Suhbatda kompaniya tomonidan bioyoqilgʻi, biooʻgʻit va oziq-ovqat ingrediyentlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyiha amalga oshirilishining asosiy bosqichlari muhokama etildi.
Loyihaning har bir bosqichi mahalliy mahsulot va xizmatlar yetkazib beruvchilarning faol ishtirokini oʻz ichiga oladi, bu esa mamlakatning kichik va oʻrta biznes subyektlarining ham ishtirokini taʼminlaydi.
Kompaniya vakillari Qoʻqon shahriga tashrifi natijalari, xususan u yerda yangi tashkil etilgan texnoparkda boʻlingani va infratuzilma va kommunal xizmatlar bilan taʼminlanganlik darajasi oʻrganilganligini haqida taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Kompaniya vakillarining fikricha, loyihaning keyingi bosqichlarida ishlab chiqarish faoliyatini yanada samarali tashkil etish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Kompaniya rahbariyati Oʻzbekistonning ekologik maqsadlariga mos keladigan aylanma iqtisodning yuqori standartlari va past uglerod chiqindilarini saqlash talablariga toʻliq rioya etishini taʼkidladi. Ushbu loyiha mamlakatning barqaror va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtishini qoʻllab-quvvatlashda muhim loyihalardan biriga aylanishi kutilyapti.
Laziz Kudratov kompaniyani loyihaning barcha bosqichlarida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Ekologik barqarorlikni mustahkamlash uchun bunday tashabbuslarga xorijiy sarmoyalarni jalb etish muhimligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Biologic International global bozorlar uchun barqaror va past uglerodli yechimlarga ixtisoslashgan bioyoqilgʻi va biomahsulotlar sohasida yetakchi innovator kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning bioyoqilgʻi, biooʻgʻitlar va oziq-ovqat ingrediyentlariga eʼtibor qaratilishi uni qayta tiklanadigan energiya va qishloq xoʻjaligi sohalarida yetakchilar qatoriga joy olishga zamin yaratdi.