“Boburnoma” qirgʻiz tiliga qirgʻizistonlik boburshunos olima, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Xosiyat Bekmirzayeva tomonidan oʻgirildi.

Qirgʻizistonning “Ulu toolor” nashriyoti tomonidan chop etilgan ushbu tarjimaga bir guruh qirgʻiz va oʻzbek olimlar muharrirlik qilishgan. Xususan, olim va jurnalist Toʻlanboy Qurbanov, qirgʻiz yozuvchisi Abibilla Pazыlov adabiy tahrir ishlarini bajarishgan.

Kitobga Qirgʻiz Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi “Miras” jamgʻarmasi boshqaruvi raisi, tarix fanlari nomzodi, professor Kiyas Moldoqosimov, Qirgʻiz Respublikasi Milliy fanlar akademiyasining akademigi, A.A.Altmыshbayev nomidagi Falsafa instituti direktori, falsafa fanlari doktori, professor Nur Saralayev, shuningdek, Qirgʻiz Respublikasi Milliy fanlar akademiyasining A.A. Altmыshbayev nomidagi Falsafa instituti boʻlim boshligʻi, filologiya fanlari nomzodi, tarix fanlari doktori, professor Sulayman Qayipov ilmiy taqrizchi sifatida qatnashgan.

“Boburnoma” asarining qirgʻizcha tarjimasiga Qirgʻiz Xalq yozuvchisi, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev kirish soʻzi yozgan. Tarjimaning nashrdan chiqishida filologiya fanlari doktori, boburshunos olim Shuhrat Hayitov masʼul muharrirlik vazifasini bajargan hamda tarjimadan oʻrin olgan Bobur hayoti va faoliyatiga oid muhim ilmiy-tarixiy maʼlumotlar boʻlimini yozgan.

Tarjima tahriri jarayonida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinov, Bobur xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov, adabiyotshunos olim va tarjimon Zuhriddin Isomiddinov, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov va dotsent Dilafruz Muhammadiyevalar ham ishtirok etishgan.

Oʻylaymizki, ushbu tarjima qardosh xalqlar oʻrtasidagi adabiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.