Mazkur shtamm haqidagi SSV Matbuot xizmatining savollariga vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayevadan javob oldik:

— Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi kuzatilgan davlatlarning shifokor va olimlarining xulosalariga koʻra, yangi shtamm oldingi koronavirusga nisbatan 71 foizga yuquvchan va tarqaluvchanligi juda yuqori. Bu infeksiya koʻproq bolalar va oʻsmirlarda tarqalmoqda.

“Britancha” shtammga xos boʻlgan xususiyat – uning tez boshlanishi. Bu shtammni yuqtirgan odam bir soatdan soʻng umumiy holsizlikni his qila boshlaydi. Tana haroratini koʻtarilishi +39°S gacha yoki undan yuqori boʻladi. Quruq yoʻtal, koʻp holatlarda tomoq qirilishi bilan keladi. Yoʻtal ogʻriqsiz boʻlsada, bemorda bosh ogʻrigʻi va taʼm bilishning yoʻqolishi kuzatiladi.

Buyuk Britaniya shifokorlari fikricha, yangi shtammni yuqtirganda oyoqlarning pastki qismlarida toshmalar, poʻrsildoqlar paydo boʻlishi kuzatilishi, charchoqning kuchayishi, mushaklar va suyaklar ichida ogʻriq boʻlishi aniqlangan. Baʼzi bemorlarda eshitish qobiliyati ham pasaygan.

“Britancha” shtamm birlamchi koronavirus kabi inson organizmidagi zaif aʼzolarga birikib, kasallik chaqiradi. Baʼzi bemorlarda oshqozon-ichak tizimi kasalliklari, yaʼni diareya yoki qabziyat, qorindagi ogʻriqlar ham qoʻshiladi. Bunday holatlarda dori vositalari qiyin taʼsir etadi, bu esa davolashda qiyinchiliklarni tugʻdirishi mumkin.

Bolalarda uchragan koronavirus “britancha” shtammining simptomlari quyidagilar:

bosh ogʻrigʻi;

tana haroratining koʻtarilishi;

qorinda ogʻriq;

kuchli xolsizlik;

ishtahaning yoʻqolishi;

tildagi shish yoki qizarish («qulupnaysimon» til);

yonoqlar va kaftlarning qizarishi;

baʼzi bolalarda multi tizimli yalligʻlanish sindromi, toksik shok, miokardit kabi holatlar ham kuzatilishi mumkin.

“Britancha” shtamm keng tarqalayotgan boʻlsada, olimlar tomonidan uni oʻrganish davom etmoqda. Virus kasallikning yengil yoki simptomlarsiz kechuvida ham turli xil asoratlar keltirib chiqarayotgani aniqlangan.

Shu oʻrinda yurtdoshlarimizdan oʻz sogʻliqlarini asrash uchun quyidagi talablarga rioya qilishlarini soʻrab qolamiz:

britancha shtamm tarqalgan davlatlarga vaqtincha bormay turish;

oilada, koʻchalarda, korxonalar va tashkilotlarda karantin qoidalariga rioya qilish;

bolalar koʻp boʻladigan maskanlar – maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktablar va kollej, litsey, texnikum hamda oliy taʼlim muassasalarida karantin qoidalariga rioya qilish;

doimiy ravishda niqoblarni qoidaga rioya qilgan ravishda taqish, ijtimoiy masofani saqlash va qoʻllarni sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish;

vitaminlarga boy mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlarni isteʼmol qilish;

doimiy jismoniy faollik bilan shugʻullanish.

Shamollash alomatlari paydo boʻlsa, oilaviy shifokorga murojaat qilish, oʻz vaqtida shifokor nazoratidan oʻtish va samarali davolanish talab etiladi. Shu bilan kasallikni yoki uning asoratlarini oldini olish mumkin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.