Axloq pandemiyasi

    Fikr 7 May 2020 2829

    Millat genofondi ana shu ezgu xayollar va pokiza fikrat asosida shakllangan. Demak, biz millat irsiy asoslarini bir necha ming yilliklar qa'rida ko'rishimiz mumkin.

    Ayni paytda butun Er sharida qandaydir tushkunlik, ruhiy ozurdalik hukmronlik qilmoqda. Garchi, ko'nglimiz to'q, ertangi nurafshon kunga ishonchimiz qat'iy, zamonaviy fan namoyandalariga e'tiqodimiz yuksak bo'lsa-da, har bir kunimiz o'ziga xos ma'yuslik, ko'ngli g'ashlik bilan o'tmoqda. Buning boisi, albatta, koronavirus pandemiyasi. Har bir xalq unga qarshi o'z xarakter xususiyatlari, fe'l-atvori, turmush tarzi va an'analari asosida kurashamoqda. Milliy ruh, milliy kayfiyat kurashning asosiy manbai.

    Ulug' bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy aytganidek, odamlarning xarakter xususiyatlari, tili, fe'l-atvori u yashayotgan makon tabiati bilan bog'liq. TSivilizatsiyalar turli hududlarda turli shaklda, masalan, YUnonistonda nafosat, Hindistonda din, Evropada moddiy texnika, Markaziy Osiyoda - Movarounnahr-Turon-Turkiston-O'zbekistonda axloq shaklida yuzaga kelgan.

    Lekin zamonaviy tsivilizatsiya bekamu ko'st yashash, ko'ngil tusagancha umrguzaronlik qilish kabi salbiy hodisani turmush tarziga aylantirdi. Natijada axloq keyingi o'rinlarda qoldi. Atoqli davlat va siyosat arbobi, yirik siyosatshunos Genri Kissenjer: “AQSHda odamlar to'q va farovon yashashadi. Lekin qalbi bo'm-bo'sh. Befarq. SHarqda odamlar nimalargadir ehtiyoj sezib yashaydi. Lekin ularning ko'ngli to'q, ertangi kunga qat'iy ishonchi bor. Umidi, maqsadi bor. AQSHda oila degan tushuncha shunchaki erkak va ayolning umrguzaronligi. SHarqda esa muhabbat bor, sevgi bor”, degan edi.

    Insoniyat taraqqiyotining asrlar sinovidan o'tgan qat'iy qonuniyatlari va talablari bor. Har qanday taraqqiyotning asosi – axloq. Har qanday tanazzulning asosi – axloqsizlik. Agar jamiyatda odamlar o'z kayfiyatiga qarab yashaydigan bo'lsa, parokandalik yuzaga keladi. Har kim ko'ngli istaganini qiladi. Axloqiy me'yorlar, ma'naviy chegaralar, inson xatti-harakatini tartibga solib turadigan talablar buzilgan, uning o'rnida cheksiz erkinlik berilgan joyda parokandalik yuzaga kelaveradi.

    SHarqda, xususan, Markaziy Osiyoda axloq shaklida yuzaga kelgan tsivilizatsiyada ezgulik bilan yovuzlik, yaxshilik bilan yomonlik, muhabbat bilan nafrat tuyg'ulari ayovsiz kurashlar oqimida namoyon bo'ladi.

    “Ular murod-maqsadlariga etishdi”. ertagu dostonlarimizning bu taxlit yakuni ajdodlarimizning har doim kelajakka qat'iy ishonch bilan, yuksak optimistik ruh bilan yashaganiga, ularning fikratlari qay darajada pokiza, xayoloti qay darajada go'zal, orzulari qay darajada nurafshon ekanidan dalolat. Millat genofondi ana shu ezgu xayollar va pokiza fikrat asosida shakllangan. Demak, biz millat irsiy asoslarini bir necha ming yilliklar qa'rida ko'rishimiz mumkin.

