Milliy istiqlolga erishganimizdan buyon oʻzbek ziyolilarining oldida ikkita hal etilishi kechiktirib boʻlmaydigan vazifa turibdi. Birinchisi, parchalangan yetmish yillik istibdod zanjirlari yetkazgan maʼnaviy zararni qoplash, yaʼni ijtimoiy hayotning barcha jabhalaridagi har bir nuqtani milliy madaniyat, milliy oʻzlik, milliy qadriyatlarimiz nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish va shoʻro davri gʻorat qilgan har bir voqelikni milliy oʻzanlarga qaytarish.
Ikkinchisi, bugungi kunda davrimizning taraqqiyot darajasi nihoyatda tezlashgani, intellektual salohiyat, tiniq tafakkur dunyoda yashab qolishning asosiy shartiga aylangani, internet imkoniyatlarining misli koʻrilmagan darajada yuksalishi, milliy maʼnaviyatni asrab qolish noziklashayotganini inobatga olib, taʼlim tizimini ijtimoiy hayot bilan uygʻunlashtirish.
Aynan, shu ikki jihat zimmamizga zalvorli vazifalar yuklayotgani hech kimga sir emas. Shunday sharoitda bu chek zimmasiga tushganlar millati, tili, dini, qadriyatlari, urf-odatlari, oʻziga xos turmush tarzini oʻzligicha saqlashga bel bogʻlaganlar hamda shaxsiy manfaatini har nedan ustun tutuvchilar, tom maʼnoda, manqurtlashganlar toifasiga ajralib qolmoqda. Xoʻsh, “manqurtlashganlar” kimlar oʻzi?
2019-yilning bahorida bir etak “el mehribonlari” yurtimizda “rus tiliga ham davlat tili maqomini berish tashabbusi” bilan chiqdi. Emishki, Rossiyaga ishlashga borayotganlar oʻris tilini bilishlari uchun bu til yurtimizda davlat tili maqomini olishi kerak ekan. Mantiqning mantiqsizligini qarang! Bu bir bemavrid va atay boshlangan tashabbus edi-da.
Aslida, erkinlik havo boʻlsa, ona tili millat deb atalmish tanning ruhi, shu millatning manzil-makoni — Vatan. Shundandir balki soʻzga sigʻmaydigan, dunyodan-da kattaroq voqeliklar bor: istiqlol, Vatan, ona tili, ona, maktab, iymon...
Asl insonlarning jon tomirlariga oʻrnashgan vatanim, ona tilim, onam, maktabim, iymonim tushunchalarining har biri milliy istiqlol bilangina gurkiraydi, milliy istiqlol oʻzanidan suv ichadi. Bugun ona tilimizga boʻlgan bepisandlik erkimizga otilgan toshdir; maktabga, taʼlimga, ustozga beparvolik erkimizga berilgan zarbadir; vatanga, iymonga qalqon boʻlmaslik shaʼnfurushlikdir.
Ha, faqat oramizda joʻlomonlarni (Ch.Aytmatov) paydo qilishga ulgurdilar. Achchiq haqiqat shuki, endi joʻlomonnusxalarni tuzatib boʻlmaydi. Endi Nayman onaning holiga tushmasligimiz uchun ularga qarshi kurashishimiz shart.
Eʼtibor bersak, jamiyatimizda noxush holatlarni bir etakkina joʻlomonlar keltirib chiqaradi. Iymoni but, zuvalasi oʻzbekona qorilganlarning lablaridan oʻzbekkagina xos soʻzlar otiladi:
“Ichingdan chaqmoq chaqib, guldirab otiladigan ovozing emasmi tiling?! Oʻz ovozingni oʻzing boʻgʻmoqchimisan? Darvoqe, ovozing bormidi oʻzi? Yaratgan Insonni ovozidan tanib oladi... Shuning uchun ham Yaratganga iltijo qilamiz. Baraka topgur, qoʻy, oʻzingni oʻzing boʻgʻmagin. Shuncha boʻgʻilganimiz yetmaydimi?
Navoiyni-ku oʻqimaysan, chunki tushunmaysan. Beriroqqa kelsak, Togʻay Murodni, Murod Muhammad Doʻstni, Erkin Aʼzamni ham oʻqimaysan, chunki tilimiz otashidan zavqlanish tuygʻusidan benasibsan, bechoragina. Chunki sen ularni ham tushunmaysan. Ishon, ular oʻzbek tilida yozishadi... Oʻzimni qayerga qoʻyishni bilmayapman; uyat-yey, oʻzbek oʻzbekka oʻz tilingni yerga urma, deb zor qaqshasa. Yaxshisi, koʻzimga koʻrinma, bir balo qilib qoʻyaman”. (Qoʻchqor Norqobil)
Alxusus, nafaqat ona tilimizni asrash borasida, balki yurtimizning butun borligʻini oʻzligicha saqlash uchun, dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrnimizni yoʻqotmaslik uchun ham, avvalo, joʻlomonnusxalarga qarshi tura olishimiz shart.
Jamiyatda yana bir toifa bor: beparvolar. Ularga baribir. Ulardan qoʻrqish kerak aslida. Joʻlomonlardan ham battarroq, aslida ular.
Bunaqalarning jamiyatda urchishiga yana bir asosiy sabab bor. Shoʻro davri tasarrufidagi boshqa xalqlar, millatlar qatorida ona tilimizning taʼlimiga maktabda, texnikumu oliy oʻquv yurtlarida rasmiy fatvo bergan edi. Hatto biz bundan nihoyatda mamnun edik…
Ammo yurt, xalq erkinligi qoʻlimizga tekkach, chuqurroq anglab yetdikki, nutq milliy tilning, til milliy tafakkurning, tafakkur esa milliy oʻzlik, ijtimoiy turmushning inʼikosi, yuzaga chiqishi, moddiylashuvi ekan. Demak, oʻzbekona turmush tarzimiz, urf-odatlarimiz, anʼanayu irim-sirimlarimizgacha, ongimiz ostidagi “men”ligimizgacha barcha-barchasi tafakkur tegirmonida qayta ishlanib tilda, nutqiy aloqa-aralashuvimizda boʻy koʻrsatar ekan. Buni aksioma darajasida bilgan oʻsha davrning “hukmron mafkura”si ona tili taʼlimining milliy oʻzanlarini yopib yangi — oxiri “voy”larni keltirib chiqaruvchi kanallarga solib yuborgan ekan.
Bu shoʻro davrining “Fan yangiliklari — maktabga!” shiori ostida amalga oshirilganini bilamiz. Mazkur shiorning tatbiqini muttasil taʼminlash oqibatida ish shu darajaga yetdiki, XX asr 80-yillariga kelib maktab ona tili darsliklarining mavzulari oliy taʼlimdagi tildan mutaxassislik fanlari mavzulari bilan deyarli tenglashdi.
Maktab oʻquvchisining kelajak hayoti uchun zarur boʻlmagan qoidalar sonining oshib borishi ulkan muammolarni yuzaga keltirdi. Tom maʼnoda, ona tili darslari oʻquvchiga oʻzbek tilining jozibasini his qilishni hamda uning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishni oʻrgatish yoʻlidan ogʻishdi va ona tilini oʻrgatish, oʻrganish mashgʻulotlari uzun, quruq qoidalarni singdirishdek “manqurtlik oʻzani”ga solib qoʻyildi.
Ona tili taʼlimida biz mana shu “manqurtlik oʻzani”dan juda sekinlik bilan chiqyapmiz. Nega bu holat avvalroq sezilmadi? Nega buni shu kecha-kunduzda aniq va yaqqol bilib turibmiz? Buning sababi, tabiiyki, hukmron mafkura bilan bogʻliq. Kechagacha bizning ovozimiz ichimizdan tashimizga chiqishi dushvor edi. Biz uchun gapiradiganlar, bizning taqdirimizni hal etib qoʻyadiganlar bor edi.
Bir haqiqat kunday ayon. Agar maktablarimizda oʻqitilayotgan ona tili mashgʻulotlari bolalarimizga oʻzbek (ona) tilidan oʻrinli va unumli foydalanish madaniyatini, shu tilda oʻqish, tushunish va yozish zavqini bermas ekan, yaʼni oʻz milliy oʻzaniga tushmas ekan, milliy maʼnaviyat, milliy madaniyat, milliy oʻzlik tushunchalari siyqasi chiqqan birikmalarga aylanib boraveradi.
Vaholanki, ona tili mashgʻulotlari tafakkur darslariga aylanib borishi zarur. Sababi, milliy oʻzlik, milliy ong va milliy qadriyatlar har bir oʻquvchi, talabaning tafakkuriga beqiyos ozuqa beruvchi, bitmas-tuganmas manbadir. Demak, tafakkur rivojlansa, til rivoj topadi, nutq ravonligiga va mantigʻiga erishiladi.
Zero, ona tilimizni asrash ishi uning taʼlimi bilan uzviy bogʻliq.
Muammolar bisyor, bilʼaks, muammolarni ijobiy hal etish uchun yurtimizda keng qamrovli imkoniyatlar ham mavjud. Behisob shukrlar boʻlsinki, bugun yangi Oʻzbekistonda nafaqat taʼlim, balki ijtimoiy turmushimizning har bir jabhasidagi muammolarni bartaraf etish, oʻsha sohani rivojlantirish, yuksaltirish uchun ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan oʻttiz yillik muddatda yurtimizda misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Men buni oʻzimning, atrofimdagilarning, doʻstu birodarlarimning turmush tarzi misolida chuqurroq his etaman.
Darhaqiqat, bugun yangi Oʻzbekistonda misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqdaki, bularning barchasi oldingi tuzum qoldirgan tugunlarni yechishga, taraqqiyotimiz gʻildiragiga tiqilgan toʻxtatgichlarni olib tashlashga xizmat qilmoqda.
Bobolarim kutgan, otam intiq boʻlgan ulugʻ istiqlol mening, farzandu nevaralarimning nasibasi ekan, bugun uni koʻz qorachigʻimdek asrashga, oʻqraygan koʻzlardan, bevaqt esgan shamollardan himoya qilishga qarzdorman…
Bir yoqimli sabo esmoqda. Undan jismi jonim rohatlanmoqda. Bu ona yurtimning qutlugʻ mustaqilligi shabadasidir…
Dilorom YOʻLDOSHEVA
Buxoro davlat universiteti professori