Ayol eʼzoz topgan yurtda yuksalish, onaga ehtirom koʻrsatilgan oilada farovonlik, pirovardida ertamiz egalari — farzandlarimiz baxtli boʻladi. Ona duosi bilan yuksalgan xonadon — tinchlik va barakaning maskani, ayol salohiyati bilan taraqqiy etgan jamiyat esa maʼrifatlidir.
Bugungi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, oila institutini mustahkamlash davlat siyosati darajasida ustuvor vazifaga aylandi. Bu yoʻnalishdagi islohotlar, qabul qilinayotgan dastur va tashabbuslar yuzaki va qoʻl uchida emas, ular har bir oilaning farovonligi, har bir ayolning imkoniyati, har bir farzandning ertangi kuni bilan bevosita bogʻliq hayotiy dastur oʻlaroq shakllangani bilan ahamiyatli.
Yangi imkoniyatlar
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan koʻp millatli xalqimizning oqilona taklif-tajribasi, odil muhokamasi asosida takomillashtirilgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash va daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatidagi ustuvor yoʻnalish sifatida yanada aniq koʻrsatkichlar bilan mustahkamlandi.
Prezidentimizning “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida oilani mustahkamlash masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Xususan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasidagi 25-maqsad avval xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlsa, hozir oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan maqsad sifatida oʻzgartirilgani ham oilaning jamiyat hayotidagi oʻrni yanada yuksalganining belgisi.
Yangi maqsadlar qatoriga dolzarb masala: oilaviy hayotga tayyorlash boʻyicha oʻquv kurslariga yoshlarni jalb etishni joriy yilda 50 foiz oshirish va 2030-yilga qadar 80 foizini qamrab olish, oila va xotin-qizlar maskanlarida koʻrsatiladigan xizmatlarni 40 foizdan 60 foizga koʻtarish, shuningdek, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli savodxonlikni kuchaytirish, manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali xotin-qizlarni ehtiyojmandlikdan chiqarish kabi 11 ta maqsadli koʻrsatkich belgilandi.
Lider tadbirkor ayollar orqali ehtiyojmand xotin-qizlarni daromad topishga oʻrgatish koʻlamini 100 ming nafarga yetkazish tashabbusi, shu bilan birga, mahallalarda xotin-qizlar bandligi va salomatligini mustahkamlash yoʻnalishida 3940 ta markaz tashkil etilishi rejalashtirilgani ham strategiyaning inson kapitalini kompleks qoʻllab-quvvatlashga qaratilganini koʻrsatadi. Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanishga jalb etiladigan xotin-qizlar soni har yili 100 ming nafarga, jami 500 ming nafarga yetkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, siyosiy partiyalarda xotin-qizlarning ulushini 50 foizga, sudyalar orasida 30 foizga oshirish, ayollar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni keskin kamaytirish kabi ayollar manfaati koʻzlangan maqsadlar ham oʻrin olgan.
Ha, marralar baland olinib, yaqin besh yillikda ulkan maqsadlar qoʻyilmoqda. Bundan anglashiladiki, bugun har bir ayolning farovonligi oilaning ichki masalasi emas, butun mamlakat taraqqiyotining mezoni, ham drayveridir. Yangilangan strategiyaning eng katta qiymati ham shunda.
Bilimli jamiyat tayanchi
Maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib boʻlmaydi. Yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk maqsadni koʻzlar ekan, shubhasiz, bunda maʼrifatli jamiyat hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda har bir oilada oliy maʼlumotga ega mutaxassislar boʻlishini taʼminlash, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafari oliy maʼlumotli boʻlishi uchun sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ushbu maqsadda xotin-qizlarning oliy va undan keyingi taʼlimini davom ettirishini qoʻllab-quvvatlovchi yangi tashabbuslar amaliyotga joriy etilib, qator imtiyoz va subsidiyalar berilishi natijasida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda.
Xususan, 2025-yilda oliy maʼlumotga ega boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlarga ajratilgan grantlar miqdori ikki mingdan toʻrt mingtaga yetkazildi, yaʼni ikki barobar oshirildi. Besh yil ish stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar kontrakt kvotasi esa 500 tadan 2500 taga oshirildi. 2025-2026 oʻquv yilida qariyb 255,5 ming xotin-qiz oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.
Oʻtgan yili oliy taʼlim tashkilotlarini bitirgan 128 mingdan ziyod talaba-qizdan qariyb 117 ming nafarining bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi. Ushbu jarayon ayni paytda ham davom etmoqda.
