Nizom tadbirkorlarga muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan “in-vitro” sharoitida koʻpaytirilgan payvandtagli meva va tok koʻchatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Subsidiyalar quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
- yangi intensiv bogʻ barpo etgan talabgorga hamda dala chetlari, kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga ekilgan muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan “in-vitro” sharotida koʻpaytirilgan payvandtagli meva koʻchatlarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir meva koʻchatiga 25 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
- muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan uzumning danaksiz va yangi nav koʻchatlariga 7,5 ming soʻmdan, mahalliy tok koʻchatlariga 2 ming soʻmdan oshmagan miqdorda.
Talabgor subsidiyani olish uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali quyidagilarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:
- sogʻlom, viruslardan holi boʻlgan “in-vitro” laboratoriyasida koʻpaytirilgan payvandtagli koʻchatlarning muvofiqlik sertifikati nusxasi;
- talabgor bilan “in-vitro” sharoitida koʻchat yetishtiruvchi koʻchatchilik xoʻjaligi oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi nusxasi;
- koʻchatlar sotib olingani boʻyicha hisob-faktura, “in-vitro” sharoitida koʻchat yetishtiruvchi koʻchatchilik xoʻjaligining tavsiyasi va muvofiqlik sertifikati boʻyicha 3-yillik kafolat xati.
Ishchi guruh hujjatlarni 3 ish kunida joyiga chiqqan holda oʻrganadi va subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi yoki rad etish toʻgʻrisidagi xulosani tasdiqlaydi.