Teymur Kerimlining maʼlum qilishicha, 1986-yilda tashkil topgan ushbu institut tibbiyot, astronomiya, matematika, mineralogiya, sheʼriyat, falsafa, ilohiyot, huquq, grammatika, tarix, geografiya va badiiy adabiyot singari oʻrta asr ilm-fanlarining barcha sohalarini qamrab olgan.

Hozirgi paytda institutda 40 mingdan ortiq material mavjud. Ularning 12 mingga yaqini arab, fors, oʻzbek, turk va ozarbayjon tilidagi qoʻlyozmalardir. Bundan tashqari, institutda shaxsiy va tarixiy hujjatlar, ulardan parchalar, tarixiy davrlar bosma kitoblari, gazeta va jurnallari, taniqli fan
va adabiyot arboblarining film va fotosuratlari saqlanadi.

T.Kerimli mazkur institut qoʻlyozmalar bilan almashish sohasida Oʻzbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilayotgani xususida toʻxtalar ekan, bugungi kunga kelib, mamlakatimizga mansub 16 ta qoʻlyozmadan nusxalar olinib oʻzbek tomoniga taqdim etilganini aytdi. Yaqin orada esa koʻplab boshqa nusxalarni ham elchixona koʻmagida oʻzbekistonlik hamkasblariga yuborajagini bildirdi.

Ana shunday qoʻlyozmalar nusxalari haqida maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan 2020-yilda chop etilgan “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri”ning birinchi jildiga kiritilgan.

Ushbu institutda saqlanadigan Oʻzbekistonga oid eng noyob qoʻlyozma 1143-yil Bogʻdod shahrida koʻchirib yozilgan Abu Ali ibn Sinoning “Al-qonun fi at-tibb” risolasining II jildi hisoblanadi. Ushbu asar tibbiyot va farmakologiya sohalariga mansub boʻlgan dunyodagi eng qadimiy namunalardan biridir.

Uchrashuv yakunida “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri”ning ikkinchi jildini tayyorlashda koʻmaklashish maqsadida yurtimizga oid xorijda saqlanayotgan qoʻlyozma, miniatyura, hujjatlar, arxeologik topilmalar, meʼmoriy bezaklar, suratlar va boshqa madaniy boyliklarni oʻrganish boʻyicha Ozarbayjon tomoni bilan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.