Bundan tashqari, 262 ming xotin-qiz “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida axborot texnologiyalari boʻyicha oʻqitildi. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkazib kelinayotgan “Olima ayollar” tanlovida 1612 ta loyiha talabnomalari oʻrnatilgan tartibda ekspertiza bosqichlaridan oʻtkazilib, qiymati 127,3 milliard soʻm miqdoridagi 156 ta loyiha moliyalashtirildi.
Xotin-qizlar taʼlimiga qaratilayotgan alohida eʼtibor, taqdim etilayotgan qulayliklar hisobiga ilm-fan sohasida ham ayollarimizning nufuzi oshib bormoqda. Xususan, bugungi kunda ilmiy tadqiqot qilayotganlarning 42 foizini xotin-qizlar tashkil etadi, fan doktorlarining 26,5 foizi, falsafa doktori, fan nomzodlarining 40,1 foizi ayollardir.
Teng huquq, teng yuksalish
Soʻz xotin-qizlar huquq va manfaatlarini taʼminlash, teng imkoniyatlar muhitini yaratish xususida borar ekan, bu masaladagi yana bir asosiy dasturiy hujjat — 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasiga toʻxtalib oʻtish lozim. Zero, ushbu strategiya 2025-yilda ham aniq natijalari bilan namoyon boʻldi.
Jumladan, teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan 17 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, byudjet rejalashtirishda gender yondashuvni joriy etish boʻyicha indikatorlar ishlab chiqildi. Davlat organlarida gender auditi oʻtkazish uslubiyati yangilanib, ayrim vazirliklarda amalda tatbiq etildi.
Rahbar kadrlar tayyorlashda ham siljish bor: milliy kadrlar zaxirasida xotin- qizlar soni 1267 nafarga yetdi (27 foiz), “Rahbar ayollar maktabi”da oʻqiganlardan 60 nafari yuqori lavozimlarga tayinlandi. Taʼlimda xotin-qizlar ulushi barqaror oʻsmoqda: oliy taʼlim bakalavriatida talabalarning 54 foizini, magistraturada tahsil oluvchilarning 67 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Gender asosida rejalashtirish va byudjetlashtirish amaliyotini takomillashtirish maqsadida gender indikatorlari ishlab chiqilib, byudjet dasturlari loyihalarida qoʻllash uchun barcha vazirlik va idoralarga yetkazildi.
2025-yil davomida byudjet tashkilotlarida ishlovchi 1,3 million xotin-qizning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari uchun 64,8 trillion soʻm, 162 mingga yaqin byudjet tashkilotida ishlovchi ayollarga homiladorlik nafaqasi uchun 1,5 trillion soʻm yoʻnaltirildi.
Shuningdek, xususiy sektorda ishlovchi ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida 12,3 ming xotin-qizga byudjetdan 32,8 milliard soʻm, ishsiz hamda ish qidirayotgan xotin-qizlarni kasbga tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida esa Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan 259,6 ming xotin-qiz uchun 245,4 milliard soʻm ajratildi.
Oʻz navbatida, ipoteka kreditlari boʻyicha toʻlab beriladigan boshlangʻich badal toʻlovlari uchun 8,6 ming xotin-qizga 256,7 milliard soʻm subsidiya, bola tugʻilganda bir martalik toʻlov uchun (suyunchi puli) 242,3 ming ayolga 205,3 milliard soʻm hamda kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun ularning 671,2 ming nafariga 4,2 trillion soʻm davlat byudjetidan toʻlab berildi.
Davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida taʼlim olayotgan 17,8 ming xotin-qizning toʻlov kontraktini toʻlab berish uchun 122,9 milliard soʻm, tijorat banklari tomonidan esa 67,3 ming xotin- qizga taʼlim kreditlari uchun 1,1 trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratildi.
Iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida xotin-qizlarning 12,4 milliard soʻmlik 21 ta startapi qoʻllab-quvvatlandi, grantlar orqali 3,1 milliard soʻmlik 23 ta ijtimoiy loyiha amalga oshirildi. “Gender-madad” platformasi orqali 2,1 mingdan ortiq huquqiy maslahat berilgani, “Gender. stat.uz” tizimiga 217 dan ziyod koʻrsatkich joylashtirilgani ham ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirdi.
