“Yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat hisoblanadi.
Bugun, 23-fevral kuni Samarqand shahrida “BAT Uzbekistan” kompaniyasi rahbariyatiga O‘zbekistondagi birinchi “yashil energiya” sertifikatlari rasman topshirildi. Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ Transformatsiyani amalga oshirish ofisi rahbari Pahlavon Nurmatov ishtirok etdi.
Aytish lozimki, 2000 dona yashil energiya sertifikatini xarid qilgan “BAT Uzbekistan” kompaniyasi o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun joriy yilning yanvar va fevral oylarida ishlatgan elektr energiyasining 100% qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi.
Tadbir davomida Jamiyatda olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari, barqaror rivojlanish bo‘yicha erishilgan yutuqlar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar to‘g‘risida fikr almashildi.
Shuningdek, “BAT Uzbekistan” kompaniyasi vakillari tomonidan barqaror rivojlanish, ijtimoiy, ekologik yo‘nalishlarda erishilgan yutuqlar bo‘yicha taqdimot qilindi.
Maʼlumot uchun: I-REC (Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti) sertifikatlari GHGP, CDP, RE100, ISO va boshqalar kabi barqaror rivojlanishning xalqaro standartlariga muvofiq beriladi. Elektr energiyasi isteʼmolchilari ulardan ushbu standartlar talablariga javob berish, shuningdek korporativ ijtimoiy javobgarlik sohasidagi maqsadlariga erishish uchun foydalanishlari mumkin.
Shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga hissa qo‘shish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, ularning ekologik nufuzini yaxshilashga va yangi isteʼmolchilarni jalb qilishga yordam beradi. Shu bilan birga, eksport kompaniyalari uchun yangi bozorga kirish, o‘z mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro bozor talablariga muvofiqlashtirish hamda belgilangan bojxona imtiyozlariga ega bo‘ladi.