Yigʻilish BMTTD, YUNFPA va FAOning “Orolboʻyi mintaqasidagi yoshlar va aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun moslashish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularning ijodiy va innovatsion salohiyatini oshirish” Qoʻshma dasturi doirasida tashkil etildi.
Ushbu uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Orolboʻyi mintaqasida yoshlar va aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning uchinchi yigʻilishida amalga oshirilgan ishlarning oraliq natijalari taqdim etilib, mazkur loyihaning vazifalari va maqsadlari muhokama etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlar tinglandi hamda kelgusi yilda hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Tadbirda BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili oʻrinbosari Doyna Muntyanu “vazirlik va idoralarning faol ishtiroki natijalarga muvaffaqiyatli erishish uchun muhim omil” ekanini qayd etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidagi Doimiy vakilining oʻrinbosari Otabek Abdreymov “Loyiha doirasidagi dastlabki aholi punktlari toza ichimlik suvi, sifatli elektr taʼminoti va aholining daromadi ortib borishi BMTTD tomonidan koʻrsatilgan amaliy yordamning ustuvor maqsadlaridan biri boʻlganligini qayd etdi. U shuningdek, “Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish maqsadida dengizining qurigan tubida oʻrmonlar barpo etish, saksovul koʻchatlarini qoʻlda ekish ishlari olib borilgani”ni taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.