    “Suvga tupurma, olovga gustohlik qilma, hasharotlarga, qushlarga ozor berma, giyohlarni, maysalarni toptama” singari kundalik maishiy axloq me'yorlaridan tortib inson va tabiat, odam va olam haqidagi tasavvurlar, oila, otalik, onalik burchlari, majburiyatlari, ularning huquqiy asoslarigacha ajdodlarimiz merosi bo'lmish “Avesto”da ilk bor bayon etiladi. Bu haqiqiy axloqqa suyangan, mehr-muhabbatga tayangan, odamlarga muruvvat, shafqat va adolat nimaligini tushuntirib, isbot qilib berishdek buyuk ma'naviy-ma'rifiy hodisa edi. Xalqimiz fe'l-atvoridagi xayr-ehson, o'zaro mehr-oqibat ana shu davrdan boshlab shakllanib, rivojlanib bordi.

    Ana shu tarzda o'zbek xalqining ko'p ming yillik tarixiy taraqqiyoti uning millat sifatidagi fenomenini shakllantirdi. Muruvvatlilik, bag'rikenglik, o'zaro hurmat, bir-birini qadrlash, ko'ngil so'rash fazilatlari umummilliy fazilatga aylandi.

    Hech qachon o'zbek xalqi, o'zbekman degan inson mahalla-ko'yda, do'st-birodarlar davrasida, mehnat jamoasida bir-biriga befarq bo'lmagan. Jamoaviylik, quvonchu tashvishlarni, sevinchu iztiroblarni birga o'tkazish odatga aylandi. Mahallada bir to'y bo'lsa, to'yga kelolmagan kasallarga, nochorlarga, nogironlarga birinchi navbatda to'y taomlaridan yuboriladi, keyin mehmonlarga. Kimningdir boshiga musibat tushsa, butun mahalla oyoqqa turadi. Mahalla tushunchasi ana shu tarzda o'zbek uchun qadriyatga aylangan. Ulkan tashkiliy-tarbiyaviy maktab maqomiga ega bo'lgan.

    el boshiga tashvish tushgan, xalqimiz karantin rejimini boshdan kechirayotgan shu diqqinafas kunlarda, ayniqsa, mahallaning o'rni va roli yaqqol sezilmoqda. Aytish mumkinki, u odamlarning kundalik kayfiyatiga, ruhiyatiga ozurda va biroz og'riqli qalbiga madad bo'lmoqda.

    O'zbekistondagi barcha mahallalarda ana shunday mehr-muruvvat va saxovat ko'rsatish asosiy vazifaga aylanib qoldi. Bu o'zbek xalqining asrlar mobaynida shakllangan milliy xarakteridan, fe'l-atvoridan kelib chiqqan hodisa, noyob qadriyat. Butun mamlakatimizda keng qanot yoyayotgan “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati ana shu qadriyatlarimizdan ozuqa olmoqda.

    Bu millat genofondi bilan bog'liq bo'lgan, uning fenomenini tashkil etadigan ulkan qadriyat. Hozirgi jarayon davlat bilan jamiyat, Prezident bilan fuqaro maqsadlarining mushtarakligidan, orzularining uyg'unligidan, buyuk kelajakka qat'iy ishonchning barqarorligidan, qolaversa, jamiyatda sog'lom va qudratli ma'naviy-ruhiy vaziyat hukmron ekanidan dalolat beradi.

    SHonazar degan bir do'stim bo'lardi (Xudo rahmat qilsin). Toshkentda yashab, vaqti-vaqtida ona yurtiga, qishlog'iga borganida, uydagilarni ziyorat qilib bo'lgach, darhol o'tgan muddat ichida bo'lib o'tgan voqealarni surishtirardi. Bozorga tushib, o'nlab tugun tayyorlardi, vafot etganlarning uylariga birma-bir kirib chiqardi. To'y qilganlarni qutlab, quvonchlariga quvonch tilar edi. Bu o'zbekona xayru sahovat, bu o'zbekona mehr-muruvvat, bu o'zbekona qadru qimmat ramzi edi. Aytish mumkinki, butun O'zbekiston va o'zbeklar ana shunday ma'naviy-axloqiy qiyofaga ega. Bugun koronavirus pandemiyasi jarayonida bunday milliy axloq, milliy tarbiya o'z qudratini ko'rsatmoqda. Xorijiy kuzatuvchilar O'zbekistonga, pandemiya jarayonida juda katta tarbiya, odob va axloq namunasini ko'rsatayotgan xalqimizga hurmat va havas bilan qarashmoqda.

