Keyingi besh yilda Milliy markazning BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi va uning Markaziy Osiyo mintaqaviy boʻlinmasi bilan hamkorlik munosabatlari boshqa davlatlar uchun namuna boʻlishga yuksak bosqichga koʻtarildi.

Xususan, Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylandi va 2021-yil 1-yanvardan amalga oshirib kelmoqda. Oʻzbekistonning Jeneva shahridagi BMT boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi oʻrinbosarligiga saylandi hamda 2022-yildan oʻz vazifasini bajarishga kirishadi.

Shu maʼnoda, BMT Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisining Oʻzbekistonga tashrifi doirasidagi ushbu uchrashuv amaliy aloqalarning mantiqiy va izchil davomi hisoblanadi. Milliy markaz inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish sohasidagi keng koʻlamli hamkorlikdan hamisha manfaatdordir.

Oʻz navbatida, F. Ni Aolayn oʻzaro hamkorlik munosabatlari keyingi bir yildan ortiq vaqt davomida tubdan kuchayganidan mamnunligini bildirdi. Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2021-yil iyul oyida boʻlib oʻtgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi 47-sessiyasi, shuningdek, “Mojaroli hududlardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya hamda reintegratsiya qilish” mavzusidagi seminar ishida faol ishtirok etganiga yuqori baho berdi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga binoan bugungi kungacha oʻtkazilgan “Mehr -1, 2, 3, 4, 5” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afgʻonistonda ogʻir ahvolga tushib, chorasiz qolgan besh yuz nafar ayol va bolalar Oʻzbekistonga olib kelindi.

Oʻzbekistonning ushbu insonparvarlik harakati inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlar, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshirildi. Eng asosiysi, BMT Maxsus maʼruzachisi taʼkidlaganidek, qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarga borib qolgan ayollar va bolalarni oʻz vataniga qaytarish, himoya ostiga olish hamda jamiyatga moslashtirish ishlari avvalo milliy darajada hal etilishi juda muhim.

F. Ni Aolaynning fikricha, bugungi kunda koʻpgina davlatlar oʻz fuqarolarini mojaroli hududlardan olib chiqish bilan shugʻullanishni istamayapti. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonning bu boradagi milliy tajribasi oʻrnak olishga munosibdir.

Muloqot chogʻida terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Bunda Oʻzbekistonning terrorizm va zoʻravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish sohasida xalqaro, mintaqaviy va ikki tomonlama darajada milliy salohiyati shakllangani hamda mustahkamlanganiga eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston – xalqaro terrorizmga qarshi kurashning faol ishtirokchilaridan biri. Mamlakatimiz BMTning Global aksilterror strategiyasini qoʻllab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokollarni ratifikatsiya qilgan. Bundan tashqari, bu borada bir qancha milliy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan.

BMT Maxsus maʼruzachisi Oʻzbekistonning qonun ijodkorligi va xalqaro hujjatlar qabul qilishda tashabbuskorlik koʻrsatish sohalarida yetakchi ekanini eʼtirof etgan holda, ana shu yuksak salohiyatdan “terrorizm” tushunchasiga taʼrif berishda amaliy foydalanish taklifini ilgari surdi. Binobarin, terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisidagi asosiy konvensiyalar va BMT Xavfsizlik Kengashi, Bosh Assambleya hamda Inson huquqlari boʻyicha kengashning tegishli rezolyutsiyalarida ushbu atamaga aniq izoh berilmagan.

Shuningdek, tomonlar inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Terrorizmning oldini olish, terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlariga amal qilish, terrorizm jabrdiydalari va terrorizmda ayblangan mahkumlar huquqlarini taʼminlash kabi masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Maʼlumot uchun, F. Ni Aolayn – BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi lavozimini bajarishga 2017-yil 1-avgustdan kirishgan. Bugungi kunga qadar Belgiya (2018-yil may), Fransiya (2018-yil may) va Qozogʻiston (2019-yil may) mamlakatlariga tashrif buyurgan.

F.Ni Aolayn Irlandiyada tugʻilgan, huquq bakalavri, Belfastdagi Qirollik universiteti va Kolumbiya universiteti yuridik fakultetlarining huquq magistri, Yevropaning bir qator nufuzli oliy oʻquv yurtlari professori hisoblanadi. U kitoblari va ilmiy tadqiqotlari uchun koʻplab akademik unvon va mukofotlar, jumladan, Fulbrayt stipendiyasi, Alon mukofoti, Robert Shuman stipendiyasi, Yevropa komissiyasi mukofoti va Lolor stipendiyasi sovrindori boʻlgan.

Belfastda joylashgan Odil sudlov boʻyicha ijroiya qoʻmitasi va Fuqarolarning erkinliklari boʻyicha Irlandiya kengashi aʼzosi. 2010-yilda Xalqaro huquqning Amerika jamiyati ijroiya kengashiga uch yil muddatga saylangan va 2014-yili ushbu Kengashning Yillik majlisiga hamraislik qilgan.

Bundan tashqari, F.Ni Aolayn Ochiq jamiyatlar fondlarining xotin-qizlar dasturi boʻyicha kengash raisidir. Qiynoqlar jabrdiydalariga koʻmaklashish markazining Milliy maslahat kengashi tarkibidan ham joy olgan.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.