Xalqaro eʼtirof
Yangi Oʻzbekistonimizdagi bu kabi keng koʻlamli islohotlar bugun xalqaro maydonda ham aniq natijalari bilan eʼtirof etilmoqda. Ayniqsa, bu xalqaro reyting va indekslardagi koʻrsatkichlarimiz barqaror yaxshilanib borayotganida yaqqol koʻrinmoqda. Oʻzbekiston Ochiq gender maʼlumotlari (Open Data) indeksida eng yaxshi 20 ta mamlakat qatoriga kirdi, parlament quyi palatasida ayollar faolligi boʻyicha dunyoda 15-oʻrinni egalladi.
Islohotlarning xalqaro maydondagi eʼtirofini anglatuvchi muhim yangilikka alohida toʻxtalish zarur. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi mamlakatimiz uchun ustuvor reyting va indekslar qatoriga kiritilgan. Yaqinda ushbu indeksning yangilangan metodologiyasi asosida tayyorlangan hisoboti natijalari eʼlon qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston oʻz pozisiyasini 43 pogʻonaga yaxshilab, 100 dan 82,1 ball bilan 190 ta davlat orasida 48-oʻrinni egalladi.
Eʼtiborli jihati shundaki, indeksning yangilangan metodologiyasi faqat qonun normalarini tahlil qilish bilan cheklanib qolmay, ularning ijrosini taʼminlovchi mexanizmlarni ham qamrab oldi. Yaʼni ekspertlar tomonidan qonunlarning hayotdagi amaliy ifodasi, ayniqsa, xotin-qizlar hayotiga taʼsiri va koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi ham baholandi. Natijada mamlakatimizning gender tenglikka oid qonunchiligi 82,1 ballga baholandi. Bu global oʻrtacha koʻrsatkichdan qariyb 15 ball, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi oʻrtacha koʻrsatkichidan esa 1,5 ball yuqori.
Hisobotda mamlakatimizdagi qator tizimli islohotlar ijobiy baholandi. Jumladan, davlat xaridlari tizimida genderga yoʻnaltirilgan qoidalar joriy etilgani, qonunchilikka ayollar tadbirkorligini ragʻbatlantiruvchi normalar kiritilgani, ijtimoiy himoya va mehnat sohasidagi ayrim cheklovlar qayta koʻrib chiqilgani alohida qayd etildi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida davlat xaridlarida gender omilni hisobga oluvchi qonunchilikka ega boʻlgan sanoqli davlatlardan biri ekani taʼkidlanishi mamlakatimizning institutsional tajribasi yuqoriligi hamda xalqaro standartlarga mos siyosiy irodasining eʼtirofidir.
Shuningdek, mazkur hisobotda Oʻzbekiston soʻnggi yillarda tadbirkorlik sohasida gender tenglikni taʼminlovchi yangi islohotlarni amalga oshirgan davlat sifatida ham eʼtirof etildi. Natijada indeksning qonunchilik tahlilidagi qator indikatorlari boʻyicha mamlakatimiz maksimal 100 ball toʻpladi. Bunday natija, avvalo, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash yoʻnalishidagi islohotlarning maqsadli va tizimli ekanining yorqin ifodasidir. Gap shundaki, Oʻzbekiston xotin-qizlar uchun teng huquqiy muhit yaratish borasida Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Braziliya, Gruziya, Singapur va Hindiston kabi davlatlarni ortda qoldirgani ham qayd etildi. Bu esa mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortgani, islohotlarimiz natijasi global baholash tizimlarida ham munosib aks etayotganining amaliy isbotidir.
“Ayollar, biznes va qonun” indeksida bunday yuqori natijaga oʻz-oʻzidan erishilgani yoʻq, albatta. Bunga xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi islohotlar qamrovi kengayib, samaradorligi ortib borayotgani asos boʻlmoqda. Masalan, 2025-yilda xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 427 ming xotin-qizga jami 23 trillion 360 milliard soʻm, “Oilaviy tadbirkorlik”, “Biznesga birinchi qadam”, “Mahalla loyihasi” dasturlari doirasida esa 352 ming ayolga 8 trillion 611 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi. 1192 mahallalarda Xotin-qizlar bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etildi.