    Albatta, illatlarimiz ham yo'q emas. Inson mutlaq ideal bo'lmagani kabi jamiyat ham mutlaq ideal bo'lolmaydi. Xalq deganda uning butun fazilatiyu nuqsonlari bilan birga yaxlit holda tushunamiz. Oramizda karantin rejimi qoidalarini buzayotganlar, jinoyatchilar, poraxo'rlar bor. Biroq ular juda ozchilikni tashkil etadi. Borlari ham pandemiya jarayonida o'zlarini yig'ib olishmoqda, qonidagi milliy axloq, odob, insof, diyonat, ezgulik va muruvvat immunitetlari jonlana boshladi. Pandemiya ularni tariyalamoqda. Boshqacha qilib aytganda, koronavirus pandemiyasi O'zbekistonda axloqiy-ma'naviy pandemiyaga aylanib bormoqda.

    SHunday qilib, yuksak axloqiylik va ma'naviy barkamollik xalqimizning suvratiyu siyratiga, zohiriyu botiniga, shakliyu mazmuniga singib ketgan. Bu milliy ma'rifatdan, yuksak madaniyatdan, qalb ziyosidan dalolat beradi. Zotan, jahon madaniyatining buyuk namoyandasi CHingiz Aytmatov ta'kidlaganidek, rus madaniyatining taraqqiyotiga Vizantiyaning ta'siri qanchalik katta bo'lgan bo'lsa, Markaziy Osiy xalqdari madaniyatining rivojlanishiga o'zbeklarning hissasi shunchalik buyuk bo'lgan. Bu jarayon, xususan, hozirgi pandemiya davrida o'zining qudratini yana bir bor namoyon etmoqda.

    Donishmandlarning xulosalariga ko'ra, to'rt fasli mukammal, quyosh nuri beg'ubor, havosi toza, eri sahovatli bo'lgan makonda tug'ilgan inson barkamol bo'lib etishar ekan. Buni qarangki, xuddi ana shunday noyob imkoniyat bizga, o'zbeklarga nasib etgan. O'zbekiston ana shunday jannatmakon yurt.

    Maktabda o'qib yurgan paytlarim o'qituvchilarimiz “Serquyosh O'zbekiston”, “Quyoshli yurt” degan iboralarni ko'p takrorlashardi. Men tushunmas edim. “Olamda quyosh bitta bo'lsa, Er uning atrofida aylanib tursa, sayyoramizda uning nuri etib bormagan joy qolmagan bo'lsa, demak, hamma joyda ham quyosh bor-da”, degan fikrda yurardim. YOshim ulg'ayib, dunyo kezganimda tasavvurim butunlay o'zgardi. Finlyandiyada quyosh oyga o'xshab ko'rinadi. Hidistonda oftob ulkan yoritgich, issiqlik berib turadigan manbaga o'xshaydi. Havo iflosligidanmi, nurning nurligini payqash qiyin. Fasl degan narsa yo'q. Ming xil daraxtlar qishin-yozin ko'm-ko'k turadi, bargi to'kilmaydi. Odamlar bahor, kuz deganini tushunishmaydi. Amerikada quyoshning issiqligi va yorug'i bor xolos, nurning jozibasi yo'q. Arablarda jazirama, sovutkichi yo'q joyda nafas olish qiyin. Ana shularni o'ylaganda, o'zbek bo'lib, O'zbekistonda tug'ilganingdan shukronalar aytasan kishi. To'rt fasli mukammal, quyosh nuri tiniq, havosi rohatijon, suvlari jonbaxsh, tuprog'i zar makonni topish qiyin. Quyoshi ham, Eri ham saxovatli. Saxovatga saxovat bilan javob berish esa erning ham, elning ham udumi. Koronavirus pandemiyasi bizning ana shu muqaddas fazilatlarimizni sinovdan o'tkazmoqda. Uni engish xalqimizga xos irodani, qat'iyatni, yuksak axloq, etuk tarbiya va bag'rikenglikni taqozo etmoqda. O'zbek fenomeni ana shu jarayonda o'zini dunyoga ko'z-ko'z etmoqda.

    Narzulla JO'RAEV,

    O'zDJTU professori,

    siyosiy fanlar doktori