Boʻlgʻusi stomatologlar sohaga doir yangi bilim va tajribalardan xabardor boʻladi

    Shu yilning 30-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiya ekanini taʼkidladi. Bu borada, avvalo, maktablarda oʻquv yuklamasi va fanlar sonini qayta koʻrib chiqish, oʻquvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligiga alohida urgʻu berdi.

    Mamlakatimizda oʻquv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirish, xususan, maktab taʼlimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar kun sayin qizgʻin pallaga kirmoqda. Bu saʼy-harakatlar Prezidentimiz raisligida oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishlarida berilayotgan koʻrsatma va topshiriqlar, qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlar bilan mustahkam asosga ega boʻlayotir.

    Shu yilning 30-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiya ekanini taʼkidladi. Bu borada, avvalo, maktablarda oʻquv yuklamasi va fanlar sonini qayta koʻrib chiqish, oʻquvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligiga alohida urgʻu berdi.

    Yigʻilishda Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirildi. Bu mamlakat umumtaʼlim fanlarini oʻqitish bilan birga, oliy taʼlimda ham salmoqli yutuqlarga erishyapti. Shu bois, Toshkent davlat stomatologiya instituti Finlyandiya davlatining JAMK universiteti bilan yaqin hamkorlik oʻrnatilgan. Yaqinda magistrlar uchun qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻydik. Shuningdek, hamkorlikda “Tibbiyot va innovatsiya” jurnali tashkil etildi. Ushbu nashrda taʼlim va ilmiy-amaliy muassasalar doktorantlari va mustaqil izlanuvchilarining izlanishlari natijalariga doir maqolalar, tibbiyot sohasining turli yoʻnalishlarida faoliyat olib borayotgan olimlarning mintaqa va jahondagi dolzarb muammolar tadqiqotiga bagʻishlangan ilmiy materiallari muntazam berib boriladi.

    Taʼlim sifatini oshirish borasida institutimiz boshqa chet davlatlarning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan ham samarali muloqot oʻrnatgan. Jumladan, Moskva davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda stomatologiya fakulteti ochildi. Orenburg davlat tibbiyot universiteti bilan birgalikda “Klinik psixologiya”, Privoljsk tibbiy tadqiqot universiteti bilan “Davolash ishi”, Ukrainaning Gorbachevskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti bilan “Oliy malakali hamshira” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyildi. Belarus davlat tibbiyot universiteti bilan oltita magistratura mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti bilan “Dermatovenerologiya”, Belarus oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha tibbiyot akademiyasi bilan “Oftalmologiya” va “Endokrinologiya” yoʻnalishlarida klinik ordinatura mutaxassisliklari tashkil etildi.

    Bundan tashqari, institutimizdagi taʼlim jarayoniga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha ham kelishuvga erishdik. “Sogʻliqni saqlash menedjmenti va boshqaruvi” fanidan JAMK amaliy fanlar universiteti professori Annina Kangas-Niyemi, mazkur universitet dotsenti Sari Yarvinen, “Dental implantologiya” fanidan Milan universiteti professori Diyego Lops maʼruza va amaliy fanlarni oʻqitishga rozilik bildirdi.

    Davlatimiz rahbari bergan topshiriqlardan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasamiz jamoasi ham maktablar bilan oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish boʻyicha vazifalarni belgilab oldi. Shunga asosan, Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi maktablarga fizika, kimyo va biologiya fanlari boʻyicha malakali oʻqituvchilarimiz, fan doktorlari yuboriladi. Ularning mashgʻulotlari oʻquvchilarda tibbiyot sohasiga va umuman bilim olishga intilishni yana-da oshirsa, ajab emas. Zero, ularning orasida bizning boʻlgʻusi talabalarimiz nigohi porlab, yangi bilimlarni intizorlik bilan kutyapti.

    Ayni paytda yurtimizda tibbiyot va pedagogika sohasi xodimlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, qabul kvotalarining oshirilishi, yangi oliy taʼlim muassasalarining tashkil qilinishi, qoʻshma fakultetlarning tashkil qilinishi, talabalarning taʼlimga ehtiyojini taʼminlayapti. Bu eʼtibor, ayniqsa, tibbiyot xodimlari tayyorlayotgan oliy taʼlim muassasalari zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Chunki tibbiyot xodimlari — salomatlik posbonlaridir. Ularning faoliyati bevosita inson hayoti bilan bogʻliq. Bu esa, shubhasiz, malakali kadrlar tayyorlash jarayonini zamon talablariga mos tarzda muntazam isloh qilib borishni taqozo etadi.

    Fidoyi, xalqimizni rozi qilib ishlaydigan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash borasida oldimizga bir qator vazifalarni qoʻyganmiz. Yangi oʻquv yilida talabalar uchun axborot-resurs markazi faoliyatini takomillashtirish, shart-sharoitini yaxshilash, oʻquv adabiyotlarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratamiz. Oʻquv yilining birinchi semestri onlayn olib borilayotgani sababli elektron darsliklar, fanlarni oʻqitishda kompyuter dasturlariga ehtiyoj yuqoriligini inobatga olib, institut professor-oʻqituvchilari tomonidan ushbu yoʻnalishda faol ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Oftalmologiya” va “Amaliy fiziologiya” fanlaridan yaratilgan elektron multimediali darsliklarni misol keltirish mumkin.

    Nodir HAYDAROV,

    Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori