Bemehr farzandlarga qanday jazo belgilangan?

    Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarda “inson qadri uchun”, degan tamoyil ustuvor maqsad etib belgilangan. Ayni jarayonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning qabul qilingani yurtimiz yangi rivojlanish davriga qadam qoʻyganidan dalolatdir.

    Zero, bosh qonunimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari kafolatlari bilan bogʻliq koʻplab normalar oʻz aksini topganki, bu mamlakatimizning chinakam demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi oʻrnini yanada mustahkamlaydi.

    Konstitutsiyamizning XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan boʻlib, u 76-80-moddalarni oʻz ichiga qamrab oldi. Xususan, uning 77-moddasiga koʻra “Ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar”, degan norma mustahkamlangan. Har bir ota-ona oʻz farzandini oilasiga, jamiyatga foydasi tegadigan inson qilib tarbiyalashga harakat qiladi. Oʻz navbatida farzandi voyaga yetguniga qadar unga gʻamxoʻrlik qilish har bir ota-onaning konstitutsiyada belgilangan majburiyati hisoblanadi.

    Konstitutsiyamizning 80-moddasiga koʻra esa “Voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar oʻz ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar”, degan norma oʻz aksini topgan. Ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻgʻil-qizlari voyaga yetguniga qadar gʻamxoʻrlik qilishga majbur boʻlsalar, farzandlar ham voyaga yetib mehnatga layoqatli boʻlgandan keyin ota-onalari holidan xabar olish, ularga munosib yashash sharoitini yaratib berish asosiy vazifa sifatida belgilangan.

    Demak, gʻamxoʻrlik qilish majburiyati nafaqat ota-onada, balki voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlarda ham bor. Lekin hayotda shunday insonlar ham borki, ular voyaga yetgach, oʻz ota-onalari haqida qaygʻurish, ularga mehr berish farzandlarning muhim vazifasi ekanligini unutib qoʻyishadi. Ana shunday bemehr va eʼtiborsiz oʻgʻil-qizlarga konstitutsiyamizda qanday jazo belgilangan?

    Agar voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar ota-onasini qadrlamasa, ularni qarovsiz qoldirsa dastlab maʼmuriy javobgarlikka, keyinroq esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksida oila aʼzolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari belgilangan boʻlib, ushbu kodeksning 116-moddasiga koʻra “Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment toʻlash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ota-onasiga moddiy yordam berish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarorlarini bajarmaslik jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.»

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 47-moddasi “Ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash” deb nomlangan boʻlib, unga koʻra “Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan ota-onani yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlashi, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga yoki bir yuz yigirma soatgacha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga yoxud ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.» Demak, voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan ota-onani yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik farzandlarni maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 123-moddasi “Ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash” nomlangan boʻlib, unga koʻra esa “Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan ota-onani yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlashi, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamasligi, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.»

    Voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar oʻz ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishi va oʻz ota-onalarini moddiy taʼminlashining dastlabki huquqiy kafolati albatta qomusiy qonunimiz Konstitutsiyamizda belgilangan. Konstitutsiyaning har bir moddasida belgilangan normasiga amal qilish har bir fuqaroning majburiyati hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega boʻlib, u toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.

    Feruzbek XUDOYQULOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti