Qadriyatlari, mafkuraviy qarashlari hamda yagona tarixiy makonga mansubligiga koʻra birlashadigan jamiyatlar oʻrnini endilikda birinchi galda professional darajasi, yaʼni kasb-kori qadrlanadigan odamlardan iborat jamiyatlar egallab borayotir. Deylik, bugun Afrika yoki Lotin Amerikasining olis bir qishlogʻida isteʼdodli sportchi, ixtirochi, ijodkor, muhandis paydo boʻlsa, qaysi millatga mansubligidan, qayerda yashashidan qatʼi nazar, darhol eʼtiborga tushadi, dunyoning eng dongdor jamoasi yoki kompaniyasiga jalb etiladi.
Chetdan misol izlab nima qildik, qancha-qancha yoshlarimiz jahonning manaman degan firma va xalqaro tashkilotlarida, futbol klublarida, oliy oʻquv yurtlarida faoliyat yuritib, oʻzbek yoshlarining nimalarga qodir ekanini amalda isbotlab kelayotgani oʻz ishini puxta biladigan odam hamisha eʼtiborda boʻlishini koʻrsatdi. Xullas, ayni dam butun dunyoda odamni qadrlashda uning oʻz ishini qay darajada bajarishi asosiy mezonga aylanib bormoqda. Ammo mana shunday qaynoq jarayon ichida kunimni bir amallab oʻtkazsam boʻldi degan qarash bilan yurganlar ham yoʻq emas. Qanday qulaylik yaratilmasin, hech qachon toʻkis deb hisoblamaydigan, sharoitsizlik bahonasida nolib yuraveradigan kishilar bora-bora shunchaki fikr qilish charchatadi degan xulosaga keldi, natijada ular oʻz ongida ehtiyojni sunʼiy ravishda turgʻunlashtirib yubordi. Ehtiyoji turgʻunlashgan odam esa izlanmaydi, tadbirkorlik yoʻllarini qidirmaydi, kasbini hayotining mazmuniga aylantira olmagach, tabiiyki, aynan oʻsha hunari uning hayotini izdan chiqaradi, juda uzoq yillar oʻzidan ham, ishidan ham koʻngli toʻlmay yuradi.
Xoʻsh, nega shunday? Nimaga odamlarning asosiy ehtiyojlari qondirilgani sari kreativlik, yaratuvchanlik xususiyatlari torayib, maqsadlari kichiklashib boradi? Nima uchun birdan tugʻiladigan zerikish, har narsaga toqatsizlik, asabiy kayfiyat bugun bizgacha yashagan odamlarnikidan koʻproq?
Oʻtgan yili muallimlik masʼuliyati haqida oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda ketma-ket faxrli oʻrinlarni egallayotgan qashqadaryolik oʻqituvchi Elbek Toʻxtamurodov bilan kechgan ajoyib suhbatni yozib olganimizda unda ushbu mavzu uchun ham anchagina gaplar yigʻilib qolganini sezgandik. Shu sabab Elbek akaning iroda susayishi, kasbiy soʻnish, maqsadsiz odamning ekzistensial inqirozi masalalariga oʻqituvchilik kasbi nuqtayi nazaridan yondashib fikr bildirishini soʻradik, uning javobi esa kutganimizdanda foydali va manfaatli boʻlib chiqdi.
Elbek TOʻXTAMURODOV, Qarshi shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning matematika fani oʻqituvchisi:
— Bugungi sharoit deyarli barcha tajribalarni sinab koʻrish uchun yetarli deb oʻylayman. Ilm qilaman desang, marhamat, laboratoriyalar muntazir, oʻqiyman desang, hatto otboqargayam oʻziga mos soha topiladi, koʻproq pul topishni istayapsanmi, qandingni ur, davlat eng yuqori daromadli kasblar roʻyxatini shakllantirib qoʻyibdi, shulardan birini tanlab harakat qil.
