi davlatga kirganda pasportning amal qilish muddati kamida 150 kun boʻlishi kerakligi, fuqaro rasmiy veb-sayt orqali aviachiptani xarid qilish vaqtida tizimga pasport maʼlumotlari va unga amal qilish muddati kiritilganligi, tizim pasport muddati Turkiya davlati talabiga toʻgʻri kelmasligini bilgan holda ogohlantirishsiz aviachipta sotganligi maʼlum boʻldi.
Oʻrganishlar natijasida, rasmiy veb-saytning elektron chipta xarid qilish vaqtida isteʼmolchi tanishishi kerak boʻlgan tegishli maʼlumotlar kiritildi va “Uzbekiston Airways” AJ tomonidan aviachiptaga toʻlangan 21 573 624 soʻm pul mablagʻi isteʼmolchiga toʻliq qaytarib berilishi taʼminlandi.