Mamlakatimizda bog'dorchilikni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, uzum yetishtirish, tokzorlarni ko'paytirish va ularga ishlov berish, sug'orishda yangi texnologiyalarni joriy etishga katta e'tibor qaratilyapti.

Bu boradagi ishlar o'z samarasini berayotgani sababli joylarda tokzorlar nafaqat kengaymoqda, balki uning hosildorligi ham yildan-yilga ortib boryapti. Ayni vaqtda yurtimizda fermer xo'jaliklari tomonidan 90 ming gektar maydonda uzum etishtirilayotgani, bu tarmoqda 900 ming aholi doimiy va mavsumiy ish bilan bandligi fikrimiz isbotidir.

E'tiborli jihati, so'nggi to'rt yilda 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard so'm subsidiyalar ajratilgani natijasida shu davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga ko'paydi. Lekin yurtimizda bu sohada bundan-da katta imkoniyatlar borligini hisobga olsak, uzumchilik sohasiga tejamkor texnologiyalar, ayniqsa, tomchilatib sug'orish va boshqa ilg'or agrotexnologiyalarning joriy qilish orqali uzum etishtirishda yanada katta natijalarga erishsa bo'ladi. 

Uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo'lga qo'yish chora-tadbirlari yuzasidan kuni kecha Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida so'z yuritilib, uzumchilikni keng ko'lamda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Albatta, mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirish, uzum mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga bu darajada katta e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki uzumchilikning iqtisodiy samaradorligi ham, ijtimoiy ahamiyati ham katta. Masalan, 1 gektar xo'raki uzum yetishtirish uchun o'rtacha 100 million so'm xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million so'm sof foyda olish mumkin.

Yana bir quvonarli tomoni, 1 gektar g'alla maydonida 2 kishi ishlab, ko'pi bilan 20 million so'mlik mahsulot yetishtirilsa, uzumchilikda, ayniqsa, shpaler usulida 10 nafargacha aholini ish bilan ta'minlab, 300 million so'mlik mahsulot ishlab chiqarish hamda o'rtacha 25 ming dollarlik eksport qilish imkoni bor.

Yig'ilishda tog'oldi tumanlarida yirik uzumchilik plantatsiyalarini tashkil etish zarurligi, o'tgan yili Oltiariq tumanida g'alla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik uzumzorlar barpo etilgani va ularda tumandagi 5 ming nafar aholi doimiy ish bilan ta'minlangani ta'kidlandi.

Forish, G'allaorol, Yangiobod, Chiroqchi, Payariq, Qo'shrabot tumanlarida yangi tokzorlar barpo etilgani qayd etilgan holda, shunday tajriba asosida Qoraqalpog'iston va viloyatlardagi 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari tashkil etish vazifasi qo'yildi.

Tokzorlar barpo etish va eskilarini yangilashni rag'batlantirish maqsadida sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million so'mdan subsidiya berilishi, shuningdek, uzumzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratilishi uzumchilikni rivojlantirish birga, aholi daromadini oshirish, bandligini ta'minlashga qaratilgan muhim qadam bo'ldi. Zero, uzumzorlarning tashkil etilishi hududlardagi ishsiz fuqarolar bandligi ta'minlanadi, eksport hajmi oshadi deganidir.

Uzumchilik xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati hisoblangani bois bugungi kunda respublikamizning deyarli barcha hududlarida uzum etishtiriladi. Xususan, Xorazm viloyatining Bog'ot tumanida 32 ta fermer xo'jaliklarida 595 gektar tokzorlar mavjud bo'lib, shundan 434 gektari hosilli maydonlar, 161 gektari yosh tokzorlarni tashkil qiladi.

2020-yilda barcha toifa xo'jaliklari tomonidan 14 ming 353 tonna uzum hosili yetishtirilgan bo'lib, shundan 4819 tonnasi fermer xo'jaliklari hissasiga to'g'ri keladi. O'tgan yil 2,6 ming tonna 2,3 million dollar miqdorida uzum eksport qilingan bo'lsa, joriy yilda 3,1 million dollarlik 3060 tonna uzumni xorij bozoriga chiqarish rejalashtirilgan.

Joriy yil bahor oylarida 6 nafar tashabbuskorlar tomonidan 150 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo qilindi. Qolaversa, aholi dala tomorqalarida 501 gektar tokzorlar mavjud bo'lib, bu maydonlarda 250 tsentnerdan uzum hosili etishtirilmoqda.

Masalan, birgina “Uzumzor” mahallasida 810 ta xonadon mavjud bo'lib, ularda 4232 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahalladagi dala tomorqalarining 77 gektarida hosilli tokzorlar ekilgan bo'lib, har bitta xonadonga 12-14 sotix yer maydoni to'g'ri keladi. Uzum yetishtiruvchi har bir xonadon egalari tomonidan tomorqa er maydonidan 4-4,5 tonna uzum etishtiriladi. Uzumdan olingan daromad yuqori bo'lishi ta'minlanmoqda.

Ilgari “O'zgarish” mahallasida aholining ishsizligi sababli ajrim, jinoyat sodir etish holatlari ko'p kuzatilar edi. Ushbu hududga  tumanning yer sharoitiga to'g'ri keladigan uzumning eksportbop navlaridan “Rizamat ota”, “Ketmon sopi”, “Kelin barmoq”, “So'g'diyona” navlari keltirilib ekildi va bu orqali ko'plab fuqarolar ishli bo'ldi, mehnat qilib daromad topishni o'rgandi. Endi ular bu navlarni tumanning barcha mahallalariga ekib, yetishtirilgan uzumni shu joyning o'zida sotmoqchi.

Yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash uchun esa albatta, muzlatkichlarga ehtiyoj sezamiz. Tumanda bu muammoning yechimi ham topilgan. Ayni paytda tumanda 18 ta tadbirkorlik sub'ektlarida 6 ming 450 tonna sig'imli sovutkichli omborxonalar mavjud. Joriy yilda 26 nafar tashabbuskorlar tomonidan 6 ming 400 tonna sig'imli sovutkichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan. Bu orqali tumanda 12 ming 850 tonna uzum, meva va sabzavot mahsulotlarini saqlash mumkin.

Bir so'z bilan aytganda, uzumchilik bog'dorchilikning eng ko'hna tarmoqlaridan biri bo'lib, hozirda u ko'pgina mamlakatlarning xalq xo'jaligida salmoqli o'rinni egallaydi. Mamlakatimizda uzumchilik tarmog'ining yildan-yilga rivojlanib, hosildorlikning oshib borayotgani shubhasiz, yurtimiz aholisining ushbu mahsulotga bo'lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishda muhim omil bo'lmoqda. Eng muhimi, oilaviy daromadga daromad qo'shib, aholining turmushi yaxshilanishiga, yoshlar bandligini ta'minlashga xizmat qilyapti.

Botirbek TO'RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Agrar va suv xo'jaligi

masalalari qo'mitasi a'zosi