Ammo shunda ham ishonarli sabab keltirolmay nolishda davom etadigan odamlar topilaveradi. Demak, muammoni faqat davlat tarafidan koʻrsatilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoit bilan hal etib boʻlmaydi. Bunda odamlarning dunyoqarashi, masalaga yondashuvi ham katta ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, boʻlajak mutaxassisning oʻziga, u voyaga yetayotgan muhitga koʻp narsa bogʻliq. Shu taraflama qarasak, ayrim ota-onalar ongida hanuz bu borada eskicha qarashlar barham topmagani bor gap. Hali ham oʻgʻlim oylikka qarab kun koʻradigan oʻqituvchi yoki shifokor boʻlmaydi, u yurist boʻladi, bolam qora moyga botib yuradigan konchi, usta yoki xizmatchi emas, katta amaldor boʻladi deya bugungi hayot talabini tushunmay, hatto mensimay yurgan ota-onalar kam emas. Ular el-yurt manfaati, millat kelajagini emas, balki koʻproq shaxsiy izzat-nafsini oʻylaydi. Ularni kasbning sir-asrori, jozibasi, xosiyati emas, undan kelishi mumkin boʻlgan noqonuniy foyda va daromad, u orqali erishiladigan amal martaba koʻproq qiziqtiradi. Holbuki, yuqorida aytganimizdek, hozirgi kunda kasb-hunar borasidagi qarashlar mutlaqo oʻzgarib ketdi. Endi “oddiy kasb”, “birinchi yoki ikkinchi darajali kasb” degan tushunchalar juda nisbiy boʻlib qoldi.
Hozirgi taraqqiyot zamonida oddiy tikuvchidan tortib quruvchigacha, santexnikdan tortib restoran oshpazi, tajriba oʻtayotgan amaliyotchigacha jamiyatda oʻz oʻrni va nufuzini topib bormoqda. Ularning baʼzilari hatto obroʻ-eʼtibor va boylik orttirishda serdaromad kasb egalarini ham ortda qoldirmoqda. Masalan, bir oyna artuvchi vaynerni bilaman. Xorijlik. Turli inshootlar oynalarini artishga shu darajada sanʼatkorona yondashadiki, oppoq koʻpik yordamida oynaga mashhur kompaniya brendlarining logolarini “chizib”, ijtimoiy platformalarga joylaydi. Koʻzni tinchlantiruvchi ushbu jarayon millionlab olqish yigʻadi. Adashmasam, oʻsha odam hozir yillik shartnomaga ega reklamalar oladi, ancha boyigan, lekin baribir kasbini tashlamagan.
Tasavvur qilyapsizmi, u shunchaki oyna artardi va bundan rohatlanardi, natijasi esa… aql bovar qilmaydi. Demak, ishini mehr bilan astoydil va puxta bajaradigan boʻlsa, hech qaysi kasb egasi xor boʻlmaydi. Negaki dunyoda keraksiz kasbning oʻzi yoʻq. Bordiyu, ishini oʻlda-joʻlda, deylik, dars soatlari tugashini oʻquvchilardan koʻp kutadigan muallimlar, bemorning qoʻli choʻntagiga bir kirib chiqqandan soʻng harakatga keladigan shifokorlar, kunini uyqu bilan oʻtkazadigan talabalarga oʻxshab qoʻl uchida qiladigan boʻlsa, yuristmi, iqtisodchimi, diplomatmi — bundan qatʼi nazar, nomdor dorilfununning diplomi ham yordam berolmaydi, bunday “mutaxassis”ning bozori kasodga uchraydi.
Har ishda, avvalo, mehr, toqat kerak. Mehr va sabr — professionalizmning asosi. Albatta, bilim, koʻnikma va tajriba ham zarur. Lekin har bir kasbning mohiyatini, taʼbir joiz boʻlsa, goʻzallik va nafosatini his etish uchun, avvalo, mehr hamda sabr boʻlmogʻi lozim. Mirzo Ulugʻbekning buyuk munajjim boʻlib yetishishi uchun asos boʻlgan narsa yulduzlarni oʻrganishga ishtiyoq emasmi? Bu ulugʻ zotning boshqa sohalar boʻyicha maʼlumoti va tajribasi ham yetarli, biroq munajjimlikka muhabbati barchasidan kuchliroq edi.
Ayrim ota-onalar koʻpincha kasb-hunar bilan mansabning farqiga bormaydi. Ular yurist yoki siyosatshunos boʻlgan odam ertaga, albatta, katta amaldor boʻlib yetishadi deb oʻylaydi. Vaholanki, mansab martabaga faqat diplom bilan emas, ishga halol munosabat, el-yurtga sadoqat, fidoyilik, rahbarlik salohiyati kabi koʻplab fazilatlar evaziga erishiladi. Axir amaldor soʻzi ham doim ish bilan mashgʻul, ishi koʻp odam maʼnosini bildiradi. Buning ustiga, mansab bir umrlik boylik manbai ham emas. Mansab — avvalo, ishonch va masʼuliyat. Oʻziga xos bir omonat. Bu omonatni bus-butun saqlash, ishonchga munosib boʻlish uchun ham ilm-hunar, qobiliyat darkor. Shu bois, yaxshi kasb — bir umrlik hamroh, desak toʻgʻri boʻladi. Mansab qoʻldan ketishi mumkin, ammo ilm-hunarni hech kim tortib ololmaydi. Shuning uchun qadimda shoh boʻlsin, gado boʻlsin — hammaning farzandi imkon qadar kasb-hunar oʻrgangan.
Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhodni olaylik. U — kimsan Chin xoqonining oʻgʻli, taxt vorisi. Lekin dunyoda u oʻrganmagan hunar qolmaydi. Tosh yoʻnish yoki meʼmorlikni ham, kamon otish, otda chopish, suvda suzishni ham — hamma-hammasini mukammal oʻrganadi. Nega? Aslida, shu hunarlarni egallamagan taqdirda ham Farhod oliy mansabdor — podshoh boʻlishga haqliku. Gap shundaki, Farhod shoh boʻlish, mamlakatni boshqarish uchun avval ilmu hunar oʻrganish, masʼuliyatli vazifaga munosib boʻlish lozim deb hisoblagan.
“Hayot turgʻunlikka yuz tutmaydi…”
Maʼruf OCHILOV, psixolog:
— Bugun farzand tarbiyasida, unga ilm-maʼrifat oʻrgatishda bir yoqlama ish tutib, loqaydlikka yoʻl qoʻyayotgan ota-onalar kammi? Hammaning farzandi yurist yoki bankir, jurnalist yoki sanʼatkor boʻlsa, texnik taraqqiyot, ijtimoiy hayot bilan bogʻliq boshqa ishlarni kim qiladi? Yashirishning hojati yoʻq, hozirdanoq texnik taʼmirlash yoki tuzatish bilan bogʻliq jiddiy ishlar boʻlsa, oʻzga millatga mansub mutaxassisni izlab qolamiz.
Boisi, oʻzimizning yoshlardan oʻshalar darajasida ishni qoyilmaqom qilib bajaradiganlari hali yetarlicha koʻp emas. Maktablarimizda mehnat darslari koʻngildagidek oʻtilmaydi. Bolalarni hunarga qiziqtiradigan kasb toʻgaraklari tikuvchilik-bichuvchilik, kulollik yoki yogʻoch ustachiligidan nariga oʻtmaydi. Ayrimlar endi zamon oʻzgardi, avvalo, ingliz tilini oʻrganish kerak deb bolaning diqqat-eʼtiborini faqatgina shu sohaga yoʻnaltiradi.
Mehnat va kasb tarbiyasidagi bir yoqlamalik, yoshlarga ilgʻor va faol kasblar, deylik, texnik taraqqiyot bilan bogʻliq hunarlarni kamroq oʻrgatish oxir-oqibatda insonning turmush tarzi, dunyoqarashiga ham taʼsir etadi. Buning natijasida odam faol, toʻlaqonli hayot kechirish oʻrniga hamma masalada “bizga shunisi ham boʻlaveradi”, “kunimiz oʻtib tursa boʻldi” degan zaif va nochor yondashuvga amal qilib yashaydigan boʻlib qoladi. Bu esa pirovardida jamiyat hayotining orqaga ketishi, qoloqlikka duchor boʻlishiga olib keladi. Vaholanki, bugungi kunda faqat roʻzgʻorni emas, balki dunyoni tebratishga arziydigan kasb-hunarlarni egallash uchun kurash bormoqda.
“Roʻzgʻorni tebratishga yaraydigan biror kasb boʻlsa, bas” degan qarashning oʻzida kasb-hunarni mukammal oʻrganishga ragʻbat va ishtiyoq yoʻqligi yaqqol bilinib turadi. Toʻgʻri, buni xalqimizga xos sabr-qanoat hissi bilan izohlash mumkindir. Albatta, tana va ruhni sogʻlom tarbiyalash, moddiy boyliklardan tejamkorlik bilan foydalanish, hayotni oqilona yoʻlga qoʻyish masalasida sabr-qanoat kerak. Ammo kasb-hunar oʻrganishda qanoat va chegara boʻlmasligi darkor.
Hozirgi lanj kayfiyat — ruhimizdagi tanballik va zaiflik, hayotga faol aralashishdan choʻchish asorati. Shuning uchun ayrim yurtdoshlarimizda yengil-yelpi bajariladigan, lekin tushumi, daromadi oila ehtiyojini qoplashga yetadigan yumushlarni izlashga ishtiyoq kuchli. Ogʻirning ustidan, yengilning ostidan oʻtib, oʻzini ishbilarmon qilib koʻrsatish illati shundan kelib chiqadi. Biroq hayotda kam kuch, bilim va tajriba sarflab, meʼyoridan ortiq foyda olinadigan ish yoki kasb boʻlmaydi. Dunyoda hamma narsa hisob-kitobli, hamma narsa mutanosib — nima eksangiz, shuni oʻrasiz. Kasbni chala egallab, zoʻr odam boʻlaman deganlar adashadi.