Xorijga ketgan va farzandlarini nazoratsiz qoldirgan xotin-qizlarni aniqlash hamda ularni vatanga qaytarish boʻyicha Chirchiq shahrida yaratilgan tajriba ommalashtirilib, onlayn muloqot orqali migratsiyadagi 270 mingdan ortiq xotin-qizning oilalari manzilli oʻrganildi. Onlayn muloqotlar orqali xorijda kam daromad bilan qiynalib yurgan 230 mingdan ortiq ayol vatanga qaytarildi va reintegratsiya dasturlari amalga oshirildi. Migratsiyadagi fuqarolarning voyaga yetmagan farzandlariga belgilangan vasiy hamda homiylar bilan suhbatlar oʻtkazildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan bir milliondan ziyod xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatildi. “Ayollar daftari”ning besh yillik sarhisobiga bagʻishlab “Iqtisodiy mustaqillikdan ijtimoiy mustaqillik sari” mavzusida oʻtkazilgan milliy anjumanlarda besh mingga yaqin xotin-qiz qatnashdi. Ular ishtirokida “Yetakchi ayollar” klubi tashkil etildi.
Xalqaro eʼtirof va erishilgan natijalar yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash boʻyicha tizimli islohotlar amalda samara berayotganini yaqqol tasdiqlaydi. Zotan, yaratilayotgan imkoniyatlar har bir ayolning hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar, ijtimoiy-siyosiy faolligi va ertangi kunga mustahkam ishonchida oʻz aksini koʻrsatmoqda.
Darhaqiqat, koʻz oʻngimizda yuz berayotgan bu kabi voqeliklar, xalqaro darajadagi yutuqlar “Inson qadri uchun” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotganidan faxrlanish hissini tuyamiz, ayni shu yoʻnalishda yanada masʼuliyat bilan tadbir boshlashimizga turtki beradi.
Eʼzoz va eʼtibor
Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor...
Ayol va bahor, yangilanish va nafosat goʻyo bir-biriga egiz tushunchalar. Orziqib kutganimiz — koʻklamning ilk kuni ulugʻ shoira, atoqli jamoat arbobi, sadoqat timsoli Zulfiyaxonim tavalludining 111-yilligi yurtimiz boʻylab keng nishonlandi. “Diydor nasib yana siz bilan!” nomi ostida anjumanlar oʻtkazildi, ulugʻ shoira xotirasiga ehtirom koʻrsatildi.
Mazkur maʼrifiy-madaniy tadbirlar, xotira kechalari, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalari ishtirokida mushoiralar “Ayol baxtli boʻlsa, jamiyat baxtlidir!” shiori ostida 15-fevraldan 15-martga qadar davom etayotgan “Ayollarni eʼzozlash” oyligi doirasida oʻtkazilmoqda. Oylik doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda fidoyi va ibratli ayollar mehnatini eʼtirof etishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar tashkil etilmoqda. Mahallalarda xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, muammolarini barvaqt aniqlash va hal etish, huquqiy, tibbiy va ijtimoiy koʻmak koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Erta aniqla — hayotni saqla” shiori ostida ayollar salomatligini asrash, xavfli kasalliklarni barvaqt aniqlashga qaratilgan skrining tekshiruvlari esa eʼzozning eng amaliy koʻrinishi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu oʻrinda qayd etish lozimki, 2025-yilda onkologik kasalliklarni erta aniqlashni tashkil etish borasida qariyb toʻrt million ayol onkoskrining tekshiruvidan oʻtkazildi, 3300 nafardan ortigʻi mutaxassis tekshiruviga yuborildi. Natijada ikki yarim mingdan ziyodida kasallik erta bosqichda aniqlandi. 3245 nafari sogʻlomlashtirishga jalb etildi.
Qoʻmitamiz tomonidan oilani jamiyatning strategik ijtimoiy instituti sifatida mustahkamlash maqsadida davlat siyosati istiqbollari va ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berishni oʻz ichiga olgan “Oila farovonligi — 2030” milliy dasturi ishlab chiqildi.
Asrlar davomida ayol zotiga ehtirom koʻrsatish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, el-yurt hurmatiga sazovor ayollarni qadrlash ezgu anʼanamizga aylangan. Ana shu qadriyatning yorqin ifodasi sifatida 8-mart — nafosat ayyomi arafasida 28 qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, 72 ayolimiz turli davlat mukofotlari, 351 nafari “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Muxtasar aytganda, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilab olingan maqsadlar xotin-qizlarimiz istiqbollarini yanada nurli, oilalarni barqaror va jamiyatni farovon qilishga qaratilgan ezgu siyosatning hayotiy inʼikosidir. Zero, ayol qadr topgan yurtda ertangi kunga ishonch ham, yutuqlar ham bardavom boʻladi.
Zulayho MAHKAMOVA,
Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi