Har qanday mamlakatning taraqqiyoti ilm-fan va taʼlimga qaratilgan eʼtibor, yaratilgan sharoit hamda ushbu sohalarga ajratilayotgan sarmoyaga bogʻliq. Buni har sohada yuksak darajaga yetgan Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur singari koʻplab davlatlar tajribasi ham koʻrsatib turibdi. Bugungi kunda yurtimizda taʼlim, ilm-fan sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor zamirida ham ayni shu haqiqatlar turibdi. Zero, mamlakatning kelgusidagi ravnaqi, taraqqiyot yoʻli bevosita bu sohalardagi yutuqlar bilan bogʻliq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan vaqtidagi ilk uchrashuvi ham aynan ilm-fan sohasi vakillari boʻlmish olimlar va akademiklar bilan boʻlganini alohida qayd etish darkor. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha soha singari taʼlim tizimida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oliy taʼlimga yoshlarni qamrab olish koʻlami bir necha barobar kengaytirildi. Oʻqitishning sirtqi, kechki, masofaviy shakllari joriy etildi.
Taʼlimdagi islohotlarni birgina Surxondaryo viloyati misolida tahlil qilsak. Bundan 5 yil oldin vohada faqat Termiz davlat universiteti mavjud boʻlgan. Qabul kvotasining kamligi, bitta oliy oʻquv yurti ehtiyojni toʻla qamrab ololmasligi sababli koʻplab yoshlar ilm olish uchun poytaxtga ketar edi. Voha ziyolilari, minglab ota-onalar Surxondaryoda ham yana boshqa oliy oʻquv yurtlari ochilishini orzu qilgan.
Prezidentimizning tashabbusi oʻlaroq, qisqa muddatda bir qator OTMlar tashkil etildi. Ayni paytda vohada 6 ta oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsatmoqda. Bu boʻlgʻusi talabalar, yoshlarimiz uchun katta imkoniyat, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yana bir islohot professor-oʻqituvchilarga yaratilayotgan keng sharoitlardir. Ularning maoshi oʻrtacha 3,5 barobar oshirildi — 3 million soʻmdan 10 million soʻmgacha. Qolaversa, ilmiy darajaga ega boʻlganlarning faoliyatiga qarab, qoʻshimcha 30 va 60 foizgacha ustamalar berish tartibining joriy qilinganini ham eʼtirof etish lozim.
Shuningdek, sohadagi eng muhim islohotlardan biri sifatida OTMga qabul jarayonlarining onlayn tashkil etilganini alohida taʼkidlash kerak. Test va ijodiy imtihonlar olish tartibi yanada shaffoflashdi. Oʻqishni koʻchirish va tiklash jarayoni ham onlayn boʻlib oʻtmoqda. Bu ota-onalar, talabalar uchun qulay imkoniyat yaratish bilan birga, ortiqcha sarf-xarajat, sarsongarchilik va qogʻozbozliklardan xalos boʻlishni taʼminladi.
Asosiysi, bu jarayonlarda inson omili ishtirok etmaydi. Abituriyent smartfoni orqali istalgan joyda turib ariza topshira oladi. Prezidentimizning shu yil 15-iyundagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida 2022/2023 oʻquv yili uchun magistraturaga qabul hamda oʻqishni koʻchirishda yangi tartib joriy qilindi.
Unga koʻra, davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali oʻrtacha koʻrsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qoʻshimcha imtihon oʻtkazilmaydi.
Shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta — avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi. Yuqoridagi qaror bilan davlat oliy taʼlim muassasasining biridan boshqasiga talabalar oʻqishini koʻchirishga ruxsat beriladigan holatlarga ham oydinlik kiritildi.
Ushbu tartib joriy qilingach, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Ular orasida bu tartibni qoʻllab-quvvatlovchilar ham, unga eʼtiroz bildiruvchilar ham bor. Albatta, har qanday islohot, oʻzgarishlarni jamiyat birdan qabul qilishi qiyin. Bu muayyan vaqt talab etadi. Har bir sohada dunyo ilm-fanining soʻnggi yangiliklaridan xabardor kadrlarga talab yuqori. Buning uchun esa xorijiy tillarni talab darajasida bilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Magistr bevosita ilmiy izlanishlarida xalqaro ilm-fandagi soʻnggi natijalardan foydalanishi uchun xorijiy tillardan kamida bittasini mukammal bilishi lozim. Qolaversa, xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali va bakalavr diplom balining oʻrtachasi oʻqishga qabul qilishga asos boʻladi. Yaʼni talabgor hech qanday imtihonga kirmaydi. Bu esa oʻqishga qabul qilishda ochiqlik, adolat, shaffoflikni taʼminlaydi, inson omili ishtirok etmaydi.
Eng muhimi, sohada jamiyatimizda eng katta illat boʻlgan korrupsiyaga chek qoʻyildi. Shu maʼnoda, 2022/2023 oʻquv yilida Termiz davlat universitetining magist ratura bosqichiga 109 nafar nomzod hujjat topshirdi. Shundan 76 nafari oʻqishga qabul qilindi. Bu jarayonda yangi tartib boʻyicha hech qanday imtihon oʻtkazilmadi. Nomzodlarning xorijiy tillarni bilish boʻyicha xalqaro sertifikati va bakalavr diplom ballarining oʻrtachasi asos qilib olindi. Yanvar oyig acha talabgorlarga yana imkoniyat bor.
Xorijiy tillar boʻyicha yana sinovlarda ishtirok etib, xalqaro sertifikat olib, hujjat topshirishlari mumkin. Xorijdan oʻqishini koʻchirish boʻyicha esa 2946 ta hujjat qabul qilindi. Bu abituriyentlarning test imtihonlari ham DTM tomonidan oʻtkazildi. Korrupsiya balosi taraqqiyotimizning kushandasi boʻlib kelmoqda. Yillar davomida bu illat avj olib, usiz biron ishimiz bitmaydigan darajaga yetib qoldi. Buning gunoh ekani ham unutildi.
Zero, muqaddas dinimizda, alloma va mutafakkirlarimizning asarlarida pora harom qilingani haqida koʻplab misollar keltirish mumkin. Ammo shu holatlarni koʻra-bila turib ham ayrim abituriyentlar va ularning ota-onalari firibgarlarning aldoviga uchib qolmoqda.
Qars ikki qoʻldan chiqadi. Buni anglamaslik, tan olmaslik jamiyatimizda korrupsiya balosidan butkul qutulishga xalal beradi. Farzandining bilimi, intilishi yaxshi, repetitorga qatnaydi, shunday boʻlsa-da, ayrim ota-onalar qingʻir yoʻllarni qidira boshlaydi. Kimningdir aldoviga, firibiga uchrab, keyin oʻzini jabrdiyda koʻrsatib yuradi. Xulosa shuki, korrupsiyaga qarshi har birimiz, keng jamoatchilik hamjihat kurashsagina ijobiy natijaga tezroq erishamiz.