Faxriddin Musayev va Murtazo Qarshiboyning bundan salkam yigirma yil oldin yozilgan “Har ishda mehr kerak” maqolasida ayni kayfiyatimiz bayon etilgan. Sodir boʻlgan baʼzi holatlar oʻsha payti bashorat qilingan. Maqolada atoqli nemis mutafakkiri Maks Veber tahlil etgan quyidagi misol keltirilgan: oʻrilgan bir morgen (0,25-0,33 gektar) gʻalla uchun bir marka haq oladigan oʻroqchi kuniga 2,5 morgen gʻalla oʻradi va 2,5 marka haq oladi. Xoʻjayin hosilni nobud qilmay, tezroq yigʻib olay deydiyu, ish haqini odatdagidan koʻra bir oz oshiradi — bir morgenga bir emas, 1,25 marka haq toʻlashga rozi boʻladi. Shu tariqa unumdorlik uch morgengacha ortishiga umid qiladi. Lekin tashabbuskorlikdan yiroq, anʼanaviylik ruhida tarbiya topgan oʻroqchi koʻproq pul ishlab qolish imkoniyatidan foydalanish oʻrniga shundoq ham yetib turibdiku, boʻldida deb odatdagidek 2,5 markalik ish bilan kifoyalanadi: endi 2,5 morgen oʻrniga 2 morgen oʻra boshlaydi.
Falsafashunos Abdurahim Erkayev bu misolni sharhlar ekan, bunday xulosa chiqaradi: “Koʻrdingizmi, anʼanaviylik ruhidagi mehnat va turmush sharoitida moddiy ragʻbat birinchi oʻrinda turmaydi va u samarali iqtisodiy omilga ham aylanmaydi. Chunki bunday sharoitda inson ehtiyojlari turgʻunlik kasb etadi. Ehtiyojlar turgʻunlikka yuz tutgani bilan hayot turgʻunlikka yuz tutmaydi. Aksincha, turgʻunlikka yuz tutgan ehtiyoj bilan taraqqiyot oʻrtasidagi ziddiyat kuchayib, yangi-yangi muammolar paydo boʻlaveradi”.
Ha, Maʼruf akaning xulosalarida, afsuski, jon bor. Toqatsizlik, dangasalik zangga oʻxshaydi. Narsalar koʻp ishlash oqibatida emas, zangdan tezroq yemiriladi. Katta natijalarga esa, avvalo, ularga mehr qoʻyib, shu yoʻldagi intilishni eʼtiqodga aylantirish orqali erishiladi.
Eʼtibor berganmisiz, xorijliklar ish masalasida, kasbga doir yumushlarda bir-birini ayab oʻtirmaydi, robotdek yuz foizlik natija uchun harakat qiladi. Chunki ular oʻz ishini eʼtiqoddek muqaddas deb biladi. Ularning ishiga boʻlgan ishtiyoqida oilasi, vatani va xalqiga muhabbati mujassam. Bordiyu, ishiga ozgina xiyonat qiladigan boʻlsa, bundan unga ishonch bildirgan jamoasi qanchalik zarar koʻrishini yaxshi tushunadi.
Biz bor mehrimizni farzandlarimiz, oilamiz, yoru doʻstlarimiz, vatanimiz va xalqimizga berib yashaymiz. Begona odamlarga qalbimizni ochib, uyimizdan joy berib, muruvvat koʻrsatamiz. Munosabatimiz samimiyligini ifoda etib, topgan-tutganimizni sarflab, katta toʻylar qilamiz, el hasharlarida qatnashamiz, xayrli ishlarga ikkilanmay bosh qoʻshamiz. Baʼzan haddan oshirib yuborgan jihatlarimiz boʻladi. Ana shu buyuk mehrning bir qismini kasb-hunarga, zamonaviy ilmlarni oʻrganishga bagʻishlasak, maqsadlarimizga tezroq yetishimiz, bir ulugʻvor gʻoya atrofida birlashib, taraqqiyotning boshida borayotgan xalqlar safiga chiqishimiz shubhasiz. Aytishadiku, qilayotgan ishingizni sevishingiz kerak, ana shunda mehnat — hatto eng ogʻir mehnat ham — hayotingiz mazmuniga aylanadi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri