Aslida har kishi, har narsaning tarjimayi holi boʻlganidek, kitobxonligimning ham xasbi holi bor. Bu yoʻlning boshida ismlari Buvixon boʻlgan, ammo koʻpchilik “Chevar xola”, deb ataydigan enam rahmatlining nurli siymosi turadi.

Ertak, doston, matal ay­tishga judayam mohir, soʻzamol, bilimdon ayol edi. Onam kunora non yopardi. Har gal non yopganida bizdan bir-ikki hovli narida turadigan Maxsum domlaning uyiga issiq non olib chiqardik. Yuzlaridan nur yogʻiladigan, koʻksiga tush­gan oppoq soqoli oʻziga yarashgan, mehribon nuroniy­ni kunda bir marta koʻrishga orzumand edik. U esa nu­qul akamni yoniga oʻtqizib, muloyimlik bilan savolga tutar­di. Bir kuni oʻsha hovliga kirayotganida akamdan soʻradim:

– Aka, “kapalak taxta”ning ustidagi kitobni siz ham oʻqiy­sizmi? Rosa katta ekan-a? Bitta varaqlab koʻrsam maylimi?

– U juda katta-ku, biz boshqasini oʻqiymiz!

– Aka, men soʻrasam kichki-i-i-na kitob beradimi?

– Nima qilasiz kichkina kitobni? Hali maktabga bor­ma­gan boʻlsangiz? Maktabga boring-da, keyin oʻzim sizga undan ham kattasini olib bera­man!

– Hozir olib bering, “xola-xola”da hamma qizlarga ustoz boʻlaman!

– Xoʻp, ertaga oʻzim kitob, siyoh, ruchkayam olib kelib beraman. Ba­ho qoʻyishni oʻrganib olsangiz boʻldi, mahalladagi hamma bolalarga muallima boʻlasiz!

Ostona yonida tuguncha koʻtarib turganimizga koʻzi tushgan ustoz ochiq chehra bilan yoniga chorlardi.

— Qani, oʻtiringlar-chi! Abduhakimning tilab olgan qizi bir qoʻrgʻon aka-ukalarning orasida erkalanib yurib nimalarni oʻr­gan­yapti ekan-a? Qizimga men bir nimalar olib qoʻyganman, qani yaqinroq keling-chi, Abdulhamid, “muallim aya”ngizni cha­qi­­ring, hovliga chiqqandi!

Akam chiqib ketgach, shoshib “kapalak taxta” (lavh)ustida ochiq turgan katta kitobga ishora qilib:

— Bobo, kitobingizni bir ushlasam maylimi, – dedim.

— Mayli, bolam, mayli, – dedi (Bu duogoʻy, fozil inson taniqli sharqshunos olim Mahmud Hasaniyning otasi, umrining soʻnggigacha odamlarni komillik va ezgulikka yetaklagan, arab, fors va turkiy tillarda asarlar yozgan Maxdum Vosiliy edi).

– Bu tabarruk kitobni har kimga ham ushlatmaymiz. Ammo yosh bola farishtaday boʻladi. Mana, yaqin kelib koʻring!

Mu­al­lima aya uyga kirganida, toʻrida oʻtirib, bemalol kitob varaq­lardim. Kaftlarini ogʻziga qoʻyib: “Voy oʻlay!” de­di eshitilar-eshitilmas.

– Mayli, onasi, mayli. Hali harf tanimay turib, kitobni bir koʻray, deb moʻltirab tursa, yoʻq deyolma­dim-da! Goʻdakkinaning koʻngli ogʻrib qoladi, dedim. Yana oʻzim ism qoʻyib bergan chevar opamning erka nevarasi boʻlsa. Doim kuzatib tursam, bergan holvayu turshagingizga qaramay, koʻzi tokchadagi kitoblarda boʻladi. Keling, duo qilaylik, Qurʼoni karimning yonida urib turgan yurakchasi poklik nuri bilan toʻlsin! Ikki dunyo ilmini izlaydiganlardan boʻlib, ikki dunyo saodatini koʻrsin!

Oʻsha on, oʻsha lahzalardan qalbimga bosh­­­­qa olam, boshqa dunyo oshiyon qurdi. U kitob dunyosi edi. Aka­­larimning izidan ergashib, maktabga borganimda hali olti yoshga ham toʻlmagandim. Oʻqituvchimiz ancha paytgacha meni oʻquv­­­­chilar roʻyxatiga qoʻshmay yurdi. Keyin esa... Keyin sinf­dagi hammadan oʻzib ketdim. Akalarim biri oʻqishni, biri yozish­ni, yana biri “kim oshiqcha gapirsa, qarab oʻtirmay, jagʻi­ga musht tushir”, deb urishni oʻrgatardi. Orada vaqt topib, qoʻshni qizaloqlarning qoʻgʻirchoqlariga koʻylakcha tikishgayam ulgurardim. Ikkinchi sinfda oʻqiyot­ga­nimda, qoʻsh­ni mahalladagi yangi hovlimizga koʻchib oʻtdik. Am­mo tu­gʻilib oʻsgan uyimizdan nasibam uzilmagan ekan. Fazi­lat opam (kat­ta amakimning qizi) yolgʻiz qolgani uchun har kuni opamga ham­roh­lik qiladigan boʻldim.

Eski hovlimizdagi bir xonaning tokchalari toʻla kitob edi. Hayotimga quvonch, yogʻdu berib turgan ertak kitoblar koʻpligi uchun opamni koʻndirib, oʻsha uyga koʻchib oʻtdik. “Chiroqni oʻchir, men uxlashim kerak”, deganiga qaramay, yarim tungacha kitob oʻqish odatimga aylandi. Avvaliga ertak, keyinroq “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Shahriyor” kabi dostonlarni qayta-qayta mutolaa qildim. “Kalila va Dimna” asarini oʻqigan kezlarim, masallar mohiya­tini tushunmay, akam, opamni savolga tutardim. Opamning aytishicha, “kundan kunga dangasa, ishyoqmas, ki­tob jinnisi”ga aylanib borardim. Baʼzan opam yo onamning koyishidan bezib, oʻqiyotgan kitobim tugamay, oʻrnimga kirishga majbur boʻlardim. “Bu yogʻi nima boʻlarkin?” degan qiziqish, ishtiyoq iskanjasida tuni bilan koʻzimga uyqu kelmay, boshimga ogʻriq kirardi.

Katta dadam (katta amakimni shunday atardik) ziyoli, kam­­­suqum, mehridaryo inson edi. Maktabdan boʻsh payt­la­rim­da arab alifbosidan saboq olardim. U baʼzan “toli­qib qolasan qizim, kel, tanaffus qilamiz”, deb shashka, shax­mat oʻyinlarini ham oʻrgatardi. Borib-borib, oʻziga raqib boʻlib tosh surgan paytlarimda: “Ayyorlik bilan yoʻl toʻsishni kimdan oʻrganding?” deya meni yolgʻondan urishib qoʻyardi. “Uch kunda yodlab kelasan”, deb bergan vazifalarini bir kunda, gohida bir zumda yod olardim-da, kitobning panasiga badiiy ki­tob qoʻyib oʻqib oʻtirardim. Shunday kun­larning birida kutilmaganda darsxonamizga patnisda ovqat koʻtargancha opam kirib qoldi:

– Dada, manavi qizingiz vazifasini yodlab oʻtiribdi, deb oʻylaysizmi? Siz bergan kitobning tagiga boshqasini qoʻ­yib, oʻqib oʻtiribdi. Aytdim-a, chakagi oʻchib sandalga yopi­shib qoldi, deb. Qozon-tovoqqa qarashgin, katta qiz boʻlib qolding, desam vazifa qilyapman, deb chap beradi. Mana, yaxshi koʻrgan qizingizning qilgan ishini koʻrib qoʻying, – deb qoʻlimdagi ki­tobni olib koʻrsatdi. Xuddi kitobni hozir oʻtga tashlab yubo­radiganday, opamning qoʻliga tirmashdim.

– Seni aqlli, farosatli qiz desam, shunday tabarruk ka­lom ichiga boshqa kitob qoʻyib, allanimalarni oʻqib oʻtir­sang-a, – dedi katta dadam koʻzoynagini qoʻliga olib.

– Vazifamni yodlab boʻldim, katta dada. Birovdan oldim bu kitobni, tezroq qaytib berish kerak, shunga... – dedim yigʻidan arang oʻzimni tiyib. Opam yana gapga aralashdi:

– Hali oʻn beshga kirmay turib, uydagi har xil kitoblarning borini bitta qoldirmay tushirdi. Ertalabgacha mukkayib, chiroqni oʻchirmay oʻqib chiqadi.

Opamning gaplaridan yuzlari yanada tundlashib ketgan amakim menga qarab yuzlandi:

— Qani, birovdan qanday kitob olding, qizim?

Amakim qoʻlimdan kitobni olib, varaqlab chiqdi-da, ohistagina, lekin uqdirib gapirdi:

— Yoshingga mos kelmaydigan katta dostonlarni oʻqib boʻlib, en­di bu kitobga oʻtganing yaxshi emas. Oʻqiyotganlaring mazmuni yoshing­­­ga unchalik toʻgʻri kelmaydi. Kundaligingni kunora tek­shirib turibman. Matematikadan “toʻrt” baho olishingning sababini endi bildim. Karrani yod bilasanmi oʻzi?

– Hm...

– Hayotda nimanidir ayirib, nimagadir qoʻshishing uchun hisob-kitobing puxta boʻlishi kerak. Adabiyot aql-farosa­ting­­ni boyitsa, matematika umr chiziqlarini yetti oʻlchab bir ke­sish uchun kerak. Keyingi chorakda u ham “besh” boʻlsin, ke­lish­­dikmi?

Oradan koʻp oʻtmay menga amakim Nodira, Uvaysiyning kulliyotlarini olib kelib tutqazdi. Maktabimiz kutubxonasida badiiy kitoblar kam edi. Kutubxonachi Fatilaxon aya (Xudo rahmat qilsin) bagʻrikeng, ziyo­li, ochiq chehrali ayol edi. Tanaffus paytida yoki ertaroq dars­­dan boʻshab qolsam, darrov kutubxonaga chopardim. Nimqorongʻu, qadam tashlaganda eskirgan pollari gʻichirlab tura­digan bu pastqam xonaning men uchun fayzi boʻlakcha edi.

Qishin-yozin kitob javonlari ustida barq urib yotadigan gullarimi yoki kirgan oʻquvchini kulib qarshi oladigan oftob yuzli inson borligi uchunmi, koʻpchilik yaxshi koʻradigan maskan edi. Menga oʻxshagan uch-toʻrtta koʻngilli dastyor ayaga koʻmakchi edik. Kosachada un va suvni aralashtirib qoʻlbola yelim tayyorlab, kitoblarni tez-tez taʼmirlab turardik. Ochigʻi, vara­gʻi­ning chetini buklab, belgi qilib qoʻyadigan odamlarning qoʻ­li­ga tushgan kitoblarga rahmim kelardi. Onamning chorsi tikadigan turli rangdagi toʻpcha iplaridan sochday oʻrib, kitoblar chetiga tikib chiqardim.

Kutubxonachi aya meni juda yaxshi koʻrardi. “Oq oltin” tuman gazetasida sheʼr yoki kichkina ma­qo­lam chop etilsa ham kutubxona oynasiyu “Bizning faxri­miz” doskasiga erinmay yopishtirib qoʻyardi. Gohida “Mana bu kitobni oʻqib chiqing, yangi keldi”, deb qolardi. “Qoʻldan qoʻlga oʻtib ketsa, hali buni topolmaysiz”, deya qoʻlimga berib, yonimga yegulik qoʻyardi. Boshqa maktab kutub­xona­laridan men uchun oʻqimaganlarimni soʻrab olardi. Aya oʻz ismini yozib, imzo qoʻyib bergan varaqchani kaftimda tutib, qim­matbaho gavhar bordek, yeru koʻkka ishonmay uchib borardim.

Kitob javonlari yoniga borganimda, yangi asarlarni koʻrib yuragim qinidan chiqqudek quvonardim. Birini olsam, biri qoladi­gan­day, yalinib-yolvorib bir toʻp kitobni bagʻrimga bosib qay­tardim. Uyda onamga qarashadigan dastyorlar barisi oʻgʻil bo­la boʻlgani uchun mening chekimga talaygina yumushlar tushardi. Bilardim, lekin kitob ohanrabosidan oʻzimni tortib ololmasdim. Har kuni non yopib, kir yuvib kuymalanadigan zahmatkash onamga koʻmagim zarur edi.

Qishda qozon-tovoq, tandir-oʻchoq degandek, bahor boʻyini koʻr­satishi bilan maktabdan ommaviy dalaga olib chiqi­shar­di. Ipak qurti boqib, birinchilar qatorida pilla topshi­rar­dik. Shunday paytlarda xumori tutganda, faqat oʻgʻrincha ki­tob oʻqishga toʻgʻri kelardi. Koʻpincha kiyimlar taxlanadigan ja­von ichiga qoʻyib kitob oʻqiganim uchun vaqt oʻtganini bilmay qolar­dim. Onam: “Voy xudoyim-yey, shuncha oʻgʻilning orasida bir qiz oʻstirsam-u, uyam shunchalik dangasa, tepsa-tebranmas boʻ­la­dimi-a? Bitta oʻzim yarim soatda yuvib quritgan kir­la­rimni yarim kun taxlaganiga kuyaman-da”, deb yozgʻirib ham qolar­di.

Bitiruvchi sinfda oʻqib yurgan paytimiz edi. Muxtasar ismli yaqin dugonam kitob olib keldi. Talaba opasiniki ekan. “Opam mazasi boʻlmay, oʻqishdan bir haftaga ruxsat olib kelgan. Agar uch kunda oʻqib bersang, tash­lab ketaman”, dedi kitobni koʻz-koʻzlab. Dugonamning dadasi ona tili va adabiyot oʻqituvchisi boʻlgani uchun ular­ning uyida kitob koʻp edi. “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Graf Monte Kristo”, “Oltin zanglamas”, “Muqaddas” singari kitoblarni ham dugonamdan olib oʻqiganman. Taʼrifini eshitib, topolmay yurgan kezlarim, uning qoʻlidagi kitobga koʻzim tushib, suyunib ketdim. Albatta, aytgan kuni oʻqib qaytarishga vaʼda berdim. Kunduzi oʻqishga vaqt qayda, deysiz. Tunda hamma uxlab qolgandan keyin ayvon eshigi tirqishidan tushib turgan yorugʻlikka kitobni qoʻyib, tik turib oʻqishga tushdim. Bilmadim, qancha vaqt shu holatda oʻqiganman, yonimga kelgan onamni koʻrmay qolibman...

Ertalab bir kunni boy berganimdan koʻnglim gʻashlanib maktabga bordim. Oxirgi partada oʻtiradigan bir sinfdoshim bilan oʻrnimni alishib, kitob oʻqishga tushdim. Fizika darsi edi. Oʻqituvchimiz Mirzamahmud Xolmatov adabiyotga koʻngli oshufta inson edi. Har bir gapini qofiyali qilib gapirar, har darsda Navoiy, Boburdan gʻazal oʻqib hammamizni lol qoldirardi. Xullas, oʻsha kuni oʻqituvchim roʻparamga kelib qolganini, tomoq qirib, xabar bergan dugonalarimni ham sezmay qolibman.

– Ie, qaranglar, oʻquvchilar! Munavvarxon Toshpoʻlatovaning kitobi gʻaroyib ekan. Ikki qavatli kitob yoki ikkiqat kitob!

Sinfda kulgi koʻtarildi. Uyalib, alam qilganidan yigʻlab yubordim. Lekin na muallimimning hazil aralash qilgan izzasi, na sinfdoshlarimning kulgisi mutolaaga boʻlgan ishtiyoqimga soya sola olmadi.

Oʻsha kuni tunda kitobni oʻqib tugatishga oʻzimga vaʼda berdim. Hayhotdek hovli etagidagi anorzorning oʻrtasiga eski koʻrpacha toʻshab joy hozirladim. (Aslida qorongʻulikdan juda qoʻrqardim). Hamma uxlab boʻlganiga ishonch hosil qilib, anorzordagi “darsxonam”da sham yoqib, kitob oʻqiy boshladim. Kitobning ishqida qoʻrquvni ham unutibman. Faqat onam koʻrib qolib: “Bunaqa oʻqishingda koʻzingdan ayrilib, shabkoʻr boʻb qolasan”, deb koyishidan qoʻrqardim, xolos. Bir payt shit-shit qadam tovushidan choʻchib, atrofga qaradim. Mol-qoʻyga oʻt solib yurgan onamga koʻzim tushdi. Allaqachon sham yonib tugab boʻlgan, tong otgan, onaizorim kirtayib qolgan koʻzim, junjikibgina oʻtirgan oʻzimga rahmi keldimi, indamadi. Atigi yetti varaq qolgan kitobni shoshib yopib, oʻrnimdan turib, ertalabki yumushlarda onamga qarashgani shoshdim.

Taqdir, qismat kelinlik nasib qilganda yaxshi koʻrgan kitoblarimni sarpolarim orasiga yashirib joyladim. Dars paytida “ikkiqavat” kitob bilan tutib olgan oʻqituvchimning roʻpara qoʻshnisiga kelin boʻldim. Qaynotam rahmatli kitobxonlikning qadrini biladigan oqil inson edi. Kasallanib, toʻshakda yotib qolgan ustozimdan hol soʻrab kirganida, dadamning qoʻliga kitob tutibdi:

– Nazirjon, keliningiz kitobni jonidan ortiq yaxshi koʻradigan oʻquvchi boʻlgan. Bu yaxshi amali orqasidan koʻp dakki yegan, boyaqish. Kimgadir bir satr oʻqitolmay oʻtdik, kimdir oʻqisa, ermak qilib, koʻzining yoshini toʻkdik. Menga mana shu kitobni juda ulugʻ inson sovgʻa qilgan edi. Buni men Munavvarxonga tuhfa qilmoqchiman. Uyimdagi kitob javonimda kitoblarim juda koʻp. Ayangizga, bolalarga tayinlab qoʻyaman. Mendan keyin ham hamisha eshigim ochiq, xohlaganini tanlab olsin, oʻqisin, oʻqitsin, ilmi orqasidan qadr topadi, inshaalloh.

Men ustozim tuhfa qilgan charm jildli “Oʻzbek shoiralari” kitobini, Umar Xayyom, Yassaviy hikmatlarini qoʻlimga olgach, koʻzlarimga yosh keldi.

Bu — bolaligimning shirin yodi. Oʻsha davrning koʻp bolalari kitobga doʻst boʻlgan. Zahmat ichida oʻsib-ulgʻaysak ham mutolaadan uzilmaganmiz. Gazeta, jurnallar kelgan kun uyimiz adabiyot kuni boʻlardi. Sigir boqqani ketayotgan akalarimning chit matodan tikilgan jildxaltasida bir burda non, albatta, bitta badiiy kitob boʻlardi. Endi oʻylasam, bu kitoblar bizni maʼnaviy qashshoqlikdan, jaholatdan asrab qolgan, poʻlatdan ham mustahkamroq qalqon boʻlgan ekan.

Yuragimizga kitobning yaxshi qahramonlariga oʻxshashdek buyuk orzular, maqsadlarni solgan va bu yoʻlda kuch bergan yoʻlboshlovchi boʻlgan ekan. Qalbimizda sogʻinch, sevinch tuygʻularini uygʻotgan olam ichidagi yana bir sehrli olam boʻlgan ekanki, bizning avlod oʻz fikriga ega, fikrini himoya qila oladigan, kerak boʻlsa, kurashga kirishga yuraksinadigan insonlar boʻlib ulgʻaydik, hammamiz boʻlmasa-da, aksariyat tengdoshlarimiz haqida shu fikrni ayta olaman.

Buvilarimiz, onalarimizni kuzatganimiz koʻzlarimiz, koʻngillarimizda qolgani ham biz uchun yana bir tarbiya vositasi edi.

Onam ukalarimga alla aytganida koʻpincha koʻzida yosh koʻrardim. Bu qoʻshiq boshqa qishloqdan kelin boʻlib tushgan onamning dardu sogʻinchi, nolalari ekan, bilsam.

Osmondagi uch oʻrdak,

Uchalasi ham birdak,

Xudoyimga ming shukur

Bola berdi bir etak.

Onamni sogʻindim, qoʻzim-ov, alla,

Otamga oʻxshagan, qora koʻzim-ov, alla.

Oʻsha allalarda sehr bor edi. Qalblarda mudrab borayotgan tuygʻularni uygʻotardi bu ohanglar. Beshikdagi bek bola esa onasining nafasini his etib xotirjam uxlar edi. Hozir-chi... Bir kuni bigʻillab yigʻlayotgan uch yoshli nabiramning qoʻliga onasi telefon tutdi. Bola tinchib qoldi. Savol nazari bilan qaraganimni koʻrib:

– Masha-Medvedni koʻrib uxlab qoladi-da, dedi. Baʼzi yosh onalar: “Bolam oʻzi internetdan multik topib koʻradi”, deb quvonadi. “Dooood” deging keladi oʻsha paytda. Axir “yutub” degan balo oʻz domiga yutayotganini nahot bilmasak? Goʻdak oʻzi yaxshi koʻrib tomosha qiladigan “multik” topilguncha, qancha tomoshalar tasmasi koʻz oldidan oʻtadi. Yarimyalangʻoch raqqosalar, tigʻidan qon tomchilayotgan qotillar, onasini urayotgan oʻgʻil, yuziga parda tortib jazavaga tushib oʻynayotgan qizlar... Hozircha, goʻdak yoshida ularga aqli yetmas, qidirganiga qarab ketar, ammo ertaga nima boʻladi? Oʻsmir yoshga kirganda pana joy axtarib ham begʻubor dunyosini agʻdar-toʻntar qilib yuboradigan tomoshalarga dili ketmaydi, taqlid qilmaydi, deb kim aytadi.

Bir tanishim kelin tushirdi. Havasga arzirli xonadon edi. Kelinchak ham sarvdek goʻzal. Oradan uch oy oʻtib yoshlar ajrashdi. Nima emish, toʻydan avval suygan yigiti boʻlgan ekan. Qizning ota-onasi qaynona boʻlmishga: “Qoʻliga telefon bermanglar, kerak boʻlsa sizga bogʻlanib topib olamiz”, deb tayinlagani uchun shunday yoʻl tutishgan. Ammo tunda erining telefonini olib gaplashib oʻtirgan kelinchak “qoʻlga tushdi”... Xullas, bir yosh oila barbod boʻldi.

“Saodat”ga kelgan bir dardli maktubda bunday soʻzlar bor:

“Uch bolamni bir koʻz bilan boqdim. Bolaligimda shoʻxlik qilib yiqilib bir koʻzimga choʻp kirgan. Shikastlangan koʻzim ojiz boʻlib qolgan. Yoshim oʻtib qolganda qoʻshni mahallamizda mahkumlikda uzoq yil oʻtirgan yigitga uzatishdi. Bir amallab hayot qildik. Birin-sirin oʻgʻil-qizlarim tugʻildi. Toʻngʻichim muchal yoshiga yetmay kasalmand otasi olamdan oʻtdi. Qoʻlida kasbi, ilmi yoʻq mendek onaga juda qiyin boʻldi. Oʻgʻlim oʻsmir yoshidan mardikorlik qilib, loy tepib, gʻisht quyib yonimga kirdi. Ulgʻaydi, ustaligi orqasidan noni butun boʻlib oila qurdi. Oʻtgan kuni bir maʼrakadan kelsam, kelinim onasi bilan telefonda soʻzlashayotgan ekan. Xalal bermay, deb oyoq uchida yurib ortga qaytay deganda qulogʻimga gapi ilindi: “Oyi, siz qaynonamni bilmaysiz. Ukasini uylab, singlisini uzatish kerak, deb erim ishlab topgan pulni qirib oladi. Voy, koʻr deganiz bilan uning koʻzi bittamas, toʻrtta. Orqasidayam koʻzi bor savilning. Anu kuni oshgan ovqatni berkitib chelakka tashlayotsam, koʻrib qolib bobillab ketdi, deng. Qattadir odamlar ochmish, non yoʻq, osh yoʻq, oʻlayotganmish. Oʻgʻlining topganini isrof qilmay, ovqatni odam boshiga rasamadlab qilarmishman”. Yozay desam, gap koʻp, kitob boʻladi. Kelinni haydasam, ikki bola yetim, oila toʻzgʻiydi. Eshitmaganga solib yuraveray desam, eshitganlarim yuragimdan suyagimga ham oʻtib, ogʻriq beryapti, nima qilay?!”.

Nima qilsin, nima qiling, deb yoʻl koʻrsataylik. Qudani koʻr, deb haqorat qilgan ayolning tarbiyasini olgan qizning bolalari kim boʻlib ulgʻayadi? Ular otasi, buvisini izzatlaydimi? Yana shu telefon deganlariga tosh otgim keladi-da. Shu matohning yaxshi tomonlari ham bor, albatta. Bemordan hol soʻragani, olisni yaqin qilgani, ishdagi ota-ona bolasidan xabardor boʻlib turgani, dunyo xabarlarini bir zum kelgani, izlagan kitobing topilishi... Ammo har kuni uzatilgan qizidan nima ovqat pishirding, nonushtada nima yeding, deb soʻrab turadigan onalarni ham koʻrdik. Biz yosh mahalimiz oʻn besh, yigirma kunda ota uyiga borardik. Onam hol-ahvol soʻrashgandan keyin ogʻzimizni gapga chogʻlasak, “Boʻldi, tushgan joyingdan boshqa gap aytma”, deb gapimizni boʻlardi. Avvallari mahalla-koʻy, yaqin qarindoshda marosim boʻlsa, xonadon egasi ostona hatlab kelib toʻyga aytardi. Odamning yuzi issiq-da, munkillab qolgan nuroniy ham uyalganidan toʻyga borardi. Keyinroq bu vazifani ado etish taklifnoma degan bir parcha qogʻozning zimmasiga tushdi. Hozir esa, davringdan aylanay, sim qoqib “toʻygaaa”, deydigan boʻlishgan. Yoki bunga ham erinadiganlar bitta SMS yozib, telegramdan tarqatib yuboradi.

Bir onaxon suhbat payti yozgʻirib qoldi. “Tavba, toʻrt oʻgʻlimni toʻrt tomonga uy-joyli qilib chiqarganmiz. Aqli tinib, har juma kuni meni yoʻqlab kelishadigan boʻlgan, shukur. Ammo shu telpon oʻlgur kundoshim-da. Kelib duo qilingandan keyin yonboshiga yostiq tirashib, qoʻlidagi matohni titishga tushib ketishadi, ogʻzilariga qarab mungʻayib oʻtiraveraman. Anu kuni katta oʻgʻlim koʻzi tilponda. piyolaga quyilgan choyni ichish oʻrniga bir piyola murabboni simirdi. Keyin “Qand kasalim bor-ku, shu qiyomni yonimga kim qoʻydi”, deb oʻdagʻaylab xafa boʻlib ketdi. Oʻt tushsin shu savilga, onani bolaga, bolani onaga zor qildi”, deydi onaizor.

Rosti ham shu. Avvallari ikki yoshga kirgan bolaning tili biyron boʻlardi. Hozir toʻrt-besh yoshda ham ayrim bolalar chala-yarim gapirishadi. Nima deyayotganini tushunmaysiz. Onasi xursand ham boʻladi: “Bolam telefonda ruscha multiklarni koʻradi-da, shunga tili aralash boʻldi”.

Yoʻq, aralash boʻlmasin. Oʻzimizning bolamiz boʻlsin. Millat chirogʻini yoqadigan, sof oʻzbaki soʻzi, koʻzi boʻlsin. Til bilsin, yurt kezsin, ammo yuragi oʻzbekcha ursin. Tilagi oʻzbekcha boʻlsin. Oʻsha dunyolarning har burchidan kelayotgan noqis xabarlarni koʻrguncha, Imom Buxoriyning onasi haqidagi bitiklarni oʻqisin. Ibn Sino tabobatiyu Avloniyning saboqlarini izlasin.

Kuyunib soʻzlayotgan voqealarimni havodan olmadim, toʻqimadim. Bunday dilogʻriqlar har qadamimiz, har damimizda. Telefon titkilab oʻtirib, bir nomaʼqul oʻyinga ishqiboz boʻlgan yigit ota hovlisini sotibdi. Uch bolasi bilan ijarama-ijara yurgan ona koʻcha supurib halol rizq topayotgan ekan: “Otasidan meros boʻlgan, qulogʻimdagi ziragimga xaridor topib kelgan oʻgʻlimning koʻzida nadomat koʻrmadim. Yumshoq gapirdim, insofga chaqirdim, men bu azoblarga boshqa bardosh bermayman, dedim. U... u esa “oʻgʻilbolachilikda boʻladi-da”, dedi bir tuki qilt etmadi. Koʻzlari sopolga oʻxshab qotib qolgandek koʻrindi menga...”.

Zamonga ayb qoʻydik, oʻzimiz ham oppoq emasmiz. Bolamning beshigini tebratib oʻtirib qoʻshiq aytayotganimni eshitgan qaynonamning aytgan gapi hali qulogʻim ostida jaranglaydi. “Qizim, karvon koʻrdim, tuyalari boʻzlab borar, deb bola uxlatasizmi? Yorim yigʻlab borar, deb bolaning betini qotirasizmi? Bu nima qiliq. Alla deng, alla desangiz, bolangizning yuragi qudratli soʻzlaringizdan baquvvat tortadi. Alla aytsangiz, beshik boshida yigʻlab, beshik boshida yupanasiz. Koʻchada koʻrganga dard aytib koʻngil boʻshatmaysiz. Onasining koʻz yoshini artishga shoshadigan bola ulgʻaytiring. Keyin afsus qilmaysiz”, degandi.

Eski telefon apparatini “vay-fay”ga ulab, goʻdakning qoʻliga beryapmiz. Tinchisa boʻldi, tin olsa boʻldi, deyapmiz. Bolalikda “oftobpishdi” oʻyinini oʻynardik. Qumdan uy qurardik. Bir shamol tursa, yomgʻir yogʻsa, vayron boʻlishini bilsak ham unga qarab quvonardik. Bir jizzaki bola paydo boʻlib, uyimizni tepib, yanchib ketsa, katta fojiadek dugonalar bilan birgalashib yigʻlardik. Doston tinglab, ertak eshitib ulgʻaymayotgan bolalarning qalbiga yaratish, bunyodkorlik ishqini qanday solamiz? Oʻz ota uyini qimorga boy berayotganlar, onasiga qoʻl koʻtarib, goʻdagini chiqindi qutisiga tashlayotganlar qayerdan paydo boʻlyapti? Botir boʻlishni, dev, yalmogʻizlar timsolidagi jaholatga qarshi turish kerakligini qachon, qanday oʻrgatamiz? Dilbandlarimiz mehrsiz, jizzaki, johil boʻlmasligi uchun bagʻringizga mahkam bosib alla ayting, onalar! BOLANGIZGA ALLA AYTING!..

Munavvara USMONOVA,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi