Endryu Staniland ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan barcha oʻzbekistonliklarni chin dildan tabrikladi. Uning maʼlum qilishicha, 2020-yil Oʻzbekiston boʻylab amalga oshirgan sayohati va Alisher Navoiy ijodidan ilhomlangan holda yozgan sheʼrlari oʻsha yiliyoq “A New Diwan. H/T Alisher Navoiy” (“Yangi Devon. Hazrat Alisher Navoiy”) nomi bilan alohida kitob shaklida Londonda chop etilgan. Ushbu sheʼriy toʻplam 2021-yil 8-fevral kuni A.Navoiy tavalludining 580-yilligi munosabati bilan elchixona tomonidan tashkil etilgan Britaniya-Oʻzbekiston xalqaro madaniy forumi doirasida rasman taqdim etilgan edi.

Maʼlumot tariqasida shuni ham qayd etish joizki, 2021-yilda britaniyalik shoir oʻzbekistonlik tarjimon va adabiyotshunos Aidaxon Bumatova va Avazxon Haydarov bilan oʻzaro hamkorlikda Alisher Navoiyning qator gʻazallari va Abdulhamid Choʻlponning sheʼrlarini ilk bor oʻzbek tilidan ingliz tiliga tarjima qildi. Mazkur tarjimalar toʻplami “12 Ghazals by Alisher Navoiy and 14 Poems by Abdulhamid Choʻlpon” nomi osida chop etildi. Ushbu kitobning rasmiy taqdimoti oʻtgan yil 30-sentyabr kuni elchixona binosida boʻlib oʻtgandi.

Britaniyalik shoir Endryu Staniland onlayn-muloqot chogʻida bobokalonimiz, gʻazal mulkining sultoni tavalludi kuni munosabati bilan hazrat Alisher Navoiyning insoniyatga tuhfa etgan boy maʼnaviy-madaniy va ilmiy merosi haqidagi fikr-mulohazalarini bayon etdi.